Amir Temur sulolasi. Qutlug’ Turkon og’o oilasi

Turkiy asilzodalar oilalarida tug’ilgan qizlarga mahobatli ismi sharifalar qo’yish rasm bo’lgan. Muhammad Xorazmshohning onasi, Chig’atoy xonlaridan Tarmashirinxonning qiz farzandi Qutlug’ Turkon. Turkon nomi bilan atalgan Amir Temur bilan bir vaqtda yashagan qavm boshliqlaridan Xizr Yasavuriyning, Ulug’bek Mirzoning qizlaridan biri ham shu ismni olganlar. Vaqtida Muhammad Tarag’ay oilasida dunyoga kelgan qizaloqqa ham yaxshi niyatlar bilan Qutlug’ Turkon Og’o deb ot qo’yganlar. Aftidan, birinchi ayolidan farzand ko’rmagan ota tomonidan Tegina begim Mohdan tug’ilgan qizning qutlug’ qadamli bo’lishi haqidagi umidlar ifodasi o’laroq, shu ism tanlangan.

Qutlug’ Turkon Og’oning ukasi Temurbekdan besh yosh katta ekanligi aytiladi. Shunga bovar qilinadigan bo’lsa, Qutlug’ Turkon Og’o 1331 yilda tavallud topgan bo’ladi. Opa bilan ukaning tug’ilishi orasidagi besh yillik muddatni qanday izohlash kerak bo’ladi? Buni chaqaloqlar tug’ilishi va nobud bo’lishi bilan kechgan yillar, deyish mumkin. “Zafarnoma”da bir o’rinda Shirinbeka Og’o Temurbekning singlisi deyilsa, yana bir joyda, opasi deb ko’rsatiladi. Gap shundaki, Shirinbeka Og’oning oilada ikkinchi farzand bo’lishini ehtimol tutib bo’lmaydi. Chunki “Malfuzot”da Tegina begim vafoti Temurbek 18 yoshga kirganda – 1354 yilda yuz berganligi aytiladi. Qutlug’ Turkon Og’o bu paytda 23 yoshda, Shirinbeka Og’o esa 20-21 yoshga kirgan bo’lardi. O’sha paytlar qizlarning uzatilishi juda erta – 12 yoshdan boshlab amalda bo’lganligini hisobga olsak, “uy ishlariga mutasaddi bo’lgan” Turkon Og’o emas, kichik singil Shirinbeka Og’o ekanligi anglashiladi. Shirinbeka Og’o bu paytda 14-15 yoshli qizaloq edi.

Qutlug’ Turkon Og’o, shubhasiz, onasi hayotligi paytida turmushga berilgan. Kuyov – Dovudbek Do’g’lot degan kishi bo’lgan. Do’g’lot qavmi Chig’atoy ulusi ikkiga ajralib ketgandan keyin, sobiq Chig’atoy xonligining sharqiy qismida, asosan, Qoshg’arning g’arbiy Yettisuvning janubiy qismida joylashgan, shu yerlarga egalik qilgan. V.V.Bartold ta’biri bilan aytganda, turkiylashgan mo’g’ul elati edi. Yettisuvning Issiqko’ldan, uning janubga qadar bo’lgan bir qismi, Farg’onadan Xitoy Turkistonigacha bo’lgan viloyatlar ham do’g’lotlarga tobe edi. Do’g’lot amirlari ham Movarounnahrning qavm boshliqlari singari Chig’atoy xonlaridan hokimiyatni tortib olgach, Bayonquli, Doshmandcha, Kobulxon kabi Chingizxon avlodidan bo’lgan, soxta xonlarni taxtga chiqarganlar. Amir Qazag’on, Amir Temur soxta xonlarga hech qanday huquq bermagan, ular davlatni idora qilish ishlariga aralashtirilmagan bo’lsa, do’g’lotlar qo’ygan qo’g’irchoq xonlar tadbirli va aqlli kishilar bo’lib, hokimiyatni nomiga emas, amalda boshqarishni qo’lga oladilar. Bu esa Chig’atoy xonlari hukmronligiga barham bergan do’g’lot beklarining mavqei tushib ketishiga sabab bo’ladi.

