AGROSANOAT INTEGRASIYASI
AGROSANOAT INTEGRASIYASI – qishloq xo’jalik va sanoat tarmoqlarining iqtisodiy, fan-texnika, texnologiya va boshqa xo’jalik imkoniyatlarini birlashtirish (qo’shish) orqali ishlab chiqarish va mehnatning umumlashtirilishi. Xom ashyo ishlab chiqarish va uni qayta ishlashni o’zaro muvofiq holda rivojlantirish kooperasiya (to’g’ridan to’g’ri kontraktatsiya va shartnoma asosida), shuningdek kombinasiya (xom ashyo yetishtiradigan va uni qayta ishlaydigan korxonalarning tashkiliy birlashishi) yo’li bilan olib boriladi. Integrasiya jarayonlari, asosan agrosanoat korxonasi ko’rinishida eng izchil rivojlanadi. Boshqarish, rejalashtirish, birgalikda fondlar, moddiy-texnika ta’minotini markazlashtirish, korxonalar, yordamchi xizmat muassasalari yaratish va boshqa pirovard mahsulot olish uchun ishlab chiqarishdagi barcha bosqichlarning uzviy birlashishiga zamin yaratdi. Agrosanoat integratsiyasining rivojlanishi, bir tomondan, qishloq xo’jalik sohasiga boshqa sohalarning, birinchi navbatda sanoatning kirib kelishini, ikkinchi tomondan, qishloq xo’jalik ishlab chiqarishining borgan sari umumiy xalq xo’jaligi bilan uyg’unlashib borishini anglatadi. Tarmoqlararo balans hisob-kitoblariga ko’ra, hozirgi paytda qishloq xo’jalik sanoatdagi asosiy tarmoqlarning yarmidan ko’prog’i mahsulotlaridan foydalanmoqda. Qishloq xo’jalikning sanoat va xalq xo’jaligidagi boshqa tarmoqlari bilan qo’shiluvi qaysi darajada sodir bo’lmasin, ob’yektiv jarayon — integratsiyani bildiradi. Integratsiya natijasida agrar va sanoat faoliyatlarini umumiy texnologik jarayon asosida yagona xo’jalik majmui tarzida birlashtiradigan agrosanoat korxonalari, mahsulot yetishtirish, qayta ishlash va tayyor mahsulot olishning barcha bosqichlarini o’z ichiga oladigan hududiy, tashkiliy va texnologik birlashgan korxonalar majmui bo’lgan agrosanat birlashmalari va mamlakat xalq xo’jaligi miqyosida agrosanoat maekmui yuzaga keladi. O’zbekistonda Agrosanoat integratsiyasining mahsuli bo’lgan dastlabki agrosanoat korxonalari va agrosanoat birlashmalari paxtachilik, qorako’lchilik, bog’dorchilik sohalarida 20-asrning 60-yillarida paydo bo’lgan (“Sovxoz-zavod”, “Kolxoz-zavod”lar). 90-yillarning 2-yarmidan agrofirmalar tuzila boshladi. Agrosanoat integratsiyasi agrosanoat ishlab chiqarishning mazmuni, agrosanoat korxonalari, agrar-sanoat birlashmalari va agrar-sanoat majmualari bu jarayonning turli shaklda rasmiylashuvidir. Qishloq xo’jaligida Agrosanoat integratsiyasi rivoji fan-texnikaning yangi yutuqlariga tayangan holda eng yuqori mehnat unumdorligini ta’minlash va xarajatlarni keskin kamaytirishga xizmat qiladi.