AMINOVA RAHIMA HODIYEVNA
AMINOVA RAHIMA HODIYEVNA (1925.18.11, Qo’qon) — tarixchi olima, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi akademigi (2000), O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi (1985), tarix fanlari Doktori (1963), professor (1968). O’rta Osiyo davlat universitetining Sharq fakultetini bitirgan (1948). O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Tarix va arxeologiya institutida ilmiy xodim (1953— 57), bo’lim mudiri (1957-93), yetakchi ilmiy xodimi (1993ydan). Ilmiy ishlari O’zbekistonda sanoat ishchilari tarixi, agrar masala, xotin-qizlar harakati va boshqa mavzularga bag’ishlangan. O’zbekiston xotin-qizlari orasida jamoat ishlari olib borgan. Aminova 13 xalqaro tarix fanlari Kongressida (Moskva, 1970), 14-xalqaro tarix fanlari Kongressida (San-Frantsisko, 1975), 9-Jahon sotsiologlari Kongressida (Upsala shahri, Shvesiya 1978), 10-Jahon sotsiologlari Kongressida (Mexiko, 1982), 16-xalqaro tarix fanlari Kongressida (Shtutgard shahri, 1985), AQShda bo’lib o’tgan xalqaro tarixchilar ilmiy konferentsiyasida (1986), shuningdek Efiopiya, Jazoir, Bolgariya va boshqa mamlakatlarda o’tkazilgan xalqaro simpozium va konferentsiyalarda ilmiy ma’ruzalar qilgan. Beruniy nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1968).