ALIFBE
ALIFBE — dastlabki savod beradigan o’quv qo’llanmasi. Alifbe bosma, yozma harflar va ular ifodalaydigan nutq tovushlari, ularning yozilishini o’zlashtirish, sodda bo’g’in va so’zlarni qo’shib o’qishga o’rganish va o’qilayotgan narsani to’g’ri tushunish hamda sodda so’z va gaplarni yozishga o’rganishga yordam beradi. Maktabxonalarda Alifbe bo’lmagan. Uning o’rniga savod o’rganish uchun maxsus taxta qo’llanilgan. Taxtaning bir tomoniga tartib bilan Arab harflari, ikkinchi tomoniga esa abjad yozilgan. Talabalar harflarni batamom yod olgandan so’ng abjadxonlikka va haftiyakxonlikka o’tar edilar. Bu usul asosan 1900 yilgacha davom etgan. Turkiston tsarus-tuzem maktablarining hamda yangi usuldagi maktablarning paydo bo’lishi bilan Alifbe darsligi yuzaga keldi. 1902 yilda rus-tuzem maktablarining o’zbek sinflari uchun birinchi o’zbek Alifbesi — “Ustodi avval” nashr etildi. Bu Alifbening muallifi Saidrasul Saidazizov. Kitob 1917 yilgacha 17 marta nashr etilgan. Shu yillarda Munavvarqori Abdurashidxonovning “Adibi avval” (o’zbek maktablari uchun birinchi Alifbe), Mulla Rustambek ibn Yusufbekning “Ta’limi avval”, P. Bidanovning “Sullami avval”, A. Avloniyning “Birinchi muallim”, A. Ibodiyevning “Tahsil ul-alifbo”, M. Faxriddinovning “Rahbari avval” kabi Alifbelar nashr qilingan. Keyinchalik Shokirjon Rahimiy yaratgan “Sovg’a” darsligi nashr qilingan. Shuningdek, M. Qodirov va boshqalarning “Kattalarga o’qish” (1920), F. Erg’ozieyv va A. Yo’ldoshevning “Alifbe” (1936) kitoblari bosilib chiqqan. 1938 yildan O. Sharafiddinov tuzgan Alifbe nashr qilindi; mazkur Alifbe Q. Abdullayeva hammuallifligida qayta ishlanib nashr etildi va o’zbek maktablarida o’quv qo’llanmasi vazifasini bajardi. O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1993 yil 2 sentabrda “Lotin yozuviga asoslangan o’zbek alifbosini joriy qilish to’g’risida” Qonuni qabul qilingach, bir qancha Alifbelar tayyorlandi. Xususan, 1996-97 yillarda O. Sharafiddinov, Q. Abdullayeva va boshqalarning “Alifbe” (“Shodlik”), T. G’afforova, E. Shodmonov, R. Eshturdiyevaning “Alifbe” (“Savod”), katta yoshdagilar uchun Y. Abdullayevning “Hamrohim”, “Sovg’a”, Y. Abdullayev, Sh. Yo’ldoshevaning “Yangi alifbo va imlo” o’quv qo’llanmalari chop etildi. Yo’ldosh Abdullayev.