AJABSANDA

AJABSANDA — bug’da pishiriladigan quyuq taom. Pishirish usuli: katta va kichik 2 ta idish olinadi. Kichik idishga masalliq (to’rtburchak qilib to’g’ralgan kartoshka, to’g’ralgan sabzi, pomidor, piyoz, sarimsoq, lo’nda-lo’nda to’g’ralgan go’sht-yog’) qavat-qavat qilib taxlanadi (qavatlarning har biriga loyiq tuz, murch, zira va kertilgan oshko’klar solinadi). Keyin masalliq idishi bilan katta idishdagi suvga qo’yiladi. Kichik idish ochiq qolib, katta idish qopqog’i jips yopiladi, 1,5—2 soat qaynatiladi. Ajabsanda xushxo’r, bug’da pishgani uchun yaxshi hazm bo’ladi, masalliqlar tarkibidagi vitaminlar, mineral moddalar, har xil kislota va boshqa foydali moddalar saqlanib qoladi. Ad.: Mahmudov K., O’zbek tansiq taomlari, T., 1989.