Dovudbek Do’g’lotning kelib chiqishi haqida hech bir ma’lumot uchramaydi. Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma” asarida Amir Husayn va Amir Temur tomonidan mo’g’ul sarkardalaridan Iskandar o’g’lon, Amir Hamid va Amir Yusufhojaning asirga olinishi va qatl etilishi voqeasi keltirilgan. Sharafiddin Ali Yazdiy bu voqea 765 hijriyda – milodiy 1363-1364 yilda ro’y berganligini yozadi. Fasih Xavofiy ham mo’g’ul amirlarining qo’lga olinishi va qatl etilishi voqeasini 1364 yil voqealari silsilasida beradi. Bu yerda biz uchun muhimi, Dovudbek Do’g’lotning ismi sharifi qayd etilishida, Nizomiddin Shomiy uni “Amir Dovud” deb ataydi. Amir Dovud va Amir Sayfiddinlar Amir Temurning ishonchli kishilari sifatida qo’lga tushgan amirlar jonini saqlab qolish uchun mas’uliyatli topshiriqni bajarishga yuboriladi.

1363 yilda Qutlug’ Turkon Og’oning yoshi o’ttizdan oshgan edi. Bu davrda Amir Dovudbekning tajribali, jasur sipohiy sifatida Amir Temur va Amir Husayn qo’shinida, ular tarafida xizmat qilganligini tasavvur qilish qiyin emas. Amir Temurning Qarshini qo’lga olishi voqealari ifoda etilgan sahifalarda Nizomiddin Shomiy Dovudbekni Suyurg’atmish o’g’li, Amir Choqu, Amir Soru Bo’g’o, Amir hoji Sayfiddinlar qatorida ulug’ amirlardan, deb ataydi. Shaharning Huzor tomonidagi darvozasini muhofaza qilishni Amir Temur opasi va singlisining erlari Amir Dovudbek Amir Muayyadlarga ishonib topshiradi. Muarrix qavlicha, Huzor darvozasi tomonda Amir Muso lashkari turgan edi. Amir Temur va Amir Dovud dushmanning chap qanotiga birgalashib hujum qiladi. Amir Temurning qo’l ostida oltmish navkat bor edi. Qarshi hokimi Amir Muso lashkari tumtaraqay bo’lib qochadi. Nizomiddin Shomiy Sohibqiron Amir Temur uchun nihoyatda qiyin bo’lgan 1360-1370 yillar davomida Amir Dovud va Amir Choqularning unga sadoqatli bo’lganligini alohida ta’kidlaydi.

Amir Dovudbek Do’g’lotning Sohibqiron xonadoniga opasi Qutlug’ Turkon tufayli ichkarilardan bo’lganligini yana bir dalil tasdiq etadi. Hijriy 776 yili (1374) Amir Temur “Amir Dovud, Yodgor barlos va Uzun Uljoytularni podshohona hadyalar, malikani nodir buyumlar bilan Xorazmga yubordi hamda ularga oliy nasabli Xonzodani izzat-ikromli elchilar hamrohligida Samarqandga olib kelishni buyurdi. Ular Xorazmga yetganlarida Yusuf So’fi martabali mehmonlarni ulug’lash va hurmatlash vazifalarini bajo kelturdi va Xonzoda, shunday bonuni o’shanday ulug’ hazratga (Jahongir Mirzoga uzatish ko’zda tutilayotur) yuborishga loyiq tartibu davdaba bilan jo’natdi”.

Amir Dovurdbek Do’g’lotning keyingi taqdiri to’g’risida manbalarda ma’lumotlar uchramaydi. 1376 yil boshlarida Mo’g’ulistonda hokimiyatga kelgan Qamariddinga qarshi olib borilgan janglarda Amir Dovud va Amir Uchqaro bahodirlarning jang maydonidan qochgan mo’g’ullar ortidan quvishga jo’natilganligi aytiladi. Shu voqeadan keyin Amir Dovudbek Do’g’lot ismi sharifi tarixiy asarlarda tilga olinmaydi. Holbuki, u bilan dushmanni ta’qib etishga yuborilgan Amir Uchqaro bahodirning keyinchalik yana Qamariddin bilan to’qnashganligi, janglarning birida jonini zo’rg’a qutqazib qolganligi aytiladi:

