AKA-UKA GRIMMLAR

AKA-UKA GRIMMLAR, Yakob (1785. 4.1, Xanau shahri – 1863.20.9, Berlin) Vilgelm (1786.24. 2, Xanau shahri — 1859.16.12, Berlin) — nemis Filolog olimlari. Marburgda yuridik ma’lumot olishgan. Aka-uka Grimmlarning ilmiy-pedagogik faoliyati Gyottinggen universitetida boshlangan. 1837 yilda Konstitutsiya qonunlariga rioya qilmagani uchun Gannover qiroliga qasamyod qilishdan bosh tortishgan va universitet professori lavozimlaridan chetlatilgan. 1841 yildan Berlin universitet professorlari va Prussiya Fanlar Akademiyasi a’zolari sifatida faoliyat olib borishgan. Aka-uka Grimmlar nemis romantiklarining Geydelberg guruhiga mansub bo’lib, o’rta asrlar nemis yozma madaniyati namunalarini e’lon qilishgan va shu davrda yashagan minnezinger va meysterzingerlar ijodini o’rganishgan. Aka-uka Grimmlar nemis folklorshunosligida mifologik maktabga asos solganlar, xalq ijodini, tilshunoslikka oid ishlarida bo’lganidek, qiyosiy metod asosida o’rganganlar. “Nemis mifologiyasi” (1835) kitobi va hayvonot eposining paydo bo’lishi haqidagi nazariyasi nafaqat nemis folklori, balki turli xalqlar mifologiyasini o’rganishda muhim rol o’ynagan. Har biri 2 jilddan iborat nemis xalq ertak va rivoyatlari (“bolalar va oila ertaklari”, “nemis rivoyatlari”) ning nashr etilishi Aka-uka Grimmlarning eng katta xizmati hisoblanadi. Ular ertak va rivoyatlarni yozib olishda xalq tili va fantaziyasining o’ziga xosligini to’la saqlab qolishni folklorshunoslikning asosiy tala-bi, deb bildilar va har bir ertakka bergan izohlarida shu ertaklarning Yevropa xalklari folkloridagi barcha nusxalarini qayd etishga intildilar. Ularning fikriga ko’ra, ertaklar olamidagi mushtaraklik “otamif” ning mavjudligi va uning yagona ajdodning merosi sifatida turli xalqlar o’rtasida tarqalganligi bilan izohlanadi. Bu mifologik nazariya uzoq yillar mobaynida hukm surganiga qaramay, keyingi vaqtda o’z tasdig’ini topmadi. Aka-uka Grimmlar filolog olimlar sifatida 2 jildli “nemis tili tarixi” (1848) va 4 jildli “nemis grammatikasi” (1819-37) tadqiqotlarini ham yaratganlar. Aka-uka Grimmlarning ertaklari jahon xalkqlarining ko’plab tillariga tarjima qilingan va bu ertaklar asosida teatr, kino, musiqa va tasviriy san’at asarlari yaratilgan.