Amir Temur maslahatlari

  • Saltanat ishlarida to’rt ishni qo’llash kerak: 1) kengash; 2) mashvarat va maslahat; 3) xushyorlik va mulohazakorlik; 4) ehtiyotkorlik.
  • Saltanat ishlarining bir qismi sabru toqat bilan bitgay. Yana bir qismi bilib bilmaslikka, ko’rib-ko’rmaslikka solish bilan bitur.
  • Donishmandlar aytgan ekanlarki, o’z o’rnida qo’llanilgan tadbir bilan katta lashkarning qilichi ojizlik qilgan gar qanday mamlakat darvozasini ochib, favj-favj (to’da-to’da) askarini yengib bo’lur.
  • Azmi qat’iy, tadbirkor, hushyor, urush ko’rgan, mard va shijoatli bir kishi mingta tadbirsiz, loqayd kishidan yaxshiroqdir.
  • G’anim lashkarini sindirish askarning ko’pligi bilan emas, mag’lub bo’lish esa siphoning kamligidan bo’lmaydi. Balki Ollohning madadi va bandasinign tadbiri bilan bo’ladi.
  • Garchi ishning qanday yakunlanishi taqdir pardasi ostida yashiringan bo’lsa ham, aqli raso va hushyor kishi mulohazakorlik, tadbir va kengashga tayanishi lozim.
  • Yuz ming otliq askar qilolmagan ishni bir to’g’ri tadbir bilan amalga oshirish mumkin.
  • Qaysi bir ishda ikki xatar mavjud bo’lsa, uni qilmas edim. Bir xatarlik ishni ixtiyor qilardim.
  • So’zlarida ittifoqlik bo’lgan kishilargina kengash ahli bo’la oladilar.
  • G’animlarimni chuchuk so’z, shirin hikoyatim bilan o’z tarafimga og’darib olmoqni va ularning vujudidagi g’azab o’tini to’g’ri tadbir suvi bilan o’chirmoqni maslahat ko’rdim.
  • Saltanatni egallashga da’vogarlik qilib xuruj qilgan ekansan, saltanat sha’ni va martabasiga loyiq ish tutishing lozim.
  • Men adolat bilan hamkorlik qilishga azmu jazm qildim.
  • Maslahatni shunda ko’rdimki, epchillik, uddaburonlik qilib, dushman lashkar to’plab ulgurmasdan burun, ularga zarba berib, to’zitib yubormoqni munosib ko’rdim.
  • Mo’g’ullar men turgan yer va lashkarim qay ahvolda ekanligini bilib kelish uchun oldimga elchi jo’natdilar. Elchini chalg’itish maqsadida lashkarimni ikki marta qayta-qayta uning oldidan o’tkazdirdim.
  • Men bilan ittifoqi buzilgan amirlarni birma-bir xoli joyga chaqirtirib, har qaysisi bilan alohida gaplashdim. Mol-dunyoga hirs qo’ygan ochko’z va ta’magirlariga mol-dunyo va’da qildim, mansab-martabaga va mamlakatlarni boshqarishga ko’z tikkan amalparastlarga qo’lim ostidagi mamlakat va viloyatlardan birining hokimligini berdim. Ularning hammasini umid va qo’rqinch orasida saqladim. Qolgan sipohiylarni ham yemak-ichmak va kiyim-kechak umidi, shirin so’z va ochiq chehra bilan o’zimga rom qildim. Bir xizmatini o’n barobar qilib taqdirlab, dilini xushnud etdim. Natijada, meni qo’llab-quvvatlaganlar ham, teskari bo’lgan munofiqlar ham, hammalari endi atrofimda birlashdi. Har ishda birlik – ittifoqlikni qo’ldan bermaslikka, amrimdan chiqmaslikka va’da berib, men uchun molu jonlarini ayamay, jang maydonida jonbozlik qilishga ahd qildilar.
  • Amir Bayon sulduznign o’g’li amir Shayx Muhammad o’zini amir, deb hisoblar edi. Uning ham ko’nglini olib, o’z tarafimga og’darib oldim va yetti qo’shinga boshliq qilib, o’zmga mute’ va mulozim qildim. Mazkur qo’shinlarning amirlaridan har qaysisiga viloyat in’om qildim.
  • Amir Husayn bilan oramizda qarindoshlik rishtasi bo’lganligidan unga har turli muruvvatlar ko’rsatib, u bilan murosayu-madora maqomida bo’ldim, lekin baribir, do’st bo’lmadi. Ish shu darajaga borib yetdiki, Balx va Xisori shodmon viloyatlarini mendan tortib oldi. Men esam, uning singlisi haramimda ekanligini mulohaza qilib, Amir Husaynni siquvga olmadim. U bilan murosayu-madorada bo’lishga shunchalik harakat qildimki, bu hatto uning amirlariga ham ta’sir qilib, oxiri menga bo’ysundilar. Lekin, Amir Husayn hamma vaqt meni mag’lub etish payiga tushib, firib berib keldi. Oxir-oqibat, uni qilich vositasi bilan bo’ysundirishga qaror qildim.
  • Amir Boyazid jaloir Xo’jand viloyatini tasarruf etgan edi. Unga do’stona nasihat bersam, qabul qilmadi. Oxir-oqibat, o’zining odamlar unga qarshi chiqishib, oldimga kishanlab olib keltirdilar. Men esam, o’tgan ishlarini yuziga solmay, unga iltifot ko’rsatdim. Buni ko’rib o’zi uyatdan sharmanda bo’ldi.

Leave a Reply