“Amir Uchqaro Qamariddinning ketidan quvib ketdi. Bir qancha yo’l yurishgach, Qamariddin o’z navkarlarini yig’ib, Uchqaroni o’rtaga oldilar. Amir Uchqaroning otini o’q otib yiqitdilar. Ammo u jonini qutqazib qoldi”. Qamariddin, Tug’luq Temurdan keyin mo’g’ul taxtiga kelgan Ilyosxo’jani o’ldirib, uning hokimiyatiga chek qo’ygan qotil kishi edi. U Tug’luq Temur bilan Po’lodchi tomonidan asoslangan Sharqiy Turkiston davlati va unga qarashli hududlarda hukm yuritadi. Po’lodchining ukasi sifatida taxtni kuch bilan tortib oladi. Sohibqiron Amir Temur unga qarshi betinim kurash olib boradi. Yuqorida eslatilganidek, Qamariddinni ta’qib etishda Amir Dovudbekning halok bo’lganligi ehtimoldan holi emas. Amir Uchqaro esa 1393 yilda ham hayot bo’lgan.

Amir Dovudbek Do’g’lotning Qamariddinga qarshi olib borilgan janglardan keyin yuz bergan qizg’in voqealar ichida bo’lmasligining birdan-bir sababi yuqorida aytilgan taxminga borib taqaladi. Jetaga qilingan keyingi yurisharda, safarda Amir Temur Dilshod Og’oga uylanadi. Bu voqea 776 hijriyda (1374 yil) bo’ladi. To’ydan keyin Sohibqiron o’rdusi Uzgand shahriga yetib keladi. Bu yerga Samarqanddan beklarning xotin-xalaji bilan Qutlug’ Turkon Og’o tashrif buyuradi, Sohibqironni qutlaydi. Amir Dovud hayot bo’lganida edi, u shu voqealar munosabati bilan tilga olingan bo’lardi. Amir Dovudbek o’z qaynog’asi – Amir Temurga uzoq yillar davomida, eng qiyin kunlarda sadoqat bilan xizmat qilgan, uning bahodir safdoshlaridan biri bo’lgan.

Qutlug’ Turkon Og’o turmushga chiqqanidan so’ng, Keshda yashamagan. Eri Dovudbek Do’g’lot sipohiy odam bo’lganligi uchun ham turar joylari o’zgarib turgan. To’g’luq Temurning o’g’li Ilyosxo’ja hukm surgan yillarda ular Samarqandda muqim turganlar. Ilyosxo’janing amiri Bekichak Temurbek izidan tushib, uni ta’qib ostiga olganda, u Samarqandda, opasining uyida qirq sakkiz kun yashirinib turishga majbur bo’ladi. Qutlug’ Turkon Og’o va unign oilasi 1370 yildan keyin Samarqandda doimiy yashab qoladi.

Muarrixlar Qutlug’ Turkon Og’o aqlli va keng bilimli ayol sifatida ta’riflaydilar. Kesh va Samarqandda qurilgan ko’pgina obidalar Qutlug’ Turkon Og’oning maslahati bilan bunyod topganligi aytiladi. Sohibqironning davlat quyoshi porlab chiqqan yillarda Jahongir Mirzoning o’limi (1376 yil) uni qattiq qayg’uga solgan vaqtda, qizi Tog’ayshoh Og’o begimning og’ir hastalikdan bu dunyoni tark etganida (1382 yil) olam ko’ziga tor ko’ringan ukasiga pandu nasihatlar qilgan, uni ruhlantirgan Qutlug’ Turkon Og’o bo’lgan. Sohibqiron opasi so’zini ikki qila olmagan, unga ulkan hurmat-ehtirom bilan bog’langan. Qizi ta’ziyasi kunlarida Xurosondan tashvishli xabarlar keladi. Azaliy dushman Alibek Joniqurboniy Amir Vali bilan til biriktirib, Sabzavor ustiga bostirib keladi va Shirinbeka Og’oning o’g’li, jiyani Ali Muayyadni qamal ostiga oladi. Saltanat ishidan chekinib, qattiq motamli bo’lgan Amir Temur hech kimni ko’rishni istamayotgan bir vaqtda, opasi uning huzuriga kirib, “Sen shu ahvolda dunyo tashvishlariga befarq bo’lsang, tez orada olam tugab bitadi. Xudoning ishiga hech kim chora qila olmaydi. Dunyo paydo bo’libdiki, ishlar shunday keladi, qayg’urishdan foyda yo’q. O’zingni shunday tutadigan, qayg’uga barham bermaydigan bo’lsang, xalqing va davlating parokandalikka uchraydi. Allohning bandalari kambag’allikka tushadi. Bu nimasi, Mazondaronda qandaydir to’dalar musulmonlarga kulfat solsalar? Bu yerda birgina yo’l bor: sen jangga otlanasan va talonchilarni shunday jazolaysanki, qaytib birortasi bunday bosqinchilik haqida o’ylamaydigan bo’lsin”. Nihoyatda bosiqlik va mehribonlik bilan aytilgan bu so’zlar Sohibqironni o’ziga keltiradi. Xuroson va Mazondaronni talashga intilgan to’dalar tanobini tortib qo’yish uchun qo’shin tortib, yo’lga tushadi.

