AGROIRRIGATSION QATLAM

AGROIRRIGATSION QATLAM, agroirrigatsion gorizont —dehqonchilik faoliyati (sug’orish, haydash va o’g’itlash) natijasida hosil bo’lgan tuproq qatlami. Bu qatlam asosan tuproqning uzoq vaqt (ba’zan asrlar davomida) sug’orilishi natijasida suvda oqib kelgan loyqalar, oqiziqlarning har yilgi cho’kishi, yerga eski qo’rg’on devorlarini solish va boshqalardan paydo bo’ladi. Zarafshon, Buxoro, Xorazm, Tajan vohalarida Agroirrigatsion qatlamning qalinligi 1 — 2 metr va undan ortiqni tashkil etadi. Har bir vohaga Agroirrigatsion qatlamning ma’lum tipi xos. Bu daryo suv havzasining geologik tuzilishiga, oqim sharoiti, sug’orish tizimi rejimiga, dehqonchilik madaniyati va boshqalarga bog’liq. Tuproq hosil bo’lish jarayonida Agroirrigatsion qatlamning kimyoviy va fizik xossalari hamda morfologik tuzilishi o’zgarib boradi. Bunday tuproq chirindi, azot, fosfor, kaliy va b.ga boy, rangi va mexanik tarkibi deyarli bir xil bo’lib, bu belgilari bilan Agroirrigatsion qatlam allyuviy va prolyuviy yotqiziqlardan farq qiladi. Uning qalinligi sug’orish davrining ko’hnaligi, suvning loyqaligi va suvdagi moddalarning tarkibiga bog’liq.