AMALIY SAN’AT

AMALIY SAN’AT, amaliy bezak san’ati — bezak san’ati sohasi; ijtimoiy va shaxsiy turmushda amaliy ahamiyatga ega bo’lgan badiiy buyumlar tayyorlash va kundalik turmush ashyolari (asbob anjomlar, mebel, mato, mehnat qurollari, kiyim-kechaklar, taqinchoqlar, o’yinchoqlar va boshqalar) ni badiiy ishlash bilan bog’liq ijodiy mehnat sohalarini o’z ichiga oladi. Amaliy san’at asarlari ko’z bilan ko’rish, his etish va anglashga mo’ljallangan. Amaliy san’at asarlari va buyumlari insonning moddiy muhitini go’zallashtirishga, estetik boyitishga xizmat qiladi, ayni paytda o’zining ko’rinishi, tuzilishi, xususiyatlari bilan insonning ruhiy holati, kayfiyatiga ta’sir etadi, bezatilgan narsalar hayotda foydalanilishidan tashqari badiiy qimmati bo’lgani uchun ham qadrlanadi. Shuning uchun xom ashyoning go’zalligi va nafis xususiyatlarini namoyish etish, unga ishlov berish mahorati va usullarining ko’pligi Amaliy san’atda estetik ta’sirni oshiruvchi ahamiyatga ega faol vositalardir. Amaliy san’atda narsalarning nafisliligiga ikki usul bilan erishiladi: 1) shakli oddiy, jo’n buyumlarga bezak ishlab badiiy qimmati oshiriladi; 2) shakli chiroyli qilib ishlanadi. Narsalarning tuzilishi badiiy buyumlarning mujassamotida muhim rol o’ynaydi. Xom ashyoning go’zalligi, qismlarning mutanosibligi, tuzilishining maromi buyumning ta’sirchan umumlashma qiyofasini ifodalovchi yagona vositalardir. Ta’sirchan mazmunli shakllar ko’pincha taqlidan yaratilganda mazmuni ortadi. Buyumda hosil bo’layotgan bezak uning obraz tuzilishiga ham sezilarli ta’sir etadi. Bezagi tufayli buyum Amaliy san’at asariga aylanadi. Amaliy san’atda bezak yaratishda naqsh bilan tasviriy san’at (haykaltaroshlik, rangtasvir, ayrim hollarda grafika) qismlari (alohida yoki turlicha birikuvlari) keng qo’llaniladi. Ba’zan naqsh yoki tasvir buyumlarni shakllantiruvchi asosga aylanadi (panjara guli, to’r; gilam, mato gullari va hokazolar). Amaliy san’at asarining uyg’unligi avvalo badiiy buyumning badiiy va amaliy vazifasining yagonaligida, shakl va bezakning o’zaro birikuvida, tasvir va buyum tuzilishida namoyon bo’ladi. Bezakning shakl, tasvirning buyum ko’lami va xususiyati, uning amaliy va badiiy vazifasi bilan uyg’unlashtirishning zarurligi tasviriy bo’laklarni o’zgarishiga, talqinda shartlilikka va narsa qismlarini o’xshatib yaratishga olib keladi. 19 – asr 2 – yarmidan ilmiy adabiyotlarda Amaliy san’at asarlari foydalanilgan xom ashyosi (yog’och, sopol, ganch, tosh, metall, suyak va boshqalar) va ijro usuli (bo’yash, o’yib-kesib ishlash, quyish, kashta tikish, to’qish va boshqalar) ga qarab farqlana boshlandi. Bu esa o’z navbatida buyumlarga ishlov berishni loyihalash (dizayn) va uni ishlab chiqarish bilan bog’lanishi (badiiy sanoat)ga zamin yaratdi. Amaliy san’at asarlari yaratilgan davrining maishiy qatlamiga mos mahalliy va milliy xususiyatlarni, ijtimoiy guruhlar bilan yaqin munosabatda bo’lgan uning moddiy madaniyatini ifoda etadi. Asrlar mobaynida xalq, ijodiyotining sohasi sifatida amaliy bezak san’ati. yuzaga kelgan. Uning rivojida xalq yashagan joyning jug’rofiy sharoiti, xalqining mashg’uloti, etnik va milliy jihatlari, turmush tarzi, madaniy darajasi, qo’shni xalqlar bilan aloqalari va