Qutlug’ Turkon Og’oning Amir Dovudbek Do’g’lotdan necha farzand ko’rganligi manbalarda eslatilmaydi. Sharafiddin Yazdiy “Zafarnoma”sida 1386 yil voqealari hikoya qilinar ekan, shu davrning muhim harbiy ishlaridan biri – Fors mulklariga qo’shin tortish bo’lganligi aytiladi. Tavochilar barcha viloyatlardan lashkar yig’adilar. Yurish boshlangach, Amir Temur Movarounnahr sarhadlarini himoya qilish uchun Dovudbek va Qutlug’ Turkon Og’oning o’g’li Sulaymonshoh bilan Abbosbekni qoldirganligi qayd etiladi. Anglashiladiki, Sulaymonshoh harb ishlariga erta jalb etilgan bo’lgan. Uning tavalludini XIV asrning 40-yillari oxirlarida bo’lgan, deb faraz qilsak, 1386 yilda yoshi 35-37 oralig’ida edi, deyish mumkin. Movarounnahr viloyatlarini himoya qilish uchun tabiiyki, katta lashkar qoldirilgan. Shunday mas’uliyatli topshiriqni jiyaniga ishonib topshirish, uning bahodir, jangovar kishi bo’lganligini dalolat etadi. Sulaymonshohbek To’xtamish ustiga qilingan yurishlarda jasorat ko’rsatadi. U, Amir Yodgor Barlos, Shamsiddin Abbos va G’iyosiddin tarxonlar Turkistonda zaxira kuchlarni tashkil etuvchi lashkarlarni boshqarganlar.

To’xtamish ustida g’alaba qozonilgandan keyin, Sohibqiron Mo’g’ulistonda bosh ko’targan kuchlarga qarshi otalanadi. Zikr etilgan amirlar Hizr Hoja O’g’longa qarshi janglar olib boradilar. Ular Qaytun degan joyda Sohibqiron bilan uchrashadilar. Mo’g’ul lashkarini tumtaraqay qilgan Sohibqiron zafar quchib, 1389 yilning 30 avgustida poytaxti Samarqandga qaytadi. G’alaba sharafiga katta to’y uyushtiriladi. Malikalar, shahzodalar, beklar Sohibqironga munosib tuhfalar hadya etdilar. Muarrix qishga qadar Amir Temurning o’z poytaxtida baxtli va farovon hayot kechirganligi, el va ulusi adolat va obodonlikdan bahramand bo’lganligini qoniqish bilan yozadi. Qish yaqinlasha boshlagach, Amir Temur qishlamoq uchun Buxoroga otlanadi. Sohibqiron o’rdusi Farkat degan manzilda joylashadi. Bu joyda bir qancha ko’llar bo’lib, ovlanadigan qushlar nihoyatda serob bo’lgan. Maxsus chodirlar tiklanib, hamma uchun xos xonalar muhayyo etiladi. 1390 yilning qishi ham boshlanadi. Sohibqironning qizi Sultonbaxt begim bilan Sulaymonshohbekning to’ylari shu yerda o’tkaziladi. Sohibqiron o’rdusida jami malikalar, shahzodalar, ichkilar katta bir jamoani tashkil etgan. Amir Tarag’ayning bevasi Qadoq Xotun ham Sohibqironning qishki safarida biri bo’lgan. Sulaymonshoh va Sultonbaxt begim to’yidan ko’p o’tmay, keksaygan o’gay ona – Qadoq Xotun olamdan o’tadi. Amir Temur bu ayolni xuddi onasidek yaxshi ko’rgan va hurmatlagan. Muarrix qayd etganidek, “Taqdirning odati shundaki, har bir quvonch ortidan, albatta, bitta qayg’uni ko’ndalang etadi, har bir baxtdan so’ng bitta o’limni yo’llaydi”. Sohibqiron bu voqeadan qattiq qayg’uga botadi. Ona ta’ziyasi o’tkazilib, uning jasadi Keshga, dafn uchun hurmat-izzat bilan jo’natiladi.

