ALEKSANDR
ALEKSANDR, Iskandar Maqduniy (Sharq mamlakatlarida Iskandar, Iskandar Zulqarnayn nomi bilan mashhur) (miloddan avvalgi 356, Pella — 323.13.6, Bobil) — makedoniyalik sarkarda va davlat arbobi. Makedoniya podshosi Filipp II va uning rafiqasi Olimpiadaning o’g’li. Aristoteldan ta’lim olgan, harbiy ishni otasidan o’rgangan. 336 yil Filipp II fitnachilar tomonidan o’ldirilgach, Makedoniya taxtiga o’tirgan. 334 yil Aleksandr Eronga yurish boshlaydi; bu bosqinchilik urushi otasi Filipp II davridayoq boshlangan bo’lib, uning o’limi tufayli to’xtab qolgandi. Aleksandr qo’shinida sarkardalardan Antipatr, Parmenion, Ptolemey Lag va boshqalar, shuningdek 30 mingga yaqin piyoda jangchi, 5 ming otliq, yengil qurollangan yordamchi otryadlar va 160 kema bo’lgan. Aleksandr Granik (334 yil), Iss (333 yil) va Gavgamela (331 yil) janglarida Doro III qo’shinlarini yenggan. Aleksandr Eronning Markaziy shaharlari — Bobil, Suza, Persepol, Ekbatana hamda Misrni egallagan. Aleksandr 329 yil Baqtriyani egallagach, satrap Bess, oke (Ukuz, Amudaryo) dan kechib o’tib, Navtaka (Qashqadaryo vohasi) ga chekingan. Ammo Bess tezda qo’lga olinib, qatl etilgan. So’ng, Aleksandr Samarqand (Marokanda) ni egallab, Sirdaryo tomon yo’l oladida, u yerda shahar barpo etib, uni Aleksandriya Esxata (chekka Iskandariya) deb ataydi. Umuman Aleksandrning O’rta Osiyoga nisbatan bosqinchilik siyosati qattiq qarshilikka uchragan. Usrushonadagi yettita shahar-qal’a Aleksandrga qattiq qarshilik ko’rsatgan. Bularning ichida eng kattasi — Kiropol bo’lib, kir II uni boshqa shahar-qal’alarga nisbatan baland devor bilan o’rattirgandi. Uning ichida mahalliy aholining ko’pchilik qismi, eng jangovar jangchilar to’plangandi. Aleksandr shahar atrofiga xandaq qazittirgan, manjaniqlar (devorteshar mashinalar) bilan devorning bir necha yeridan teshik ochib, u yerdan shaharga bostirib kirmoqchi bo’lgan. Bu urinishi natijasiz chiqqach, u harbiy hiyla ishlatib, shahar ichidan o’tgan quruq daryo o’zani orqali o’zining xos jangchilari bilan shaharga kirgan. Kiropol mudofaachilari bilan Aleksandr jangchilari o’rtasida shiddatli jang bo’lgan. Unda Aleksandr boshi va bo’yniga tosh tegib yarador bo’lgan, bir qancha lashkarboshilari (krater va boshqalar) kamon o’qidan shikastlangan. Makedon qo’shini katta qiyinchilik bilan shaharni egallagan. Shahar mudofaachilari (jami 15 ming) dan 8000 ga yaqini halok bo’lgan, qolgani ichki qo’rg’onga yashiringan, so’ng tashnalikdan qiynalib taslim bo’lgan. Makedon qo’shini qolgan shaharlarni ham shu tariqa qiyinchilik bilan egallagan. Aleksandr mahalliy xalqning jasoratidan shu qadar xavotirga tushganki, Ptolemeyning aytishicha, u o’z jangchilariga asir olingan kishilarni bo’lib berib, to bu mamlakatdan chiqib ketmagunlaricha ularni zanjirband holda saqlashni topshirgan. Aleksandr Sug’diyonada Spitamen qo’zg’olon ko’tarib, Marokandani qamal qilgani va Tanais ortidan saklar podshosining ukasi Kartazis boshchiligidagi katta qo’shin unga yordamga yetib kelgani haqida xabardor bo’lgach, qo’zg’olonchilarga qarshi 2000 kishilik qo’shin jo’natib, o’zi saklar tomon qo’shin tortgan. Mazkur qo’shin tor-mor keltirilgach, Aleksandr shaxsan o’zi katta kuch bilan Spitamenni dasht chegarasigacha ta’qib qilib borib, ortga qaytishda 120 mingdan ortiq tinch aholini qirib tashlaydi, ko’plab qishloq va qal’alarni vayron qiladi, ekinzor, bog’-rog’larni payhon etadi. Aleksandr mioddan avvalgi 329-328 yillar qishini Zariaspa (Balx, Baqtra) da o’tkazadi. Bahorda uning huzuriga xorasmiylar podshosi Farasman 1500 jangchisi bilan kelib o’zaro ittifoq tuzishni taklif etadi. Aleksandr 328-327 yil boshida Sug’diyonadagi tog’lar ustida joylashgan qal’alardagi qo’zg’olonchilarni bo’ysundirishga juda ko’p kuch sarflaydi, ularni mag’lub qilgach, Oksiartning qizi Roxshanak (Roksana) ga uylanadi. Miloddan avvalgi 327 yil yozida Aleksandr so’g’dlik Oropiyni So’g’diyona hokimi etib tayinlab, o’zi Hindistonga yurish qiladi-da, Gidasp daryosi (Hind daryosi irmog’i) sohilida katta qiyinchilik bilan podsho Por qo’shini ustidan zafar qozonadi. Shu tariqa Aleksandr Panjobni egallab, Gang daryosi vodiysiga yurishni davom ettirmoqchi bo’ladi. Biroq safar va kasallik azobidan holdan toygan qo’shinning ochiqdan-ochiq qarshiligiga duch keladi. Shu bois Aleksandr Gifasis daryosi (Hind daryosi Sharqiy irmog’i) bo’yidan ortga qaytishga majbur bo’ladi. Aleksandr o’z davlatining poytaxti qilib Bobil shahrini tanlagan va shu yerda yangi yurishlarga tayyorgarlik ko’rish asnosida bezgak kasaliga yo’liqib, vafot etgan. Aleksandr yurishlari natijasida vujudga kelgan ulkan saltanat hududi Hind daryosidan Dunayga qadar cho’zilgan bo’lib, u qadimiy dunyoning eng yirik davlati edi. Lekin mustahkam ichki aloqalari bo’lmagan bu saltanat Aleksandr vafot etgach, tezda parchalanib ketgan va uning hududida bir qancha ellinistik davlatlar vujudga kelgan. Aleksandr harbiy san’at tarixida yirik sarkarda sifatida mashhurdir. Qadim zamonlardan (miloddan avvalgi 200 yil) Aleksandr haqida ko’plab rivoyat, afsona, doston va miniatyuralar yaratilgan. Ular o’rta asr adabiyotiga ham kirib kelgan. Ad.: Kovale v S. I., Aleksandr Makedonskiy, L., 1937; Trever K., Aleksandr Makedonskiy v Sogde, “Vestnik istorii”, 1947, № 5; Bertels E. E., Roman ob Aleksandre i ego glavnie versii na Vostoke, M.— L., 1948. Faxriddin Hasanov.