ALBAN QO’ZG’OLONI

ALBAN QO’ZG’OLONI (1912) – alban xalqining Turkiya hukmronligidan xalos bo’lish maqsadida ko’targan umumxalq qo’zg’oloni; unda xristianlar bilan birga musulmon aholi ham ishtirok etdi. Shimoliy Albaniyaning tog’li tumanlarida yashovchi dehqonlarning mart oyidagi chiqishlari bilan boshlangan. Avgust o’rtalariga kelib qo’zg’olonchilar Dibru, Elbasan, Permeti va boshqa shaharlarni egallashgan. Biroq qo’zg’olonga may oyidan boshlab rahbarlikni qo’lga olgan zamindorlar (Hasan Prishtina va boshqalar) albanlarning milliy manfaatlariga xilof ravishda Turkiya hukumati bilan bitim imzolaganlar. Unga ko’ra, Turkiya Albaniyaga cheklangan muxtoriyat berishni va’da qilgan.