AL-JABR VAL-MUQOBALA

AL-JABR VAL-MUQOBALA (Arabcha) – kvadrat tenglamalarni yechishda al-Xorazmiy tatbiq etgan usullar. Tenglamalardagi hadlar ildiz (noma’lum) lar, ularning kvadratlari va ozod had o’zgarmas sonlardan iborat bo’lishi mumkin. Ad. Ahadova M., O’rta osiyolik mashhur olimlar va ularning matematikaga doir ishlari, T., 1983.

“AL-JABR VAL-MUQOBALA” (Arabcha) — Sharqda (keyinchalik G’arbda ham) mashhur matematik risola. Al-Xorazmiy yozib qoldirgan ilmiy yodgorlik. Asarda ikkinchi darajali va chiziqli tenglamalar tasnifi, ularni echish yo’llari berilgan, geometrik va algebraik munosabatlar orasidagi bog’lanishlar bayon etilgan, umumiy qoidalar ifodalangan. Asarda meros taqsimlashga oid bo’lim ham bor. Aslida Arab tilida yozilgan. Kitob nomidagi “al-jabr” so’zidan “algebra” so’zi kelib chiqqan. “Aljabr” so’zi Yevropaga g’arbiy arablar orqali o’tgan. G’arbiy arablar “j” ni “g” deb talaffuz qiladilar. Shu yo’sinda “aljabr” Yevropada va keyinchalik yer yuzining hamma joyida “algebra” deb yuritiladigan bo’ldi. Uning 1342 yil ko’chirilgan Arab tilidagi nusxasi Oksford universiteti kutubxonasi (Angliya) da saqlanmoqda. Asarning 12 – asrda lotinchaga tarjima qilingan ikki nusxasi: R. Chester tarjimasi va K. Gerard tarjimasi mavjud. Keyingi tarjima 1838 yilda Parijda nashr etilgan. Arabcha asl nusxasini 1831 yil Londonda F. Rozen chop qilgan. Yu. Rushka nemis tiliga, A. Marr frantsuz tiliga tarjima qilishgan. R. Chesterning lotincha tarjimasi bilan inglizcha tarjimasi 1915 yil Nyu Yorqda qo’shib nashr etildi. Asarning geometriyaga oid qismini 1932 yil Berlinda S. Gands e’lon qildi. Asar 1964 yil Toshkentda rus tilida, 1983 yil tanlangan asarlar orasida rus va o’zbek tillarida nashr qilingan. Ad.: Ahadova M., O’rta osiyolik mashg’ur olimlar va ularning matematikaga doir ishlari, T., 1983.