AMERIKA QO’SHMA SHTATLARI EKSPORT-IMPORT BANKI

AMERIKA QO’SHMA SHTATLARI EKSPORT-IMPORT BANKI, Eksimbank (Bank of the United States) — AQShning mamlakat eksport-import operasiyalarini kreditlash bo’yicha davlat banki. Aksariyat 5 yildan va undan ortiq muddatga kreditlar, kafolatlar beradi. 1934 yilda hukumat tomonidan “Vashington eksport-import banki” nomi bilan tashqi savdoni moliyalash uchun tashkil etilgan. 1968 yildan hozirgi nomda. Bank xorijiy xaridorlarga kreditlar va eksport kreditlari bo’yicha kafolatlar beradi, eksport kreditlarini sug’urtalash, Amerikadagi kreditor xususiy banklarning eksport veksellarini hisobga olish va boshqalar bilan shug’ullanadi. Sarmoyasi 1 milliard dollar. Resurslarning asosiy manbai AQSh pul bozori vositalari va davlat xazinasining uzoq muddatli qarzlari. Kreditlar va kafolatlarning yillik hajmini AQSh Kongressi belgilaydi. Mazkur bank O’zbekiston AQShdagi “Keys Korporeyshn” kompaniyasidan kredit va moliyaviy lizing shartlarida qishloq xo’jaligi texnikasi (g’alla o’rish kombaynlari, paxta terish mashinalari, haydov traktorlari) ni sotib olishida xorijiy banklarning kreditlarini sug’urta qoplamasi bilan ta’minlashda ishtirok etdi (1997).