AKATSIYA

AKATSIYA — burchokdoshlar oilasiga mansub daraxt va butalar: 1) chin Akatsiya (Acacia) — mimozadoshlar kenja oilasiga mansub daraxt. 500 ga yaqin turi bor. Ko’proq Avstraliya (250 dan ortiqroq turi), qisman Afrika va Arabiston yarim orolida tarqalgan. Keyingi vaqtda Akatsiyaning ba’zi turlari boshqa joylar (qora dengiz sohillari) da ham iqlimlashtirilgan. Chin Akatsiya mayda patsimon bargli, to’pgullari erta bahorda ochiladigan bo’lgani uchun xushmanzara o’simlik sifatida o’stiriladi. Senegal, Efiopiya va Arabiston Akatsiyalaridan Aqoqiyo, ko’pchilik chin Akatsiya turlarining po’stlog’idan oshlovchi moddalar olinadi; ba’zi chin Akatsiya turlarining mevasi va yog’ochida ham oshlovchi va yelim moddalar bor; yog’ochi mebel ishlab chiqarishda foydalaniladi; 2) oq Akatsiya yoki soxta Akatsiya (Robinia pseudoacacia) — kapalakguldoshlar kenja oilasiga mansub daraxt; 3) sariq Akatsiya (Caragana arborescens) — buta tarzida o’sadi.