ALANQUVA

ALANQUVA — mo’g’ullarning afsonaviy ajdodi. Rashiduddinning yozishicha, barcha mo’g’ul qabilalari Dobunbayon va uning xotini Alanquvadan tarqagan. Alanquva oqila ayol bo’lib quralas qabilasidan (ba’zi manbalarga ko’ra Xo’rilartoy merganning qizi) bo’lgan. Ularning Belgunutoy va Bugunutoy ismli o’g’illari bo’lgan. Dobunbayon yoshlik paytida vafot etgan. Beva qolgan Alanquva, rivoyatlarga ko’ra, tushida tuynukdan nurga burkangan malla sochli, ko’k ko’zli kishi unga asta-sekin yaqinlashib so’ng qaytib ketganligini ko’rgan. Alanquva ilohiy mo’jiza bilan homilador bo’lib qolgan va uch o’g’il farzand tuqqan. Katta o’g’li — bukun qatag’andan qatag’an qabilasi o’rtanchasi — Saljidan saljiut qabilasi tarqagan, kenjasi — Bodoncharqoon (Budanjir Munqaq) bo’lib, Chingizxon nasabi unga borib taqalgan. Bu uch o’g’ildan tarqalgan barcha urug’-qabilalar Nirun deb atalgan.