AMFIBOLLAR

AMFIBOLLAR — tog’ jinslari hosil qiladigan silikatlar sinfiga mansub minerallar guruhi. Magniy, temir, kaltsiy, ba’zan alyuminiy va ishqorlarning kremniy-kislorodli birikmasi. Umumiy formulasi. Monoklin va ahyon-ahyonda rombik singoniyali. Amfibollar ichki tuzilishi, fizik xususiyatlari va hosil bo’lish sharoitlari bilan boshqa silikatlardan farq qiladi. Amfibollar sienitlar, dioritlar, gabbro amfibolitlar, amfibolli slaneslar va boshqalar tarkibiga kiradi. Amfibollar kimyoviy tarkibi jihatidan birbiridan farq qiladi, lekin fizik xususiyatlari bilan o’zaro o’xshash. Qattiqligi 5-6,5. Sof og’irligi 2,8—3,6. Rangi minerallar tarkibidagi temir miqdoriga qarab, oq, sarg’imtir, yashil, qora va qo’ng’ir bo’ladi. Amfibollar magmatik, metamorfik jinslarda, skarnlarda paydo bo’ladi. Amfibollar vulkan lavalari tarkibida ham ko’p uchraydi. Umumiy miqdori yer po’stining qariyb 10% ini (massasi bo’yicha) tashkil qiladi. Ukraina, Uralda topilgan. Amfibollar O’zbekistonda juda keng tarqalgan (Olmaliq atroflari, Chatqol tog’lari, O’zbekistonning g’arbidagi volfram, molibden konlari va boshqa joylarda). Amfibollarning ba’zi xillari, jumladan, amfibol-asbestning mayin, egiluvchan tolalaridan o’tga va kislotaga chidamli materiallar tayyorlanadi.