ALIKO’SH

ALIKO’SH — neolit davriga mansub manzilgoh (miloddan avvalgi 8-6-ming yillik). Erondagi Musiyon shahri yaqinida. Amerika ekspeditsiyasi tomonidan 1961 va 1963 yillarda qazishma ishlari olib borilgan. Quyi qatlamlardan paxsa uy qoldiqlari, ko’plab chaqmoqtosh qurollar topilgan. Aholi ovchilik va terimchilik, qisman dehqonchilik (bug’doy va arpa donlari topilgan) bilan mashg’ul bo’lgan, echki xonakilashtirilgan. Keyinchalik, dehqonchilik va chorvachilik xo’jalikda asosiy o’rinni egallagan, qo’y xonakilashtirilgan, obsidiandan yasalgan qurollar tarqala boshlagan, miloddan avvalgi 6-ming yillik boshlarida sopol buyumlar paydo bo’lgan. Aliko’shdagi topilmalar yaqin Sharqning pasttekislik mintaqalarida ishlab chiqaruvchi iqtisodiyotning qanday vujudga kelganini aniqlashda katta ahamiyatga ega.