AMBULATORIYA
AMBULATORIYA (lotincha ambulatorius — yurib bajariladigan) — qatnab davolanadigan kichik tibbiy muassasa. Ambulatoriyalar ko’proq qishloq joylarida tashkil etiladi. Unda asosiy kasalliklar (ichki, jarroxlik, ayollar kasalliklari) mutaxassislari ishlaydi. Shu bilan Ambulatoriya poliklinikadan farq qiladi. Ma’lumotlarga qaraganda, Turkistonda Ambulatoriyaga o’xshash shifoxonalar qadim zamonlarda ham bo’lgan. 17-asrda Buxorodagi mashhur “buq’ai dor ushshifo” kasalxonasi qoshida qatnab davolanadigan bemorlar uchun maxsus bo’lim tashkil qilingan. O’zbekistonda birinchi Ambulatoriya 1878 yilda Toshkentda ochilgan. Hozirgi Ambulatoriyalar zamonaviy diagnostika, davolash va profilaktika vositalari bilan jihozlangan.