AGRONOMIYA
AGRONOMIYA (Yunoncha agros — dala va nomos — qonun) — dehqonchilik qonun-qoidalari haqidagi fan. Agronomiya dehqonchilikning ilmiy asosi, uning hamma sohalariga doir ilmlar majmuidir. Agronomiyaning asosiy bo’limlari: umumiy dehqonchilik, o’simlikshunoslik, selektsiya, urug’chilik, urug’shunoslik, agrokimyo, tuproqshunoslik, agrofizika, qishloq xo’jalik mikrobiologiyasi, fitopatologiya, entomologiya, qishloq xo’jalik melioratsiyasi. Ilmiy Agronomiya o’simliklar fiziologiyasi, biokimyosi, qishloq xo’jalik meteorologiyasi, genetika, mikrobiologiya, kimyo, fizika, matematika, biofizika va boshqa tabiiy fanlarga asoslanib ish olib boradi. Agronomiya laboratoriya, vegetatsion, lizimetrik va dala tajribalarini o’tkazib, har xil usullardan foydalanib eksperimental ma’lumotlar oladi. Agronomiya insonning amaliy faoliyati natijasida vujudga kelgan, ishlab chiqaruvchi kuchlarning o’sishi, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarning o’zgarishi va tabiiy fanlarning ravnaq topishi bilan bog’liq holda rivojlandi. Dastlab odamlar turli o’simliklarni o’rganish, ularni madaniylashtirish, parvarishlash, uy hayvonlarini boqish tajribalariga asoslandi, keyinroq esa yer haydash, ekinlarni sug’orish va parvarishlashni tuproq — iqlim sharoitiga moslab tabaqalashtirish usullarini o’rgandi; ekinlar hayotida suv, oziq moddalarning ahamiyati va ularning ekin hosiliga ta’siri aniqlandi. Keyinchalik kimyo, o’simliklar fiziologiyasi kabi fanlar taraqqiyoti Agronomiyaga ham ijobiy ta’sir ko’rsatdi. Kimyo va o’simliklar fiziologiyasining mustaqil fan sifatida ajralib chiqishi, nemis kimyogari Yu. Libix tomonidan o’simliklar mineral oziqlanishi nazariyasining yaratilishi Agronomiyaning yangi tarmog’i — agrokimyoning rivojlanishiga, uni Ya. Nala kengroq o’rganilishiga katta ta’sir ko’rsatdi. Frantsuz kimyogari J. Bussengo o’simliklar azotni tuproqdan o’zlashtirishini aniqlab berdi. Dehqonchilikda shudgor (toza shudgor) tizimi o’rnini ekinlarni navbatlab ekish tizimi egalladi. Keyinchalik dehqonchilikni kimyolashtirish (o’g’itlardan foydalanish, yerni ohaklash va boshqalar), o’simliklarni himoya qilish muvaffaqiyatli rivojlandi. O’simlik, tuproq hamda o’g’itlar o’rtasidagi o’zaro ta’sir mexanizmini aniqlash va undan qishloq xo’jalik o’simliklarini yetishtirishda foydalanish uchun amaliy tadbirlar tuzishda D. N. Pryanishnikov; o’simliklarning ildiz va havo oziqlanishi nazariyasini ishlab chiqishda K. A. Timiryazev; nitrifikasiya jarayonini amalga oshiradigan bakteriyalar, atmosferadagi azotni o’zlashtiruvchi mikroorganizmlarni aniqlashda S. N. Vinogradskiy; madaniy o’simliklarning kelib chiqish markazlari va evolyutsiyasi haqidagi ta’limotni hamda selektsiyaning ilmiy asoslarini yaratishda N. I. Vavilov; o’simliklarning geografi uzoq formalarini chatishtirish yo’li bilan qishloq xo’jalik ekinlarining yangi forma va navlarini yaratish nazariyasini ishlab chiqqan N. V. Tsisin; bug’doy selektsiyasining samarali usullarini yaratgan V. N. Remeslo; kuzgi bug’doyning ko’pgina navlarini yaratgan P. P. Lukyanenko; kungaboqar selektsiyasi hamda urug’chiligining samarali usullarini ishlab chiqqan V. S. Pustovoyt va boshqa agronomik fanlarning rivojlanishiga munosib hissa qo’shdilar. Ota-bobolarimiz qishloq xo’jalik ekinlarining hosildorligini oshirish, bog’dorchilik va dehqonchilik agrotexnikasini takomillashtirish ustida tinimsiz izlanish olib borganlar. Meva daraxtlari, poliz ekinlarining yangi navlarini yaratish, zararkunandalarga karshi kurash olib borish usullarini ishlab chiqqanlar. Bu fan Sharkda Ziroatnoma ilmi deb atalgan. O’zbekistonda Agronomiya taraqqiyotida 20 — 30-yillarda va undan keyin tashkil etilgan qishloq xo’jalik tajriba stansiyalari hamda ilmiy tadqiqot instituti boshqalarning ahamiyati katta bo’ldi. O’zbekistonlik olimlar g’o’zaning 130 dan, sholining 20 dan, sabzavot va poliz ekinlarining 50 dan, meva-rezavor hamda tokning 60 dan ortiq, bedaning 15 ga yaqin navini yaratdilar va bu navlar mamlakatda hamda qo’shni davlatlarda rayonlashtirildi. Sug’oriladigan yerlar unumdorligini tubdan yaxshilashga qaratilgan dehqonchilikning yangi tizimi ishlab chiqildi. Sug’orma dehqonchilikda yerni haydash, yerga ekishdan oldin va ekin qator oralariga ishlov berish kabi ishlar to’la mexanizasiyalashtirildi, ekinlarda uchraydigan kasalliklar va zararkunandalarga qarshi kurashning biologik va kimyoviy usullari ishlab chiqildi. Tuproq sho’rlanishiga qarshi agrotexnik tadbirlar, kimyoviy usullar qo’llanilmoqda, ekinlarni yomgirlatib va tomchilatib sug’orish usullari ishlab chiqarishga joriy etilmoqda. Abdurahim Ermatov.