1390 yilda Amir Temur mo’g’ullarga qarshi 20 ming kishilik qo’shin safarbar etadi. Ko’zga ko’ringan bahodirlar lashkar boshliqlari vazifasiga tayinlanadi. Sulaymonshohbek boshchiligida amalga oshirilgan bu yurish olti oyga cho’zilib ketadi. Oziq-ovqat tugashiga qaramay, qo’shin vazifani uddalab, Samarqandga qaytadi. Bu yillarda Sulaymonshohning obro’-e’tibori yuksaladi, mo’g’ullarga qarshi kurashda ko’rsatgan jasorati Sohibqironni mamnun etadi. 793 hijriy qo’y yilida To’xtamishga qarshi qo’shin tortgan Amir Temur uni Qunduzcha (hozirgi Samara shahridan shimolroqda) degan joyda turganini aniqlab, lashkarini 7 qismga bo’ladi. Muarrix bu haqda gapirar ekan, “Hech bir podshoh lashkarni bunday tuzmagan va bu haqda eshitmagan ham”, deydi. Yetti qo’l – yetti lashkar guruhiga bahodirlarni tayinlaydi. Qo’l boshliqlari orasida shahzoda Muhammad Sulton, Amironshoh Mirzolar bo’lganligini hisobga olsak, bu harbiy to’lg’amada Sulaymonshohning tutgan o’rni nechog’lik baland bo’lganligi ayon bo’ladi.

Amir Sulaymonshohning saltanatda tutgan o’rni bo’lganligi, toza-jiyanlik munosabatlaridan tashqari, janglardagi bahodirlik bilan yanada mustahkamlangan. Sultonbaxt begimni nikohiga olish uning mavqeiga nechog’lik ta’sir qilgan, manbalardan bunga aniq javob topish qiyin. Har holda, shu davrda saltanatda kechgan voqea-hodisalar silsilasida u ulkan dargohning sanoaqli yaqinlari qatorida bo’lgan. Buni 1394 yilning avgustida Shohruh Mirzoning Samarqandg yuborilishi va kutib olinishi marosimi ham tasdiq etadi. Shohruh Mirzoni Xurosondan saltanatning Saroy Mulk Xonim, Tuman Og’o va boshqa beklarning xotin-xalaji qanchadan-qancha qo’riqchilar hamrohligida Sultoniyaga qadar kuzatib kelganlar. Shohruh Mirzo Keshga – Shahrisabzga kelib tushganida Samarqanddan Sulaymonshoh uni kutib olish uchun katta tuhfalar bilan yetib keladi. Poytaxt Sulaymonshoh boshchiligida martabali shahzodani kutib olish uchun chiroyli qilib bezatiladi, hunarmandlar bor san’atlarini namoyish etadilar. Sohibqiron poytaxtda bo’lmagan vaqtida Sulaymonshohga xonadonning eng mas’uliyatli yumushlari ishonib topshirilgan.

Sohibqiron Amir Temur qachonki Xuroson hokimiyatini Shohruh Mirzoga berganida Amir Mizrob Joku, Sayyid Hoja Shayx Ali Bahodir, Abdusamad hoji Sayfiddin singari ulug’ beklar qatorida Sulaymonshohni ham shahzodaning xos kishilari qatoriga kiritadi. Sulaymonshoh Shohruh Mirzoning ammasi, xotini Sultonbaxt begim bilan Xuroson idorasida Shahzoda xizmatida bo’ladi. Shohruh Mirzo butun arkoni davlati bilan 1397 yilning may oyida Jayhundan o’tib, Andhudga yetib keladi. Shu tariqa, Sulaymonshoh Shohruh Mirzo yonida, Hirotda o’n oga yaqin xizmatda bo’ladi. 1398 yilning martida Sohibqiron Amir Temur bilan Shohruh Mirzoning Keshda uchrashuvi bo’ladi. Hirotdan Sulaymonshoh chaqirib olinadi hamda Kach va Mikronni bo’ysundirishga jo’natiladi. Sulaymonshoh bu farmonning ijrosini ta’minlaydi.

