ALI AR-RIZO
ALI AR-RIZO, Ali ibn Muso (765 yoki 770-818) — shialarning sakkizinchi imomi. Madinada yashagan. 816 yilda xalifa al-Ma’mun mo’tadil shialar bilan ittifoqlashish va ular yordamida o’z hokimiyatini mustahkamlash maqsadida Ali ar-Rizoni taxt vorisi deb e’lon qilgan. Lekin bu ittifoq uzoqqa cho’zilmagan. Sunniylar bunga qarshi harakat boshlagan. Xalifa shialar bilan munosabatini uzgandan keyin Ali ar-Rizo Xurosonda Tus shahri yaqinidagi Nukan qishlog’ida zaharlab o’ldirilgan va Sanobad qishlog’iga dafn qilingan, keyinchalik uning qabriga maqbara barpo etilgan va shialar uchun ziyoratgoh, asosiy muqaddas joylardan biriga aylangan. Qabr joylashgan qishloqqa Ali ar-Rizo sharafiga Mashhadi Ali Rizo nomi qo’yilib (Ali ar-Rizo shahid bo’lgan joy), u yirik shahar (hozirgi Mashhad) ga aylangan.