AGROBIOSENOZ

AGROBIOSENOZ (Yunoncha Agro… va biosenoz) — odamning dehqonchilik yuritish jarayonida (qishloq xo’jaligi ekinlari ekish, bog’lar barpo etish va boshqalar) tarkib topgan muayyan hududlar (maydonlar)dagi har xil o’simlik va hayvon (mikroorganizm) lar jamoasi. Agrobiosenoz organizmlarning tabiiy jamoadan farqi shundaki, uni tashkil qiluvchi komponentlarning soni, rivojlanish intensivligi va yashash muddati doimo inson faoliyati ta’sirida bo’ladi. Agrobiosenoz hayvonot olami, asosan hasharotlardan (ko’pchiligi zararkunanda) iborat. Muayyan turdagi begona o’tlar bilan birga tirik organizmlarning shakllanishida madaniy o’simliklar belgilovchi shart-sharoit hisoblanib, Agrobiosenozning energetik asosini tashkil etadi. Natijada har bir madaniy o’simlik turiga xos Agrobiosenoz hosil bo’ladi. Agrobiosenoz flora va faunani anchagina o’zgartirib yuboradi, shuning uchun rasional Agrobiosenoz yaratish uning komponentlarini aniq hisobga olishni, ular sonini boshqarishda ilmiy asoslangan usullarni qo’llashni, kimyoviy vositalar (o’g’itlar, pestisidlar va boshqalar) dan to’g’ri foydalanishni talab qiladi.