ALLA

ALLA — 1) bolani uxlatish jarayonida yakkaxonlik uslubida aytiladigan qo’shiq. O’zbek, uyg’ur va tojik xalqlari orasida Alla nomi bilan yuritiladi. Odatda oddiy kuylar bilan, ba’zida rechitativ tarzda, beshik yoki belanchakni tebratish sur’atiga mos ravishda ijro etiladi. Matni, asosan, to’rtlik; ijro uslubi erkin, badihago’y. Alla onaning bolaga bo’lgan mehr-muhabbati, umid va orzulari, yaxshi niyat va tilaklarini anglatish bilan birga ruhiy kechinmalarini ham ifodalaydi. Shu bois ba’zi Alla namunalari yig’i ohanglariga yaqin bo’ladi; 2) beshik to’yi jarayonida beshikni olib kirayotgan ayollar tomonidan aytiladigan qo’shiq. Ijro xususiyatlari bayramona marosim kayfiyatiga mos; tantanavor doira usuli jo’rligida kuylanishi mumkin; 3) O’zbekistonning ba’zi hududlarida Alla nomi bilan aytiladigan marosim qo’shiqlari. Masalan, Buxoro viloyati Olot va Qorako’l tumanlari hamda Xorazmda dafn marosimi jarayonida navbat bilan ayollar (yoki maxsus chaqirilgan allachigo’yanda, xalfa) tomonidan badiha uslubida aytiladigan qo’shiq va boshqalar. Ayrim taxminlarga ko’ra, Alla nomi “Alloh” so’zidan kelib chiqib, Yaratgandan chaqaloqni o’z panohida asrashni iltijo qilishga nisbat bilan bog’liq. An’anaviy Alla xususiyatlaridan o’zbek bastakorlari (T. Jalilov, Yu. Rajabiy, F. Sodiqov) va kompozitorlari (A. Muhamedov, Ik. Akbarov, S. Yudakov) ijodiy foydalanishgan. Ad: Alaviya M., O’zbek xalq marosim qo’shiqlari, T., 1974; Romanovskaya E., Stati i dokladi. Zapisi muzikalnogo folklora, T., 1959; Tursunov N., Buxoro udumlari, T., 1994. R. Choriyev.