Sulaymonshohning Sohibqiron Amir Temur vafotidan keyingi hayoti qanday kechganligi to’g’risida so’zlashdan burun uning rafiqasi, tog’asi Amir Temurning qizi Sultonbaxt begim haqida ham to’xtalish o’rinli bo’ladi. Sultonbaxt begim Movarounnahrda mo’g’ullar hokimiyatiga barham bergan Amir Qazag’onning nabirasi, Amir Musallaning qizi, Amir Husaynning singlisi O’ljoy Turkon Og’odan tug’ilgan edi. Sultonbaxt begim taxminan 1363-1364 yillar oralig’ida tug’ilgan.

Amir Temur yurt ozodligi yo’lida o’ziga safdosh bo’lganlarni, do’stlarini juda qadrlagan. Shulardan biri Sher Bahrom edi. Amir Husaynning kaltabinligi tufayli, uning imdodi bilan o’ldirib yuborilgan Sher Bahrom xonadoniga Sohibqiron katta iltifot ko’rsatadi. Sher Bahromning o’g’li Muhammad Mirakni tarbiyasiga oladi. Muarrix bu haqda, “Muhammad Mirak hukmdor bilan yaqinlashish baxtiga muayyas bo’lgan – u Sohibqironning kuyovi edi, yuksak baxt sohibasi Sultonbaxt begim uning xotini edi. U Sohibqiron tomonidan, uning nazar-e’tibori soyasi ostida bo’lib, Xuttalon mulki va aholisi unga to’liq bag’ishlangan edi”, deb yozgan edi.

Sultonbaxt begimning Muhammad Mirakka turmushga chiqishi 1378-1379 yillar nari-berisida bo’lgan. Ular 1388 yilga qadar birgalikda hayot kechirganlar. 1388 yilda Amir Temur Xorazmga beshinchi marta qo’shin tortganida, yo’lda unga unga kuyovi Muhammad Mirakning ukasi Abdulfath o’z odamlari bilan safni tashlab ketganligini aytadilar. U tezda izlab topiladi va qochishi sabablari aniqlanadi. Muhammad Mirak qo’shindan ajralib, Amir Temurga qarshi isyon ko’targanligini, ukasi Abulfathni ham yoniga chorlaganligi ma’lum bo’ladi. Xiyonatkor aka-ukalar harbiy qonunlarga binoan qatl etiladi. Sultonbaxt begim bilan Muhammad Mirakning nikohidan farzand tug’ilganligi tarixiy asarlarda zikr etilmaydi. Eri xiyonatga qo’l urganda, Sultonbaxt begim 25 yosh atrofida bo’lgan. Oradan bir yildan ortiq vaqt kechib, Sultonbaxt begim, aytilganidek, Sulaymonshohga uzatiladi. Bu – ikkinchi nikohdan ham farzandlar dunyoga kelganligi manbalarda ko’rsatilmaydi.

Muhammad Mirakning xiyonat yo’liga kirishi sabablarini izohlash mushkul. Otasi Sher Bahromning yuz-xotiri uchun unga muruvvat ko’rsatgan, suyukli qizini berib, o’ziga yaqin qilgan Sohibqiron bu nonko’rlikni kechirmagan. Sharafiddin Ali Yazdiy bu bobda haq gapni aytgan: “Odam boyisa, isyon ko’taradi”. Muhammad Mirakning ko’rnamakligi, kaltabinligi nafaqat o’z boshiga yetishiga, shuningdek, Sultonbaxt begimnign ham keyingi taqdiri mahzunlikda, tafriqada kechishiga sabab bo’ladi. Ayniqsa, Sohibqiron Amir Temur vafotidan keyin yuz bergan voqea-hodisalar po’rtanasida Sulaymonshoh o’tirgan qayiqning halokatli baland-pastlari Sultonbaxt begimning manzilini yurt sarhadlaridan olislarga uloqtiradi.