boshqa muhim rol o’ynagan. Kulollikka yaraydigan tuproq mavjud joylarda kulollik, chorvachilik rivoj topgan yerlarda jundan mato to’qish, mo’ynado’zlik, kigiz bosish, gilamchilik va shu kabilar rivojlangan, Amaliy san’at asarlarining ma’lum joyga xos uslublari shakllangan. O’zbekiston hududidan mezolit davriga oid qad. san’at yodgorliklari topilgan. Neolit davri sopol idishlari qo’lda yasalib, chiziqcha, nuqta va ilonizi tasvirlar (tirnoq, qo’l bilan chizib) tushirib bezatilgan. Farg’ona vodiysidan miloddan avvalgi 3-ming yillik oxiri — 2-ming yillikka oid jez davri quyma badiiy buyumlari (jez va kumush buyumlar xazinasi) topilgan. Sopol idishlarga keyinchalik handasiy bezaklar ishlana boshlangan. Farg’ona vodiysi, Surxondaryo viloyati o’troq dehqon aholisi idishlari shu davrda uchburchak, rombsimon yoki kataksimon qizil-qora chiziqchalar bilan bezalgan; Amudaryo bo’yi vohasidan topilgan buyumlarda ham shunday tasvirlar jigarrang, oq zaminga chizilgan. Jez davri dasht qabilalari foydalangan sopol idishlardagi uchburchak, ilonizi, archasimon yoki yo’l-yo’l tasvirlar qolip bilan bosilgan (Xorazmdagi Tozabog’yop madaniyati, Buxoro vohasidagi Qizilqir qabristoni). Miloddan avvalgi 4 — 2- asrlar yodgorliklariga oid sopol idish va haykalchalarga hayvonlar shakli ishlangan (Qovunchi madaniyati idish dastasidagi hayvon shakli; Afrosiyob va Xolchayondan topilgan taqinchoqlardagi bo’rtma tasvirlar). Ilk o’rta asr (5 — 8 – asrlar) amaliy bezak san’ati Sug’d, Toxariston, Xorazm va Farg’onadagi davlatlar madaniyati bilan bog’liq ravishda rivojlangan. Ganch o’ymakorligi (Samarqand, Varaxsha) va yog’och o’ymakorligi (Surxondaryo viloyati)da naqshga mavzuli mujassamotlar aralashtirib berilgan, yassi bo’rtma bezaklar o’rnini hajmli shakllar egallagan. Handasiy va uslublashtirilgan o’simliksimon naqsh asoslari yanada mukammallashtirilgan. Afrosiyob, Bolaliktepa va Varaxsha rasmlarida tasvirlangan rang-barang kiyimlar shu davrda badiiy to’qimachilik taraqqiy etganidan darak beradi. Surxondaryo viloyatining Termiz shahri yaqinida joylashgan qabristondan, Pop tumani Munchoqtepa manzilgohidan 4 — 6-asrlarga oid qadimgi ajoyib kiyimlarning o’ziga xos namunalari topilgan, bundan qadimgi farg’onaliklar kiyimi ancha murakkab qilib tiqilganligi ma’lum bo’ladi. Samarqand viloyatidan qadimgi mahsi, Farg’ona vodiysidan qolip va charm kesadigan maxsus pichoq topilishi O’zbekistonda, umuman butun Turkistonda deyarli bir vaqtda, ya’ni 5 — 6-asrlarda bu oyoq kiyimning urf bo’lganini ko’rsatadi. Farg’ona vodiysi, Buxoro, Samarqand, Xorazm, Toshkent, Surxondaryo va Qashqadaryoda pichoqchilikning qadimgi markazlari bo’lgan. Pichoqlar faqat uy-ro’zg’or buyumi emas, balki harbiy qurol, hunarmandlik asbobi sifatida qo’llanilib kelingan. 6 — 12 – asrlarga oid pichoq namunalari metall tarkibining, pichoq yasash usuli va bezaklarining o’zgarib, taraqqiy eta borganini tasdiqlaydi. Navoiy, Bobur asarlariga ishlangan miniatyuralarda (15 — 17 – asrlar) yonga osib yuriladigan pichoqlarning turli xil namunalari tasvirlangan. 