AKTSIYADORLIK KAPITALI
AKTSIYADORLIK KAPITALI – aktsiyadorlar jamiyatining kapitali, sherikchilik asosida tashkil topgan korporativ mulk hisoblanadi. Aktsiyadorlik kapitali tarkibi Nizom (ustav) kapitali, qo’shimcha kapital, rezerv fondidan va taqsimlanmagan foydadan iborat. Aktsiyadorlik kapitali asosini Nizom kapitali tashkil etadi. Nizom kapitali jamiyat tashkil etilgan chog’da uning mol-mulkiga aktsiyadorlar qo’shgan ulush bo’lib, pulga chaqib hisoblanadi. Bu kapital ma’lum miqdordagi aktsiyalardan iborat bo’lib, uning ta’sischilari orasida taqsimlanadi. Aktsiyadorlik kapitali Nizom kapitalidan tashqari qo’shimcha aktsiya chiqarib, jalb etilgan kapitaldan va kapitallashgan daromad hisobiga o’sib boradi. Aktsiyadorlik jamiyat beradigan dividend kapitallashganda Aktsiyadorlik kapitaliga kelib qo’shiladi. Aktsiyadorlik kapitali pul shaklida chiqarilgan aktsiyalar summasidan, moddiy shaklda jamiyat faoliyatini ta’minlovchi mol-mulkdan iborat bo’ladi.