ALOQA

ALOQA — turli vositalar yordamida axborotlarni uzatish va qabul qilish; xalq xo’jaligining pochta, telefon, telegraf, radio, televideniye va boshqalar orqali axborotlarni uzatish va qabul qilishni (pochta orqali buyumlar yuborishni ham) ta’minlaydigan tarmog’i. Aloqa jamiyatning ishlab chiqarish – xo’jalik faoliyatida, davlat, qurolli kuchlar va jami transport turlarini boshqarishda, shuningdek aholining madaniy maishiy ehtiyojlarini qondirishda muhim ahamiyatga ega. Qadimda xabarlar bir manziddan ikkinchisiga choparlar, kabutarlar yordamida yetkazilgan, ularni uzatishda shartli signallar — gulxanlar, chiroqlar, har xil ovoz chiqaruvchi asboblar qo’llanilgan. Keyinchalik xabarlar yozma holda jo’natiladigan bo’ldi, natijada pochta aloqasi paydo bo’ldi. Sanoat va savdo taraqqiyotining jadal sur’atlari axborotlarni tez yetkazishga imkoniyat yaratadigan yangi Aloqa usullariga katta ehtiyojni yuzaga keltirdi. 18-asr oxirida optik Aloqa paydo bo’ldi, 19-asrda axborotlarni sim orqali katta tezlikda uzatishning elektr usullari kashf etildi. 1832 yilda P. L. Shilling elektr telegrafii yaratdi. 1837 yilda S. Morze elektromagnit telegraf apparatini, 1876 yilda A. G. Bell telefonni kashf etdi. Aloqa taraqqiyotida navbatdagi eng muhim bosqich — A. S. Popov tomonidan Simeiz aloqa — radioaloqaning yaratilishi bo’ldi. Shundan so’ng Aloqa vositalarining texnika taraqqiyoti tez sur’atlarda bordi, axborotlarni ishonchli va tez uzatishi, quvvati va liniyalari soni jihatidan katta ustunlikka ega bo’lgan yangi tizimlar paydo bo’ldi va keng qo’llanila boshladi. 20-asrning 60 — 70-yillarida Aloqa vositalarining kosmik (Yerning sun’iy yo’ldoshlari orqali) tizimlari yaratildi. Qo’llaniladigan texnika vositalari xarakteriga ko’ra Aloqa pochta Aloqasi va elektr Aloqasiga bo’linadi. Hozirgi davrda Aloqa barcha mamlakatlarda iqtisodiyotning eng muhim tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Aksariyat rivojlangan mamlakatlarda Aloqani rivojlantirish ishlariga yetarli hajmda mablag’lar sarflanadi. 20-asrning 90-yillarida O’zbekistonda rivojlangan Aloqa korxonalari aholiga hamda xalq xo’jaligiga pochta, telegraf hamda mahalliy, shaharlararo, xalqaro telefon Aloqa xizmati ko’rsatadi, shuningdek respublikada radioaloqa, radioeshittirish va televideniyeni texnika vositalari bilan ta’minlaydi. Respublikaning Aloqa majmuasi pochta, Matbuottarqatish, uyali (radiotelefon) Aloqa, elektr Aloqa, kosmik yo’ldoshlar orqali Aloqa turlarini qamraydi. O’zbekiston Respublikasida idoraviy ichki Aloqa tarmoqlari (ayrim vazirliklar, tashkilotlar hamda shaxta, zavod, xo’jaliklarning bevosita o’ziga qarashli Aloqa vositalari) ham mavjud. O’zbekiston mustaqillikka erishganidan keyin bozor iqtisodiyotiga o’tish jarayonida milliy telekommunikatsiya tarmog’ini rivojlantirish va uni mustaqil boshqarish muhim vazifaga aylandi. 1992 yil 13 yanvarda O’zbekiston Respublikasining “Aloqa to’g’risida” qonuni qabul qilindi. Pochta Aloqasi, axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar sohasida boshqaruvni yanada takommillashtirish maqsadlarida 1997 yil 23 iyunda respublika aloqa vazirligi pochta va telekommunikasiyalar agentligiga aylantirildi. Agentlik tarkibida Aloqaning ishlab chiqarish – xo’jalik, texnologik masalalari bilan shug’ullanadigan “Mahalliy Telekom”, “Xalqaro Telekom” aktsiyadorlik kompaniyalari hamda “O’zbekiston pochtasi” davlat-aktsiyadorlik kompaniyasi tashkil etildi. Aloqa korxonalari uchun muhandislar 5 ixtisoslik bo’yicha Toshkent elektrotexnika aloqa instituti (1955) va uning Termiz filiali (1991) da, texniklar Toshkent aloqa kolleji (1991; 1930 — 40 yillarda O’rta Osiyo aloqa texnikumi: 1940 — 91 yillarda Toshkent aloqa politexnikumi), Nukus politexnikumining aloqa bo’limida tayyorlanadi. 1992 yili O’zbekiston xalqaro elektraloqa Ittifoqiga a’zo bo’lib kirdi. Bu esa O’zbekistonning telekommunikasiya sohasida xalqaro hamkorlik qilishi uchun keng yo’l ochdi. O’zbekistonda Aloqa tarmog’ini jahon andozalariga javob beradigan darajaga ko’tarish uchun xalqaro elektr aloqa Ittifoqi muntazam ko’mak berib kelmoqda. 1992-2000 yillarda AQSh, Yaponiya, Germaniya, Indoneziya, Italiya, Malayziya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Turkiya, Xitoy mamlakatlaridagi yetakchi firmalar bilan O’zbekistonda elektr Aloqa tarmoqlarini rivojlantirish bo’yicha xalqaro hamkorlik yaxshi samara berdi. Tohir Rahimov.