7 — 9 – asrlarda to’qimachilik taraqqiy etgan, ip, ipak matolardan tashqari qimmatbaho parchalar ham ishlab chiqarilgan. O’simlik va handasiy naqsh-bezaklariga boy, jonzodlar tasviri tushirilgan “zandonachi” matosi bizgacha saqlanib kelingan. Zandonachi matosining mujassamoti taqsim usulida tushirilgan; bir me’yorda almashinib turgan turunj bezaklari ichiga bir juft qarama-qarshi turgan Arslon, fil va boshqa hayvonlar tasviri joylashtirilgan. 5 — 10 – asrlarda sopol buyumlarning maxsus turi — ostadonlar tayyorlash rivoj topdi. Ostadonlarni bezashda tasviriy mavzulardan keng foydalanilgan: ajdodlar, homiylar va xudolar, parrandalar, shuningdek daraxt va boshqa o’simliklar o’yma, bo’rtma va boshqa usullarda ishlangan. 6 — 10 – asrlardan shisha idishlar ko’plab ishlandi; ko’zacha, qadaxlar, siyoxdon, turli idishlar rangli (qizil, olcha rang, sariq, ko’k, yashil), rangsiz shishalardan tayyorlanib, bo’rtma, bosma, chizma, qadama usullarda bezatilgan. Ko’plab rang-barang shisha munchoqlar ishlab chiqarilgan. Marmar qabr toshlari usti girih naqshlar bilan bezatilgan, yog’och va marmardan panjaralar ishlangan. Me’morlikda an’anaviy ganch, yog’och o’ymakorligi bilan bir qatorda g’isht qalab naqsh hosil qilish san’ati rivoj topdi. 12-asrda me’morlikda o’yma terrakotadan, sirlangan g’ishtdan foydalanildi, mahobatli binolarning devor, gumbazlari koshin bilan qoplab, bino ichi ganch o’ymakorligi, bo’yama naqshlar bilan bezatilgan. Islom dini qaror topishi bilan Amaliy san’at ning turli sohalarida badiiy bezak asarlari, mavxum naqsh-bezaklar yaratishga intilish kuchaydi. 9 — 10 – asrlar me’moriy naqqoshlikda handasiy (yulduzsimon shakllarning turli ko’rinishlari) va Arab yozuvlari ishlash etakchi o’rinda turgan. Girih san’ati yuksaldi. Rangli sirning ixtiro qilinishi (8-asr) bilan badiiy kulollik taraqqiy etdi. Samarqand, Toshkent, Buxoro, Termiz va boshqa shaharlarda sopol idishlarga naqshbezaklar ishlab, bo’yab, ustidan sirlash usuli o’zlashtirildi. Dastlab sodda yashil bezak ustidan xira sir qoplangan yoki 2-3 xil rangda sir dog’lari oqizilgan idishlar ishlangan bo’lsa, 10-11-asrlarda idishning oq yoki g’isht rang kizil zaminiga rangli angob bilan aniq naqsh mujassamoti tushirilib, ustidan tiniq (shaffof) qo’rgoshin sir qoplangan. Shu davr kulolligi (ayniqsa Afrosiyob idishlari)ga bezak bilan badiiy shaklning bir-biriga mos ravishda ishlanishi xosdir, keskin rangli bezakning aniq ishlanishi va tasvirlarning mahalliyligi (“kufiy” yozuvlari, novda, lola, anor, tok barglari tasvirlanishi) bilan ajralib turadi. Keyingi davr idishlariga uslublashtirilgan o’simliksimon naqshlar, yozuvlar va ba’zi hayvonlar shakli tushirilgan: yashil, yorqin havorang sirli idishlar, sirsiz bosma usulda tasvir tushirilgan, naqshli sopol idishlar ham ko’p ishlangan. 12 – asrdan koshindan noziq yupqa idishlar ko’plab ishlana boshlandi. Badiiy metall buyumlar o’rta asr uslubida yaratilgan. Idishlar (ko’za, qozoncha, shamdon va boshqalar) bronzadan yasalib, hoshiya va turunj naqshlar bilan bezatilgan, yozuvlar uslublashtirilgan o’simliksimon naqshlar bilan, ba’zan qush va hayvonlar tasvirlari ham aralashtirilgan, chizma, kandakori va boshqa usullarda ishlov berilgan. Xo’ja Ahmad Yassaviy maqbarasida saqlangan ulkan qozon (1390) bezaklari, o’yib naqshlangan eshik (1397), kumush qadab nafis ishlangan Shamdonlar o’sha davr Amaliy san’atining nodir namunalaridir. Shishasozlik (turli-tuman rangli qadah, piyola, likobcha va ko’zachalar) va badiiy to’qimachilik rivojlangan. 