AKUDIN

AKUDIN Veniamin Georgiyevich (1936.3.1, Mirzacho’l, hozirgi Guliston shahri) — teatr rassomi, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1974). Respublika rassomlik bilim yurtida (1951— 56), Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutida (1957-62) ta’lim olgan, shu institutda o’qituvchilik qilgan (1962-72); 1961 yildan Respublika qo’g’irchoq teatrida rassom. Dekoratsiya eskizlari, qo’g’irchoqlari asar mazmuniga mosligi bilan diqqatga sazovor. Akudin yaratgan ko’pgina qo’g’irchoqlar (Kachal polvon, Oygul, Baxtiyor va boshqalar) bolalarning sevimli ovunchoqlariga aylandi. Qo’g’irchoq teatri jamoasi bilan birga ko’pgina mamlakatlarda bo’lib, safar taassurotlari asosida akvarel rasmlar turkumini yaratdi (“Birma-72”, “Hindiston-77”, “Kobul-80”, “Bolgariya-82”; “Chimyon”, 1995).