Sulaymonshoh Kach va Mikron fathidan keyin shu mulklar jilovini qo’lga olgan edi. Amir Temur vafotidan so’ng, taxtga da’vogar bo’lib chiqqanlardan biri Sohibqironning ikkinchi qizi Tog’ayshoh Og’o begimdan tug’ilgan, Amir Musoning nabirasi Sulton Husayn edi. Sulton Husayn yengiltak, buzg’unchi va nafs bandasi edi. U, qarindoshlaridan bo’lgan Muhammad Sultonning ayoli, Samarqanddan Balxga kelayotgan Xonika begimni yo’lda talab, mol-mulklari va ziynatlarini olib, lashkariga tarqatadi. Fe’lda ota tomonidan bobosi Amir Musoga tortgan Sulton Husayn boshpana izlab, Sulaymonshoh huzuriga boradi. Sulton Husayndek buzg’unchini qanoti ostiga olgan Sulaymonshoh Hirotga borganida, Shohruh tomonidan qabul qilinmaydi. Noiloj, u Samarqandga Xalil Sulton oldiga boradi va qo’shinning ilg’ori boshliqligi vazifasiga qo’yiladi. Sohibqiron taxti uchun bo’lgan kurashlarda Sulaymonshoh Xalil Sulton tarafida bo’ladi. Jangu jadallarda Shohruh Mirzo qo’li baland kela boshlaydi. Tarixiy manbalarda 1406 yildan keyin yuz bergan toju taxt kurashlari yilnomasida Amir Sulaymonshoh ismi uchramaydi. Tasavvur qilish mumkinki, 1389 yildan to 1406 yilga qadar, 17 yil davomida Sultonbaxt begim Amir Sulaymonshoh bilan birga hayot kechirgan, bu yillarda taqdir taqozosiga ko’ra, goh Jayhunning u tarafida, goh bu tarafida sipohiylar oilalariga xos hayot kechirgan.

Sulaymonshoh Sohibqiron tog’asi vafotidan keyin Amironshoh Mirzo va uning o’g’li Xalil Sulton xizmatida bo’lishni o’z burchi deb bilgan. Xalil Sulton va Shohruh Mirzo qarama-qarshiliklari davom etgan 1405-1407 yillar oralig’ida shahid bo’lgan, deyish mumkin. Eri o’limidan keyin Sultonbaxt begim akasi Amironshoh panohida bo’ladi. Amironshoh Mirzo va Xalil Sultonlar qismati og’ir bo’ladi. 1408 yilda Amironshoh Mirzo Qora Yusuf tomonidan qatl qiladi. Musofirlik va muxtojlikda qolgan Xalil Sulton ham 1411 yilda og’ir xastalikdan hayotdan ko’z yumadi.

Sultonbaxt begim umrining oxirgi yillarini Nishopur shahrida kechirgan. Fasih Xavofiy 1429-1430 yil voqealari haqida ma’lumot berar ekan, “Nishopurda ulug’vor xotun, Amir Sohibqiron Amir Temurning qizi Sultonbaxt beka vafot etdi”, deydi Sultonbaxt begim, taxminan 66-67 yil umr ko’radi.

Sohibqiron Amir Temur xonadoni silsilasidagi katta bir halqa – Qutlug’ Turkon Og’o oilasi tarixidan muxtasar hikoya qilingan bu lavha XIV asr oxirlaridagi turmush tarzini tasavvur qilishga ma’lum yo’nalish beradi, deb o’ylayman. Bu xonadon shu davrda kechayotgan siyosiy voqealarning markazida bo’lganligi va faslligi bilan alohida ajralib turadi. Qutlig’ Turkon Og’o 1383 yilning yozida Samarqandda 52 yoshida vafot etadi. Nizomiddin Shomiy bu haqda, “Amir Sohibqironning opasi Qutlug’ Turkon Og’o bu foniy manzildan boqiy olamga rixlat qildi… Amir Sohibqiron uning vafotiga diltang bo’lib, qayg’uga to’ldi. Uning firoqida g’amgin va giryon bo’ldi. Ravshan diliga va muborak xotiriga vahshatu nafrat yo’l topdi. Bir necha kun oromsizligu iztirobi ortib bordi. Mamlakat va davlat ishlari bilan shug’ullanmay qo’ydi. Oxirida sayyidlar, ulamo, mashoyix va solih kishilar Amir Sohibqiron huzurida to’planib, nasihat berish va va’z aytish vazifalarini ado etdilar”, deydi. Opasi uchun azadorlik vazifalarini ado etib, Sohibqiron ko’p xayriyalar qiladi, muhtoj kishilarga sadaqalar ulashadi. Samarqandda, Shohizindada, Qusam ibn Abbos marqadidan uncha uzoq bo’lmagan joyda Qutlug’ Turkon Og’oga mahobatli daxma bunyod etiladi. Oila sha’nini juda baland tutgan Sohibqiron opasi ruhini musallam tutgani kabi, uning xokini ham abadiylikka badal etgan edi.

Leave a Reply