13 — 14 – asrlarda mo’g’ullar istilosi va undan keyingi davrlarda badiiy sopol idishlar mayda o’simlik va chizma naqshlar bilan bezalgan; yashil-qora va feruza-havorang bo’yoqlar oq angob ustiga tushirilgan, ustidan rangsiz yoki shaffof sir bilan qoplangan. Amir Temur va Temuriylar davrida badiiy xunarmandlik yanada ravnaq topdi; nafis matolar, gulli kashtalar, zeb-ziynat buyumlari, badiiy bezatilgan qurollar, ot abzallari, idishlar ishlab chiqarilgan. Registon, Shog’izinda, Oqsaroy kabi yirik me’moriy ansambllar yaratilib, bino tarzi rang-barang koshin va parchinlar bilan bezatilgan, bino ichi halli naqsh va bo’yama naqshlar bilan, 15 – asr 2 – yarmidan tilla halli bo’rtma “kundal” naqshi bilan bezatilgan. Yozma manbalarda Amir Temur saroylariga mavzuli tasvirlar, bo’yama naqshlar ishlanganligi qayd qilingan. Shayboniylar hukmronligi (1500— 1601) va Ashtarxoniylar (1601 — 1753) davrida O’zbekiston hududida tinimsiz urushlar bo’lib turgan. Shuning uchun ham badiiy hunarmandlik poytaxt — Buxoro va qisman boshqa yirik shaharlarda — Samarqand, Toshkent, Xivada to’plangan, xattotlik, kitobat san’ati, muqovasozlik, kitob miniatyurasi, qo’lyozmalar yaratish san’ati rivojlangan. Ustalar qo’lyozma kitob sahifalarini zarhal berib, noziq o’simlik va handasiy naqshlar bilan to’ldirib bezashgan. O’zbekistonning barcha markazlarida ip, ipak, jun matolar (atlas, zandonachi, baxmal, bo’z, shohi, olacha, parcha) va tayyor buyumlar (ro’mol, dasturxon, salla, belbog’, qiyiq va boshqalar) ishlab chiqarilgan. 18- asrlarda to’qimachilik markazlari Buxoro, Marg’ilon, Andijon, Samarqand, Xiva, Toshkentda joylashgan. Shahrisabzda popur (popop) chokli so’zanalar, Buxoro, Samarqand, Toshkentda xon va ulamolar uchun zardo’zi buyumlar tayyorlangan. 18 —19 – asrlarda mahobatli binolarni ayniqsa ichki qismini koshin, tosh, ganch, yog’och o’ymakorligi bilan bezatish davom etdi. Kulollik va kandakorlik san’ati yuksak darajaga ko’tarildi. Kandakorlikning Buxoro, Qarshi, Xiva, Shahrisabz uslublari vujudga keldi. Amaliy bezak san’atining boshqa turlarining mahalliy uslublari shakllandi. Yozma manbalardan 18 – asrda iroqi do’ppilar ko’plab tiqilgani ma’lum. 19- asr 1 – yarmi va o’rtalariga oid kashtalarda (Buxoro, Samarqand, Nurota) chamanzorlar tasvirlangan. Shaxrisabzda “abr” bezakli matolar to’qila boshlangan. Toshkent, Samarqand, Buxoro kabi shaharlarda, Xorazm, Farg’ona vodiysida ko’nchilik qadimdan rivojlangan. Turli xil ko’n mahsulotlari: charm, xrom, amirkon va boshqalardan poyabzal, telpak, ustki kiyim. ot-ulov abzallari, qayish, qin kabi buyumlar tayyorlangan. Teriga badiiy ishlov berish rivojlangan; dastlab oshlangan, ustidan pardozlangan, ba’zilari bo’yalgan. Buyumlar usti muraqqa usulida rangli charm, baxmal parchalari qo’yib, popuklar, qo’ng’iroqchalar qo’shib tikilib buyumning badiiyligi oshirilgan. Ayniqsa qog’oz-hujjatlar solib yuriladigan juzdon (juzgirlar)ga turunj naqshlari bosma usulda tushirilib, hoshiyasiga noziq o’simliksimon naqshlar berib bezatilgan. 