Amir Temur sulolasi. Oila tarixidan

Oilaviy hayot hamma zamonlarda, barcha davrlarda ham shaxsiy turmushning mo’tabaru muqaddasi sanalib kelingan. Uning asoslari o’ziga xos huquqiy me’yorlar bilan himoyalangan. Oila jamiyatning muhim bo’g’ini ekanligi tushunchasi azaldan umum tomonidan qabul qilingan.

“Avesto” shohidligiga ko’ra, ulug’ ajdodlarimiz makoni bo’lib kelgan yurtimizda oilaning vujudga kelishi, shakllanishi tarixi ko’p ming yillarni qamraydi. Miloddan burungi IX-VIII asrlarda er va xotin bo’lib yashash, bu ikki jins shaxsning o’zaro ittifoqi-birgalikda hayot kechirish, ro’zg’or yuritish, bola-chaqa tarbiyalash, oilaviy idora usullari amalda shakllangan bo’lib, hayotda amal qila boshlagan edi. “Avesto”da oila nmana deb atalgani aytiladi. Patriarxal – ota boshqaruviga asoslangan xonadon boshlig’i “nmanopati” – uy hukmdori deyilgan. Oilada ayolning, onaning o’rni va hurmati katta bo’lgan.

Markaziy Osiyoda bo’lgani kabi, qadim O’zbekistonda oilaning bir qancha turlari mavjud bo’lgan va uzoq asrlar davomida o’z ideal shakllarini saqlab qola olgan. Bu siraga, eng avvalo, uch yoxud undan ortiq avlod birgalikda yashaydigan xonadonni kiritish joiz bo’ladi. Bu ulkan oilada ota-ona, uylangan farzandlar, ularning bola-chaqalari, uylanmagan o’g’illar, uzatilmagan qizlar birga, jipslikda yashagan. Bunday xonadonda uylantiriladigan farzand uchun kelin ota uyiga tushirib kelingan va oila yana bir xalqaga kattalashgan. Oilalarning ulkanlashib borishi shu – o’g’illarning uylanishi hisobiga bo’lgan.

Yana bir yaxlit oila shakli ikkinchi turga mansub deb hisoblanadi. Bu oilada ikki, yoyinki, undan ortiq aka-ukalar – uylanganlari ayollari, bolalari bilan, uylanmaganlari hamda uzatilmagan opa-singillari birgalikda istiqomat qilib kelganlar. Bu xonadonni katta aka boshqargan. Oilaning bu turi anchayin murakab ko’rinishiga ega bo’ladi. Er va xotin, ularning balog’atga yetmagan bolalaridan iborat oila uchinchi xil xonadon deb e’tirof etiladi. Oila tarixiga doir bu chekinuvlarni bejizga keltirmayotirman. Oilaviy hayotning bu ko’rinishlari qancha asrlar kechgan bo’lsa-da, keyingi davrlarga qadar aytarli o’zgarishlarsiz voqe bo’lib keldi. XIV-XVI asrlarga, Sohibqiron Amir Temur va Temuriylar davriga murojaat etilganda ham, oilaviy shamoyilning zikr etilgan shakllari va xillarini kuzatish mumkin bo’ladi. Boshqacha aytganda, dunyoda hamma narsa vaqtlar o’tishi bilan nomini, mohiyatini, ko’rinishini o’zgartirishi mumkin, ammo oilaviy hayotda shakl va mazmun deyarli asl holida bardavom ekanligini, shu xususiyatiga ko’ra, uni olimlar ideal hisoblashlarini ta’kidlashga hojat yo’q. Dinlar, e’tiqodlar o’zgaradi, jamiyatlar almashinadi, siyosatlar turlanadi, biroq oilaviy hayot – jamiyatning asosiy bo’g’ini bo’lgan er-xotin birligi shakliga, mohiyatiga putur yetmaydi. O’zgaruvchan omillar, o’z navbatida, oila mustahkamligiga diniy, mafkuraviy jihatdan ma’lum tahrirlar kiritishini ham istisno etib bo’lmaydi. Bu o’rinda Markaziy Osiyoda islom dinining qabul qilinishi va oila, nikoh masalalaridagi tamoyillarni ko’zda tutayotirman.

Islom dini ahkomlari yurtimizda qadimdan hukm surib kelayotgan oila tizimiga monelik qilmadi, aksincha, oilada kattalarga, ota-onalarga hurmat, kichiklarga muruvvat g’oyasini g’oyasini singdirish bilan uni yanada mustahkamladi. Katta xonadonlarning muhim ijobiy jihati inoqlikda edi. Bunday oilalarda yoshlar kattalardan yashash sirlarini, hunar, kasb-ijtimoiy va oilaviy hayot tajribalarini, dunyoqarash va o’zligini o’rganadilar. Bunday oilalarda asriy an’aalar, urf-odatlar avloddan-avlodga bekamu ko’st o’tib, jamoaviy yashashning afzal tomonlari o’zlashtiriladi. Katta xonadonlarning el-ulusning tinchligi, ravnaqida hissasi sezilarli bo’ladi.

XIX asrning so’nglarida V.Nalivkin va M.Nalivkina Farg’ona vodiysida ulkan patriarxal oilalar mavjudligi haqida ma’lumot bergan edilar. Namanganda XX asr boshlarida 60,70, ba’zida 100 kishini qamragan oilalar bo’lgan. Masala mohiyatiga shu nuqtai nazardan yondashiladigan bo’lsa, Amir Temur va Temuriylar xonadoni unchalik katta patriarxal oilalardan emasligi aniq bo’ladi. Fasih Xavofiyning “Mujmali Fasihiy” asarida qayd etilganidek, Sohibqiron Amir Temur vafot etgan payda uning o’g’illari va nabiralari 36 kishidan iborat edi. Bunga xotin-xalaj va kelinlarni qo’shadigan bo’lsak, 60, 70 nari-berisidagi raqam kelib chiqadi.

Jahonshumul hukmdor Osiyo va Afrika qit’asida joylashgan qanchadan-qancha mamlakatlarni idora qilgan, bu xonadondan yetishgan avlod-sulolaning umumiy hisobda 347 yil toju taxtda bo’lgani dalili, hech bir istisnosiz, oila, tarbiya, qobiliyat va turkiy davlatchilik an’analariga uzviy bog’lanadi. Bularning hammasini jamlab, bir kalimada oila sha’ni va bardavomligi deb ifodalash mumkin. Sohibqiron Amir Temur va Temuriylar davrida oila, uning sha’ni qay darajada tutilganligini, mazkur sulolaning boshlovchilari va davomchilari turmushi misolida, o’sha asrlarda joriyda bo’lgan oila munosabatlaridan kelib chiqilgan holda hikoya qilishni maqsadga muvofiq bildim.

Leave a Reply