AGROMETEOROLOGIK YILNOMA

AGROMETEOROLOGIK YILNOMA — muayyan hududdagi agrometeorologik stansiya va postlarning kuzatish natijalari jamlangan yillik ma’lumotlar to’plami. Ko’pgina mamlakatlarda Gidrometeorologiya boshqarmalari tomonidan nashr qilinadi. Agrometeorologik yilnomada tuproq haydalma qatlamining bahor va qish fasllaridagi harorati, kuzgi ekinlar ekilgan maydonlardagi qor qoplamining qalinligi, ekin ekilgan maydonlarda tuproqning namlanish darajasi, qishloq xo’jalik ekinlari rivojlanishining asosiy davrlari boshlanadigan kunlar, kuzatish maydonchalaridagi agrotexnika, olingan hosil haqidagi ma’lumotlar va boshqa jadval ko’rinishida beriladi. Agrometeorologik yilnomada ayrim umumiy meteorologik ma’lumotlar: o’rtacha o’n kunlik havo harorati, 5, 10 va 15° dan yuqori bo’lgan samarador haroratlar yig’indisi, qish fasli va vegetasiya davridagi meteorologik sharoitlar tavsifi, jumladan noqulay ob-havo hodisalari haqida ma’lumotlar ham keltiriladi. Bundan tashqari Agrometeorologik yilnoma yilning agrometeorologik sharoiti haqidagi qisqa sharhni ham o’z ichiga oladi. Asosiy meteorologik ma’lumotlar oylik agrometeorologik to’plamlarda ham nashr etiladi.