AKTINOMIKOZ
AKTINOMIKOZ (aktino… va Yuoncha mykes — zamburug’) — turli nursimon zamburug’lar — aktinomisetlar keltirib chiqaradigan yuqumli kasallik. Odamda kam uchraydi; ko’pincha hayvonlar (aksari qoramollar) kasallanadi. Aktinomikoz bilan asosan jag’ va bo’g’im sohasi, qorin bo’shlig’i a’zolari, shuningdek o’pka kasallanadi. Aktinomikoz paydo bo’lgan joyning tagi qattiq tortib, berchlashadi va madda yig’ib, bir qancha vaqtdan keyin yoriladi; bunda yaradan yopishqoq yiring oqib chiqadi; shu yiringda ko’pincha aktinomisetlar bo’ladi. Yara bitib ketganidan keyin chandiq bo’lib qoladi. Aktinomikoz vaqtida davolanmasa. u badanning boshqa joylariga ham tarqalib ketishi mumkin. Zamonaviy davo usullari ko’pincha bemorning butunlay sog’ayib ketishiga imkon beradi.