18-19 – asrlar zargarlari qadimgi zargarlik san’ati an’analarini davom ettirishdi. Yozma manbalarga ko’ra 18-asr zargarlari oltin va kumushga qimmatbaho toshlar qadab toj va kamarlar, qurollar, ot abzallari, zeb-ziynat buyumlari ishlagan. 19-asr zargarlari zumrad, durru marvarid, yoqut, feruza, aqiq, sadaf kabi qimmatbaho toshlarni oltin va kumushga qadab serjilo, jozibali zeb-ziynat buyumlari yaratishgan. Ularga bolg’alab (zarb berib), hallab o’yib, bo’rttirib naqsh yasab, bosib (siqib), qoliplash usullarida ishlov berilgan. 19 – asr o’rtalarida Rishton qishlog’i kulollari elga mashhur bo’ldi. Shu davrda Abdujalil, To’xta, Abdulla kabi ustalar ishlab o’ziga xos Rishton kulollik uslubini yaratishdi. Rishton sopol idishlarining oq zaminiga ko’k bo’yoq bilan bezak chizilgan. Bezak mujassamoti doira shaklida tushirilib, idishning tubi va chetlari ajratilgan. Asosiy bezagi yirik serbarg gullardan iborat bo’lib, orasi noziq pechak singari novdalar bilan to’ldirilgan. To’rsimon hoshiya naqshlar orasiga an’anaviy ko’zchalar qo’yilgan. Rishton buyumlari qatori Vardonze, G’ijduvon, Kattaqo’rg’on, Shahrisabz, Toshkent kulollarining buyumlari o’ziga xos shakli, bezak mujassamotlari, naqshlari bilan ajralib turgan. 20-asr boshlarida O’zbekiston amaliy bezak san’ati qadimiy an’analarga asoslangan holda, yangi zamonaviy mavzular bilan boyitib rivojlantirildi. Aksariyat badiiy qunarmandlik sohalari tiklandi. Farg’ona an’anaviy to’qimachilik san’ati o’rganilib, abr gulli kiyimli ipak matolar (A. Axmedov), Buxoro yirik gulli matolaridan bino ichini bezaydigan badiiy buyumlar: deraza-eshik pardalar, choyshablar, dasturxonlar ishlab chiqarildi. An’anaviy chitgarlik (A. Abdug’afurov, K. Qo’ziyev, G’. Qo’ziyev), gilamchilik va palos to’qish (G. Abdullayev) da mavzuli tasvirlar berishga, kishilar siymosini yaratishga harakat kuchaydi. Kandakori buyumlarga ham tasviriy bezaklar berish rasm bo’ldi. 19 – asr an’analarini kashtachi K. Musajonov, opa-singil Rajabovalar (Chust “tus” do’ppilari, Shahrisabz “iroqi”larini yaratishgan), kulol T. Miraliyev, U. Shermatov, M. Ismoilov va boshqalar davom ettirdi. Zargarlik buyumlari shakl jihatdan ancha soddalashtirilsa ham qadimgi an’anaviy usullarda ishlandi. 30 – yillar o’rtalaridan sanoatda badiiy matolar ishlab chiqarish yo’lga qo’yildi. Toshkent to’qimachilik kombinati satin, chit, urushdan keyingi yillarda Marg’ilon shoyi to’qish kombinati sun’iy va ipak matolari ishlab chiqara boshladi. 60-70 – yillarda Marg’ilon “Atlas” birlashmasi, Namangan shoyi to’qish fabrikasi abr gulli ipak matolar chiqardi. Taqsim usulida yirik gulli kilib ishlangan “Arabi” xilidagi, sidirg’a va mayda gulli “terma” paloslar (T. Jo’raev, B. Mirzayeva, O. Xolmatova), zardo’zi do’ppi, nimcha, yirik namoyonlar (A. Aminov, M. Ahmedova, V. P. Stolyarov), so’zana, palak, gulko’rpa va turli qiyiqlar, mayda haykaltaroshlikda an’anaviy sopol ushpulaklar (U. Jo’raqulov, H. Rahimova) qatori beg’ubor hazil ruhi aks etgan haykalchalar (A. Muxtorov) yaratildi. Asosan so’nggi 80 — 90 – yillar ichida quyidagi asosiy yo’nalishlarda rivojlandi: 20 dan ortiq xalq hunarmandligini o’z ichiga olgan xalq Asosan yengil (chinni buyumlar, badiiy matolar) va mahalliy (sopol, yog’och buyumlar, gilamchilik, kashtachilik, zardo’zlik va boshqalar) sanoatni o’z ichiga olgan badiiy sanoat; ko’rgazma, interyer