ALIMOV SHOKIR ALIMOVICH
ALIMOV SHOKIR ALIMOVICH (1912.28.9-1976.28.3, Toshkent) — ftiziatr, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi akademigi (1974). O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan va texnika arbobi (1962), tibbiyot fanlari Doktori (1951), professor (1953). Sammini tugatgan (1935). O’zbekiston sil kasalliklari ilmiy tadqiqot institutining ordinatori (1935-40), Toshkent shahri 2-Sil kasalxonasining bosh vrachi (1940— 41), sil kasallari sanatoriysining bosh vrachi (1941 — 43), O’zbekiston sil kasalliklari ilmiy tadqiqot institutining assistenti, so’ngra katta ilmiy xodim (1943-46), 1951 yildan shu institut direktori, ayni vaqtda (1953 yildan) Toshkent Vrachlar malakasini oshirish instituti sil kasalliklari kafedrasining mudiri. Alimov silning epidemiologiyasi, oddini olish va davosi ustida ishlab, bemorlarni mehnat bilan davolashni ilgari surdi. Uning tashabbusi bilan O’zbekistonda mehnat bilan davolash sanatoriysi, ko’plab sil dispanserlari ochildi. O’zbekiston sil kasalliklari ilmiy tadqiqot instituti, Toshkent ko’chalaridan biri Alimov nomi bilan atalgan.