AKROBATIKA

AKROBATIKA (Yunoncha akrobotes — oyoq uchida yuraman, yuqoriga chiqaman) — 1) gimnastika shaklidagi jismoniy mashqlar turi; 2) sakrash, sport uskunalariga tayanib yoki ularsiz muvozanatni saqlab bajariladigan, kuch, epchillik namoyish qilinadigan va boshqa maxsus jismoniy mashqlar majmuasi, sport turi. Sport Akrobatikasi 20-asr 30 – yillarida paydo bo’ldi. Bu sport turida sakrash mashqlari quyidagicha bajariladi: aylanishlar, do’mbaloq oshishlar, salto. Bu harakatlarni bajarganda sportchi avvalo o’z muvozanatini, so’ng sheriklarining muvozanatini saqlashi zarur. Akrobatika musobaqalari kuyidagi turlarga bo’linadi: akrobatik sakrashlar (erkak va ayollar); aralash juftliklar mashqi (erkak va ayol); erkaklar juftlik mashklari; ayollar guruhli mashqlari; erkaklar guruhli mashqlari (ikki yoki to’rt kishi); batut (sakragich) ustida (erkaklar va ayollar) mashklari. Xalqaro sport Akrobatikasi federatsiyasiga (1973 yil asos solingan) 29 mamlakat a’zo (1987). 1974 yildan jahon, 1978 yildan Yevropa chempionati o’tkaziladi. Akrobatika sporti O’zbekistonda 1936 yildan rivojlana boshladi. O’zbekiston Respublikasida N. Lakiza, M. Teshaboyev, M. Tojiyev, D. Kostin, R. Isyanov, V. Babich, M. Qodirova, Ya. Muhamedov mashhur akrobatchilardir; 3) tsirk san’ati janri. Misr, Yunoniston, Rim, Vizantiya, Xitoy, Yaponiyada qadimdan ma’lum. O’rta asrlarda Akrobatika Turkiston masxarabozlik san’atidan o’rin egallab, dorbozlikda keng qo’llanilgan. Boshqa mamlakatlarda mim janrida chiquvchilar (Italiyada), jonglyorlar (Frantsiyada) faoliyatida namoyon bo’lgan. 18-asr oxirlaridan tsirkda keng tarqaldi. Asosan, dinamik va statik mashqlarga bo’linadi. Dinamik mashqlar umbaloq oshish, to’ntarilish, salto (turgan joyda muallaq holda umbaloq oshib, yana o’z vaziyatiga qaytish) harakatlaridan; statik mashqlar turli vaziyatda muvozanat saqlash, chalqanchasiga ag’darilib, gavdani “ko’prikcha” qilish kabi mashqlardan iborat. Kuch Akrobatikasi (qo’lda yoki boshda turish, muvozanat saqlash), sakrash Akrobatikasi (ikki yoki undan ortiq kishining sakrashi, Flik-Flyak, saltomortale, g’ildiraksimon sakrash va boshqalar), yelka Akrobatikasi (3 kishidan kam bo’lmagan holda, ulardan biri yelkadan yelkaga sakraydi), komik Akrobatika (masxarabozlar grimda chiqib tasodifan qoqilib ketgandek bo’lib, tomoshabinlarni kuldiradi, dor, to’rnik, batut va manej ustida kulgili mashklar bajaradi) va boshqa Akrobatika o’yinlari bor. Ot ustida Akrobatika (chopib ketayotgan ot ustida mashqlar bajarish) zamonaviy tsirkda asosiy janrlardan biri. O’zbekiston tsirk va estrada dasturlarida Akrobatikadan keng foydalaniladi. Maxsus (tsirk, teatr) o’quv yurtlarida Akrobatika alohida daryo sifatida o’qitiladi.