AGROMETEOROLOGIYA STANTSIYASI
AGROMETEOROLOGIYA STANTSIYASI — qishloq xo’jalik ishlab chiqarishiga Gidrometeorologiya xizmati ko’rsatadigan ixtisoslashgan bo’linma. Agrometeorologiya stansiyasining asosiy vazifasi standartli, rejimli, meteorologik va agrometeorologik kuzatishlar; maxsus tematik kuzatishlar; qishloq xo’jalik tashkilotlariga tezkor xizmat ko’rsatish (ob-havo va agrometeorologik prognozlarni yetkazib berish); noqulay ob-havo hodisalari haqida shoshilinch ogohlantirish; ekinlarning o’sish va rivojlanishining agrometeorologik sharoitlari haqida ma’lumotnoma; iqlim resurslaridan unumli foydalanish uchun qishloq xo’jalik ishlab chiqarishini va ekinzorlarni joylashtirishni optimal rejalash bo’yicha tavsiyalar ishlab chiqish va shu kabilar; o’ziga birkitilgan maxsus stansiya va postlar bajaradigan ishlarga ilmiy tadqiqot instituti bilan hamkorlikda uslubiy rahbarlik qilish; yangi va takomillashgan kuzatish usullarini, yangi asboblarni sinovdan o’tkazish, mavjudlarini takomillashtirish va hokazolardan iborat. Umumiy rejimdagi Agrometeorologiya stansiyasidan tashqari maxsus, alohida ekinlar, masalan, g’o’za bo’yicha kuzatish olib boradigan ixtisoslashtirilgan stansiyalar ham mavjud (O’zbekistonda — Dahbed, G’allaorol, Tojikistonda — Hisor, Turkmanistonda — Yo’lo’tan va Ozarbayjonda — Ja’farxon stansiyalari). To’plangan ma’lumotlar qishloq xo’jaligini agrometeorologik axborot bilan ta’minlashda, agrometeorologik qo’llanmalar, prognozlar, ma’lumotnomalar va agrometeorologik tavsiyalar (defoliatsiya muddatlari, birinchi mashina terimini ob-havo sharoitiga va ko’saklarning ochilganiga qarab belgilash va hokazolar) tuzishda foydalaniladi. O’zbekistonda 62 meteorologiya va 2 Agrometeorologiya stansiyalari ish olib boradi (1999).