AGRAR MASALA

AGRAR MASALA — qishloq xo’jaligida yerga egalik qilish, yerdan foydalanish, xo’jalik yuritish usullari yuzasidan paydo bo’lgan va har bir davrda o’z yechimini talab qiluvchi masala. Agrar masala qishloqdagi agrar munosabatlar taraqqiyotga to’sqinlik qilgan kezlarda paydo bo’ladi, uni hal etish taraqqiyot omili hisoblanadi. Yer eng noyob va betakror iqtisodiy resurs, uni yangidan yaratib bo’lmaydi, uni saqlab, undan avaylab foydalanish asosida samarali xo’jalik yuritish mumkin. Yerga mulkchilik shakli undan yaxshi foydalanishga imkon bermay qo’yadi, xo’jalik yuritish usullari eskirib qoladi, ularni yangilash zarurati Agrar masalani yuzaga chiqaradi, chunki yerda mehnat qiluvchilar yer mulkidan mahrum bo’ladilar, yer unda ishlovchilardan ajralib qoladi, xo’jalik yuritmay yerni ijaraga beruvchi zamindorlar yerning holatiga befarq qaraydilar, yer o’z egasini topmay qoladi. Yer egasiz bo’lganidan tuproq hosildorligi va qishloq xo’jalik unumdorligi pasayadi — qishloq xo’jligida inqiroz yuz beradi. Uni bu holatdan chiqarish uchun Agrar masalani yechish kerak bo’ladi. Agrar masala agrar islohotlar asosida hal etiladi.