ALUFA

ALUFA, ulufa (Arabcha — xashak, yem) — 1) harbiy qo’shin va lashkar ixtiyoridagi ot-ulov uchun aholidan to’planadigan natural soliq. Choparlar va elchilarning ot-ulovlari ham Alufa orqali yig’ilgan yem-xashak bilan ta’minlangan. Jangchilarga beriladigan maosh ham Alufa deb atalgan. Masalan “Temur tuzuklari”da Amir Temur “Yana buyurdimki, o’nboshi yuzboshining tasdig’i bilan, yuzboshi mingboshining tasdig’i bilan, mingboshi Amir ulumaroning tasdig’i bilan ulufa olsinlar” deb ko’rsatma beradi. Alufa istilohi 12-asrdan ma’lum; 2) 18-asrda Buxoro xonligida g’oziilarni natura (bug’doy va boshqalar) hamda pul bilan taqdirlash.