“ALPOMISH”

“ALPOMISH” — o’zbek xalq qahramonlik dostoni. Turkiy xalqlar orasida keng tarqalgan. “Alpomish”ning qoraqalpoq, qozoq, Oltoy versiyalari doston shaklida, tatar va boshqird versiyalari ertak va rivoyat shaklida bizgacha yetib kelgan. O’zbeklar “Alpomish”, qoraqalpoqlar “Alpamis”, qozoqlar “Alpamis Batir”, oltoyliklar “Apipmanash”, qozon tatarlari “Alpamsha”, boshqirdlar “Alpamisha va barsin hiluu” deb nomlaganlar. O’zbek dostonchiligi ta’sirida 20-asr boshlarida ertak va rivoyatlar shaklidagi tojik variantlari ham yuzaga kelgan. O’rta asr o’g’uz eposining muhim yodgorligi hisoblangan “Kitobi dadam Qo’rqut” tarkibidagi “Bamsi Bayrak” asari o’zining syujeti va kompozitsiya qurilishi jihatidan “Alpomish” dostoniga yaqin turadi. “Alpomish” dunyo estetik tafakkuri tarixida kamdan-kam uchraydigan favqulodda va noyob badiiy hodisalardan biridir. Uning favqulodda va noyobligi shundaki, qadimiyatda yaratilgan bu ulkan epos baxshilar tomonidan asrlar davomida kuylanib, jonli epik an’analarda og’zaki ravishda bizgacha yetib keldi. Shuning uchun ham u bugungi kunda qadimiyatning buyuk bir ehsoni, o’zi yaratilgan davrning umumiy dunyoqarashi, ayni paytda jonli an’anaviy ijod va ijro sharoitlarida xalq ommasi ruhining ob’yektiv holatini davrlararo ifodalab, mazmun va shakl jihatidan goh kengayib, goh torayib, ko’plab variantlarda va xilma xil ko’rinishlarda ajdodlardan avlodlarga yetib kelgan adabiy yodgorlik, xalq milliy tarixidagi qahramonlik voqealarining afsonalar qobig’iga o’ralgan o’ziga xos badiiy ifodasi, buyuk epos sifatida baholanadi. “Alpomish” dostoni bundan ming yil oldin turkiy xalqlarning qadimgi dostonchilik an’analari asosida xalq og’zaki ijodi namunasi sifatida yaxlit doston shaklini olgan bo’lsada, aslida “Alpomish” dostonining eng qadimgi qatlamlari miloddan avvalgi yuz yilliklarda yurtimizda kechgan jarayonlarning badiiy talqinini o’zida aks ettirgan. Qo’ng’irot qabilasining turli hududlarga siljishi va ularning yangidan shakllanayotgan xalqlar tarkibiga kira borishi natijasida doston boshqa urug’ va elatlarga ham o’tib, ularning epik an’analari asosida qayta ishlana borib, juda keng tarqaldi va nihoyat, uning yaratilishida ota-bobolari ishtirok etgan har bir xalqning o’z eposiga aylandi. “Alpomish” dostonining og’zaki epik an’analarda bizgacha yetib kelgan nusxalari 9-10 asrlarda yaratilgan. Ammo bunday xulosa dostonga asos bo’lgan syujet va etakchi motivlarning mifologik va tarixiy-hayotiy ildizlari qadimgi davrlarga — miloddan avvalgi zamonlarga taqalishini inkor etmaydi. Doston syujet tarkibida islomgacha bo’lgan qarashlar va mifologik qatlam mavjud. Undagi mifologik qatlam esa, qadimgi turmush tarzining badiiylashtirilgan va ideallashtirilgan ko’rinishlaridir. “Alpomish” variantlari 1922 yildan yozib olina boshlangan. Hozirgacha Fozil Yo’ldosh o’gli, Mahammadqul Jonmurod o’g’li Po’lkan, Berdi baxshi, Saidmurod panoh o’g’li, Bo’ri baxshi, Bekmurod Jo’raboy o’g’li, Mardonaqul Avliyoqul o’g’li, Abdulla Nurali o’g’li, Umir baxshi, Haydar boycha o’g’li, Rahmatulla Yusuf o’g’li, Hodir Rahim o’g’li kabi o’ttizdan ortiq dostonchilardan qirqqa yaqin variantlari yozib olingan. Dostonning yozib olingan qo’lyozmalarining asl nusxalari O’zbekiston Fanlar Akademiyasi til va adabiyot institutinnng folklor arxivida saqlanadi. Bu variantlar orasida eng mukammali, badiiy jihatdan eng yuksagi Fozil Yo’ldosh o’g’lidan