AMIR

AMIR (Arab. — amr qiluvchi, boshliq, hokim) — lashkarboshi, hokim, bek. Arab xalifaligining dastlabki xalifalari va umaviylar davrida alohida qo’shin qo’mondonlari Amir deb atalib, ular odatda zabt etilgan viloyatlarga noib etib tayinlanganlar. Xalifalarga Umar ibn al-Xattobdan boshlab “Amir al-mo’minin” (“mo’minlar Amiri”) unvoni berilgan. Abbosiylar davrida Amir odatda xalifalarning oliy hukmdor ekanligini tan olgan hokimlar, shuningdek xalifalikka nomigagina qaram bo’lgan sobiq noiblar (ag’labiylar, Tuluniylar, Tohiriylar) yoxud qurol kuchi bilan o’zlari davlat barpo etgan mustaqil hokimlar (safforiylar, taznaviylar, buvayhiylar); ularni 10-asrda sultonlar deb ham atay boshlashgan. 10-asr oxiri — 11-asr boshida Amir deb turli tabaqaga mansub hokimlar va lashkarboshilar (ayyubiylar, mamluklar davlatlari va boshqada) atalgan. O’rta asrlarda Movarounnahr xonliklarida Amir ul-umaro, amiri shikor mansablari mavjud bo’lgan. Oltin O’rda, so’ngra Movarounnahr va Eronda mo’g’ullar istilosidan so’ng Amir deb uluslar boshliqlari atalgan (bek yoki no’yon ma’nosida). Bu unvonni Amir Temur ham olgan; Temuriylar sulolasiga mansub shahzodalar Amirzoda (Amir o’g’li) deb atalib, Mirzo uning qisqartirilgan shaklidir. 18-asr oxiridan e’tiboran Buxoro xonligi hukmdorlari o’zlarini Amir deb atay boshlaganlar. Safaviylar Eronida Amir — viloyat hokimlari (odatda qabila boshliqlari, xonlar va sultonlar), Afg’onistonda Amir unvonini barakzoylar sulolasi hukmdorlari Do’stmuhammadxondan boshlab olganlar. 20-asrda monarxik Arab davlatlarida (masalan, Saudiya Arabistonida) Amir — hukmron sulolaning valiahd shahzodalari.