AKKRETSIYA
AKKRETSIYA — Koinot jismiga (ayrim turdagi yulduzlar, galaktikalar yadrolari va boshqalar) atrof muhitdan yoki qo’shni ob’yektdan moddaning uzluksiz tushib borish jarayoni. Kuzatuvlarga ko’ra, Galaktikamiz juda ham zich qo’shaloq yulduzlarga boy va, xususan, yangi yulduz hodisasi ko’pincha aynan ularda ro’y bermoqda. Fizik va dinamik bog’langan qo’shaloq yulduzning biri oddiy yulduz bo’lsa, uning sirtidan asosan vodoroddan iborat modda ikkinchi komponentga — oq mittiga tushib yig’ilib boradi. Oq mittining o’z vodorodi allaqachon yonib tugagani, yig’ilayotgan vodorod massasi va temperaturasi esa asta oshib borishi sababli to’satdan termoyadro reaktsiyasi sodir bo’lib, yangi yulduz hodisasi kuzatilishi mumkin. Pulsarlar atrofida esa Akkretsiya hodisasi sodir bo’lish-bo’lmasligi ularning yoshiga bog’liq. Yosh pulsar yuqori energiyali zarrachalar manbai bo’lgani uchun unda Akkretsiya yuz bermaydi. Pulsar yoshi taxminan 106— 107 yilga yetgach Akkretsiya ro’y bera oladi. Pulsar sirtidagi gravitasion potentsial 0,15 S2 ekanligi sababli (s — nur tezligi), agar u qo’shaloq tizim a’zosi bo’lsa, Akkretsiya tufayli kuchli rentgen nurlanishi vujudga keladi. Kosmik apparatlardan olib borilgan kuzatuvlar yordamida qator rentgen pulsarlari (Sep X—3, Her X—1 va boshqalar) topilgan. Qora o’ralar yaqinidagi ayrim faol jarayonlar ham Akkretsiya modeli yordamida oson va to’g’ri tushuntirilmoqda. Umumiy holda Akkretsiya turlarini 3 sinfga ajratish mumkin: disksimon, sferik va nosimmetrik. Bular ichida disksimon Akkretsiya yaxshi o’rganilib, adabiyotda akkresion disk atamasi tez-tez uchrab turadi. Gap shundaki, oddiy yulduzdan relyativistik yoki kompakt (zichligi katta, o’lchami kichik) yulduzga oqib tushayotgan massa impuls momentiga ega bo’lib, u Akkretsiya diskini hosil qiladi. Bu moment yo’qolmagunga qadar Akkretsiya massasi kompakt yulduzga tusha olmaydi. Shu sababli, uning atrofida aylanuvchi akkretsion disk vujudga keladi. Akkretsiya natijasi kompakt yulduzning magnit maydoniga ham bog’liq. Diskning eng qaynoq ichki qismida issiqlik va dinamik beqarorliklari yuz beradi. Markazdan tarqalayotgan nurlanish bosimi va elektromagnit kuchlar ta’sirida Akkretsiya diskining o’qi yo’nalishlari bo’ylab moddaning harakat tezlanishi yuz beradi. Bu kuzatilayotgan faol jarayonlar sababli bo’lishi kerak. Kvazarlar va galaktikalar yadrolari faolligi ham Akkretsiya diski modeli yordamida tushuntiriladi. Salohiddin Nuriddinov.