yozib olingani hisoblanadi. “Alpomish”ning Berdi baxshi, Saidmurod panoh o’g’li, Pulkan va Ergash Jumanbulbul o’g’li, Bekmurod Jo’raboy o’g’li, Xushboq Mardonaqulov aytgan variantlari ham nashr etilgan. “Alpomish” dostoni qahramonlik, mardlik, vatanparvarlik, turli elatlar va xalqlarning birodarligi, sevgi va sadoqat, oila mustahkamligi va urug’ birligini kuylovchi ulkan eposdir. Respublikamiz prezidenti Islom Karimov “Alpomish” dostonining 1000 yilligiga bag’ishlangan tantanali marosimda so’zlagan nutqida aytganidek: “Alpomish” dostoni bizga insonparvarlik fazilatlaridan saboq beradi. Odil va haqgo’y bo’lishga, o’z yurtimizni, oilamiz qo’rg’onini qo’riqlashga, do’stu yorimizni, or-nomusimizni ota-bobolarimizning muqaddas mozorlarini har qanday tajovuzdan himoya qilishga o’rgatadi”. Doston Qo’ng’irot urug’i boshliqlari — aka-uka Boybo’ri va Boysarining farzandsizligi tasviri bilan boshlanadi. Unda Alpomish, Barchin, Qaldirg’ochlarning bir kunda tug’ilishi, Barchin. Dostonning yetakchi obrazi (V. E. Kaydalov asari). Barchinning Alpomishga beshikkerti qilinishi, Boysarining Boybo’ridan arazlab o’n ming uyli elat bilan qalmoq eliga ko’chishi, qahramonning yorini olib kelish uchun o’zga mamlakatga safari, Qorajon bilan do’st tutinib, Barchin shartlarini bajarishi va yorini olib o’z yurtiga qaytishi, keyin yana yetti yil tutqunda qolishi, zindondan oti Boychibor yordamida qutulib, o’z eliga umr yo’ldoshi Barchinning zo’ravon Ultontoz bilan bo’layotgan majburiy to’yi ustiga kelishi ham raqibini yengib, murod-maqsadiga erishishi voqealari juda qiziqarli, eposga xos rang-barang badiiy bo’yoqlarda tasvirlangan. Alpomish va Qorajon, Qultoy va Yodgorlarning o’zaro munosabatlari, hatto qahramonning oti Boychibor bilan, enchi harvona tuya bilan munosabati tasvirida jamiyat taraqqiyotining dostonda tasvirlangan bosqichiga xos olijanob soddalik, ulug’vor vazminlik, patriarxal insoniylik, bolalarcha beg’ubor samimiylik g’oyatda go’zal mujassamlashgan. “Alpomish” dostoni badiiy barkamol asar. Unda o’zbek xalqi she’riy dahosining buyuk qudrati to’laligicha namoyon bo’lgan. “Alpomish”ning slovak tilida nasriy bayoni, rus tilida badiiy tarjimasi nashr etilgan. Undan parchalar ingliz tilida e’lon qilingan. Doston turk tiliga tarjima qilindi. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga (1998 yil 13 yanvar) hamda YUNESKO ning 1999 yildagi tadbirlar rejasiga binoan O’zbekistonda 1999 yil noyabrda “Alpomish” dostonining 1000 yilligi keng nishonlandi. So’nggi tantanalar 1999 yil 6 noyabrda Termiz shahrida bo’lib o’tdi. Shu munosabat bilan bu yerda xalqaro ilmiy konferentsiya o’tkazildi, Alpomish nomidagi bog’barpo etildi va xalq qahramoniga haykal ochildi. “Alpomish”ning atoqli xalq baxshilari kuylagan variantlari qayta nashr etildi. Doston haqida hujjatli va badiiy film, uning motivlari asosida teatr spektakllari yaratilgan. Ad.: Alpomish, T., 1998; Alpamo’sh, T., 1998; Alpomish |akademik nashr], T., 1999; Alpamis, Nukus, 1981; Alpamisbato’r, Alma-Ata, 1961; Jirmunskiy V. M.,Zarifov XT., Uzbekskiy narodniy geroicheskiy epos, M., 1947; ob epose “Alpamish”, T., 1959; Jirmunskiy V. M., Skazanie ob Alpamishe i Bogatirskaya skazka, M., 1960; Mirzaev T., “Alpomish” dostonining o’zbek variantlari, T., 1968; Xoshniyazov J., Qoraqalpoq qahramanliq dastani “Alpamis”, Nukus, 1992; “Alpomish” — o’zbek xalq qahramonlik eposi”, T., 1999. To’ra Mirzayev.