Akademiya
Akademiya (yunoncha Akademos)-ko’pgina ilmiy muassasa, jamoat tashkilotlari, o’quv yurtlarining nomi. Miloddan avvalgi IV asrda Platon (Aflotun) asos solgan yunon falsafiy maktabi, Afina yaqinidagi joy ham uning nomi bilan atalgan. Sharq mamlakatlari Akademiya tarzidagi muassasa va jamiyatlar VIII-IX asrlarda tarkib topa boshlagan. Xususan, arab xalifaligida Horun ar-Rashid hukmronligi davrida (786-809)da “Bayt ul-hikmat” (Hikmat xonasi)ga asos solinib, xalifa Ma’mun hukmronligi davri (813-833)da “Bayt ul-hikmat”ning faoliyati yanada rivoj topgan, uning rasadxonasi va katta kutubxonasi bo’lgan (buyuk matematik Muso Xorazmiy va astronom Ahmad Farg’oniy shu yerda ishlagan). 1010 yili Urganchda Ma’mun Akademiyasiga asos solingan. Amir Temur tomonidan Samarqandda to’plangan olim, yozuvchi, me’morlar fan va madaniyat taraqqiyotiga munosib hissa qo’shganlar. Ulug’bek madrasasi va rasadxonasi ham o’z davrining Akademiyasidir; XV asrning 2-yarmida ilmiy va madaniy markazga aylangan Hirotda Navoiy atrofida olim, yozuvchi, rassom, sozanda va boshqalardan tarkib topgan o’ziga xos ilmiy va badiiy jamiyat yuzaga kelgan. Hirot miniatyura maktabini o’rta asr Sharqida davlat tomonidan ta’sis etilgan birinchi badiiy Akademiya deb hisoblash mumkin (Behzod shu Akademiyaning eng yirik vakilidir). XV-XVI asrlarda Yevropada (Italiyada) turli ilmiy jamiyatlar. Akademiya deb atala boshlagan; ularning faoliyati, asosan, ijtimoiy fanlar yo’nalishida bo’lgan. XVII asrda bir qancha ilmiy jamiyatlar – Akademiyalar tuzilib, ular, asosan, tabiatshunoslik masalalari bilan shug’ullangan. XVII asrning 2-yarmidan davlat hokimiyati yordami bilan bir qancha mamlakatlarda milliy ilmiy markaz sifatidagi Akademiyalar tuzildi; masalan, Londondagi Qirollik jamiyati (1660), Parij FA (1666), Berlindagi Prussiya FA (1700), Peterburg FA (1724). Hozirgi vaqtda kompleks turdagi FA yoki ularga o’xshash muassasalar ko’p mamlakatlarda bor; bu mamlakatlarning aksarida fan yoki madaniyatning biror tarmog’ini qamragan soha Akademiyalari ham mavjud.