AHMEDOV HOJIAKBAR
AHMEDOV HOJIAKBAR (1906.1.6, hozirgi Namangan tumani Xonobod qishlog’i — 1980.5.3, Namangan) — o’zbek xonandasi (bariton) va aktyor. O’zbekiston xalq hofizi (1939). Hamnafaslari Ja’farxon Umarov va Jamolqori G’iyosovlar bilan birga katta Farg’ona kanali, shimoliy Toshkent kanali qurilishlarida qatnashgan. Namangan musiqali drama teatrida (1934-41), Muqimiy teatrida (1941— 62) ishlagan. Sardor (“Tohir va Zuhra”), Xisrav (“Farhod va Shirin”), Dehqon ota (“Oftobxon”), Hoji, Go’ro’g’li (“Nurxon”, “Ravshan va Zulxumor”), Rais (“Oltin ko’l”), Madumar (“Vatan ishqi”) va boshqa obrazlarni yaratgan. Repertuaridan katta ashula, ommabop o’zbek qo’shiqlari o’rin olgan: “Hormangiz”, “Kanalimga keling”, “Ey, ko’ngil”, “Ilg’or suvora”, “Bir qamar”, “Mehnat ila”, “Hur diyorim”, “O’zingdandir”, “O’rgandim” va hokazolar. Namangan tumanidagi bolalar musiqa maktabiga Ahmedov nomi berilgan.