ALIYEVA NAZIRA NASRIDDINOVNA
ALIYEVA NAZIRA NASRIDDINOVNA (1912.31.12 – Toshkent – 1980.19.6) – O’zbekiston xalq artisti (1969). Boku teatr texnikumini (1927), Moskva davlat teatr san’ati institutini (1934) tugatgan. Toshkent teatr va rassomlik san’ati instituti katta o’qituvchisi (1945 yildan), kafedra mudiri (1949-66), dotsenti (1961 yildan). Aliyeva 1935-41 yillarda M. Azizbekov nomidagi Ozarbayjon davlat akademik drama teatrida so’lmas (J. Jabborli, “O’t kelini”), Durdona (H. Jovid “Siyovush”), Juletta (U. Shekspir, “Romeo va Juletta”) obrazlarini Ozarbayjon tilida yaratdi. 1934, 1941-48 yillarda Hamza nomidagi teatrda Dezdemona (U. Shekspir, “Otello”), Xolisxon, Jamila (Hamza, “Xolisxon”, “Boy ila xizmatchi”), Shirmon (I. Sulton, “Burgutning parvozi”), Saodat (K. Yashin va A. Umariy “Hamza”) kabi yirik rollarni ijro etdi. “Sepsiz qiz” (A. Ostrovskiy), “Alisher Navoiy” (Uyg’un, I. Sulton), “Dengizdagilar sharafiga” (B. Lavrenev) spektakllariga rejissyorlik qilgan. “O’lim qudug’i”, “Uyqusiz tunlar”, “Mahallada duv-duv gap” filmlarida o’ynagan. M. Shamxalovning “Qaynona” komediyasini, M. Urdubodiyning “Qilich va qalam” romanini o’zbek tiliga tarjima qilgan. “Sahna nutqining ravon va aniq bo’lishida muhim shartlar”, “O’zbek sahna nutqining ba’zi texnik elementlari” ilmiy-metodik ishlar, “San’at — mening hayotim” esdaliklari muallifi.