ALIGOTE
ALIGOTE — o’rtapishar, vinobop uzum navi. Frantsiya xalq selektsiyasida yaratilgan. Tupi o’rtacha, ba’zan zaifroq o’sadi. Bargi to’garak, uch bo’lakchali, arra tishli. Barg orqasi tukli. Guli ikki jinsli. Uzum boshi o’rtacha, og’irligi 100-110 gramm, g’ujumi tig’iz, yirik (diametri 12-16 millimetr), ko’kish-oq, jigarrang dog’lari bor. Kurtaklari yozilganidan to hosili pishguncha vegetasiya davri 130-150 kun davom etadi. Faol harorat yig’indisi 2600°-2850° da avgustning oxirida pishadi. Tarkibida 25% qand bor. Hosildorligi 100-150 tsentner/gektar. Kasalliklarga chidamli, sovuqqa bardoshi o’rtacha. Hosilidan sof va shampan vinolar, konyak uchun spirt tayyorlanadi. O’zbekistonning hamma viloyatlarida ekiladi.