AKADEMIYA
AKADEMIYA (Yunoncha — Akademos — afsonaviy qahramon akadem nomidan)— ko’pgina ilmiy muassasa, jamoat tashkilotlari, o’quv yurtlarining nomi. Miloddan avvalgi 4 – asrda Platon (Aflotun) asos solgan yunon falsafiy maktabi, Afina yaqinidagi joy ham uning nomi bilan atalgan. Sharq mamlakatlarida Akademiya tarzidagi muassasa va jamiyatlar 8-9-asrlarda tarkib topa boshlagan. Xususan, Arab xalifaligida Horun ar-Rashid hukmronligi davri (786-809) da “Bayt ul-hikmat” (“Hikmat xonasi”)ga asos solinib, xalifa Ma’mun hukmronligi davri (813— 833)da “Bayt ul-hikmat”ning faoliyati yanada rivoj topgan, uning rasadxonasi va katta kutubxonasi bo’lgan (buyuk matematik Muso Xorazmiy va astronom Ahmad Farg’oniy shu yerda ishlagan). Mashhur olim va shoir Ibn Xamdon (935 yil vafot etgan) Mosul shahrida kutubxonali “Dor ul-ilm” (“Ilm uyi”) ochgan va bu joy ilmga intilganlarning kirishi uchun bemalol bo’lgan. Bunday Alar Bag’dodda, shuningdek Misrda ham ochilgan. 1010 yilda Urganchda Mamun akademiyasiga asos solingan. Abu Rayhon Beruniy shu Akademiyaning rahbari bo’lgan (bu Akademiya doirasida Abu Ali ibn Sino, faylasuf Abu Saxl Masihiy, tabib Abulhasan Hammor va boshqalar ish olib borishgan). Amir Temur tomonidan Samarqandda to’plangan olim, yozuvchi va me’morlar 15 – asr fani va madaniyati taraqqiyotiga munosib hissa qo’shganlar. Ulug’bek madrasasi va rasadxonasi ham o’z davrining Akademiyasidir; bu Akademiya Qozizoda Rumiy, G’iyosiddin Jamshid al-Koshiy, Ali Qushchi va boshqa buyuk matematik hamda astronomlarni birlashtirgan. 15- asrning 2 – yarmida ilmiy va madaniy markazga aylangan Hirotda, Navoiy atrofida olim, yozuvchi, rassom, sozanda va boshqalardan tarkib topgan o’ziga xos ilmiy va badiiy jamiyat yuzaga kelgan. Hirot miniatyura maktabini o’rta asr sharqida davlat tomonidan ta’sis etilgan birinchi badiiy Akademiya deb hisoblash mumkin (Behzod shu Akademiyaning eng yirik vakilidir). 15 16-asrlarda Yevropada (Italiyada) turli ilmiy jamiyatlar Akademiya deb atala boshlagan; ularning faoliyati asosan ijtimoiy fanlar yo’nalishida bo’lgan. 17-asrda bir qancha ilmiy jamiyatlar — Akademiyalar tuzilib, ular asosan tabiatshunoslik masalalari bilan shug’ullangan. 17-asrning 2 – yarmidan davlat hokimiyati yordami bilan bir qancha mamlakatlarda milliy ilmiy markaz sifatidagi Akademiyalar tuzildi; masalan, Londondagi Qirollik jamiyati (1660), Parij Fanlar Akademiyasi (1666), Berlindagi Prussiya Fanlar Akademiyasi (1700), Peterburg Fanlar Akademiyasi (1724). Hozirgi vaqtda kompleks turdagi Fanlar Akademiyasi yoki ularga o’xshash muassasalar ko’p mamlakatlarda bor; bu mamlakatlarning ko’plarida fan yoki madaniyatning biror tarmog’ini qamragan soha Akademiyalari ham mavjud. O’zbekistonda O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi mamlakatning oliy ilmiy tashkiloti hisoblanadi; O’zbekistonda O’zbekiston Respublikasi badiiy akademiyasi ham mavjud. O’zbekiston va ba’zi mamlakatlardagi ayrim oliy o’quv yurtlari ham Fanlar Akademiyasi deb ataladi (masalan, O’zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlarining Harbiy Akademiyasi, O’zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Rossiyadagi K. A. Timiryazev nomidagi Moskva qishloq xo’jalik Akademiyasi). Shuningdek respublikamizda Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi ham faoliyat yuritadi.