ALPTEGIN

ALPTEGIN (taxminan 885-963) – Somoniylar lashkarboshisi. Nasr ibn Ahmad Somoniy davrida Visoq boshi, Xayl boshi, Hojib darajasiga ko’tarildi; Nuh ibn Nasr Somoniyning o’g’li Abdulmalik davrida Xurosonga sipohsolor etib tayinlandi. Mansur ibn Nuh Somoniy (961-976) taxtga o’tqazilgandan ko’p o’tmay, Buxorodagi ba’zi amirlarning ig’vosi bilan Mansur ibn Nuh Somoniy va Alptegin o’rtasida nizo kelib chiqdi; Amir Mansur unga qarshi katta qo’shin yubordi. Oqibatda Alptegin Xurosonni tark etib, Balx tarafga yo’l oldi; ta’qib qilib kelgan Buxoro qo’shinini Xulm darasida tor-mor keltirdi. Shundan keyin Bomiyon, Kobul, G’aznani egalladi (962) va o’sha yerdan Hindistonga tez-tez hujum qilib turdi. Lekin ana shunday yurishlardan birida yo’lda vafot etdi.