va manzarali kulollik buyumlari, gobelen, shisha, chinni va zargarlik san’atida an’anaviy bo’lmagan buyumlar yaratuvchi rassomlik ijodi bilan bog’liq malakali yakka tartibdagi mualliflik bezak san’ati. Xalq Amaliy san’atini rivojlantirish, uning unutilgan turlarini qayta tiklash va taraqkiy ettirishda “Usto” birlashmasi (1978) muhim rol o’ynadi. Kulollik, kandakorlik, tosh, yog’och va ganch o’ymakorligi, naqqoshlik, zargarlik san’ati, zardo’zlik, gilamchilik va kigizchilik, lok miniatyurasi, badiiy to’qimachilik, nosqovoq, to’qima ro’zg’or buyumlari, chinni, shisha buyumlar tayyorlash va boshqa Amaliy san’at turlari rivojlanmoqda. Ganch o’ymakorligini me’moriy bezaklarda qo’llash bu to’rning barcha maktablari an’analarini rivojlantirishga e’tiborni oshirdi. Ustalar turli maktab an’analarini uyg’unlashtirib, o’ta ehtiyotkorlik bilan me’moriy bezaklar mujassamotiga kiritmoqda. Badiiy hayotda ro’y berayotgan jarayonning ta’siri hamda mahalliy badiiy an’analarning boyligi badiiy tajribada an’anaviy bo’lmagan yakka tartibdagi mualliflik bezak san’atini rivojlantirmoqda. Badiiy to’qimachilik, chinni, shisha, kulollik buyumlari ko’rgazmalarda tez-tez namoyish ztilmoqda, ayni paytda shahar maishiy, me’moriy va boshqa muhitini boyitish vositasiga aylanmoqda. Jumladan an’anaviy bo’lmagan kulollik, gobelen tayyorlash rivojlanmoqda, ustalarning ishlari ko’rgazmalarda namoyish etilmoqda. 70- yillardan kulollik asarlari Toshkent va boshqa shaharlardagi jamoat binolarini bezamoqda: xalqlar do’stligi saroyi, “Chorsu” mehmonxonasi, Toshkent metropoliteni bekatlari va boshqalar. O’zbekiston Respublikasi mustaqilligi Amaliy san’atning barcha shakllarini rivojiga mustahkam zamin yaratdi. Shuningdek, O’zbekiston hududida qadimdan shakllangan, jahonga mashhur nafis san’atlar maktablarining noyob an’analarini avaylab asrash, o’rganish, boyitib borish, millim tasviriy, amaliy, miniatyura san’atining nodir durdonalarini dunyoga olib chiqish va targ’ib qilish, nafis san’atlar sohasidagi ilmiy izlanishlarni ishlab chiqarishga tatbiq etish, zamon talablariga mos badiiy ta’lim tizimini barpo etish, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, akademik ilmiy tadqiqot ishlarini takomillashtirish maqsadida O’zbekiston badiiy akademiyasi tashkil etildi (1997 yil 23 yanvar qarori). “Xalq badiiy hunarmandchiliklarini va amaliy san’atini yanada rivojlantirishni davlat yo’li bilan qo’llab-quvvatlash chora-tadbirlari to’g’risida”gi (1997 yil 31 mart) qarori milliy madaniyatni rivojlantirishda xalq badiiy hunarmandchiliklari va Amaliy san’atning ahamiyatini oshirish, qo’lda ishlanadigan yuksak badiiy buyumlarni tayyorlash asriy an’analarini va o’ziga xos turlarini qayta tiklash hamda xalq hunarmandlariga davlat tomonidan madad ko’rsatishda muhim ahamiyat kasb etadi. Xalq an’anaviy Amaliy san’atning yangidan tiklanishi va rivojlanishi har yili Navro’zda o’tkaziladigan Amaliy san’at asarlari ko’rgazmasida namoyon bo’lmoqda. Amaliy san’atning hamma sohalarida professional rassom, haykaltaroshlar o’rtasida hamkorlik mavjud. Amaliy san’atning shakllanishi, taraqqiyoti jarayonida badiiy uslublar almashinuvi san’atning boshqa turlari bilan bog’liq ravishda davom etadi. Akbar Hakimov.