Amir Temur sulolasi. Xonadonga sadoqat

Sohibqiron Amir Temur tarixlarida uning safdoshlari nomma-nom keltiriladi. Ularning ko’pchiligi Temurbek bilan yonma-yon turib, Movarounnahrni mo’g’ullar zulmidan xalos qilishda fidoiylik ko’rsatganlar, jon berib-jon olganlar. Eng sodiqlari og’ir damlarda ham u bilan birga bo’lgan, vaqtincha tog’u toshlarda, g’orlarda, o’zga yurtlarda yashab, yovga qarshi kuch to’plaganlar. Vatanni mo’g’ul bosqinchilaridan ozod qilish istagi ularni Sohibqiron atrofida birlashtirgan. Hokimiyat talashuvlari, o’zimbo’laychilik ba’zida bir marrada turib kurashgan vatanparvarlar saflarini siyraklashtirgan, xudbinlik, nafs balosi bir tarafgam el-ulus manfaati ikkinchi tomonga ajralib qolgan holler ko’p bo’lgan. Amir Husayn ham dastlab qo’lda qilich bilan mo’g’ullarga qarshi jang qilgan, biroq hokimiyat havosi uni o’zgartirib, oyog’i tagini ko’rolmaydigan hukmdorga aylantiradi, ikki do’st, qaynog’a va kuyov qarashlari ikki qutbga ajralib, biri ayshu ishrat, boylikka ruju qo’yadi. Vatan taqdiri uchun hayot-mamot kurashi uni qiziqtirmay qo’yadi. Ikkinchisi esa eng og’ir, mashaqqatli vaqtlarda ham, necha o’limdan omon qolib, yurtning daho xaloskoriga aylanadi. Temurbek tarafida doim uni quvvatlovchilar bo’lgan. Movarounnahrning taniqli amirlari, beklari, ruhoniylari, sarkordalari, eng muhimi, oddiy xalq – raiyyat vakillari bo’lgan sipohiylar, navkarlar Sohibqiron rahbarligi ostida, o’limni bo’yniga olib, kurash maydoniga kirganlar, unga qattiq ishonganlar, qattiq bog’lanib qo’lga qilich olganlar.

Tomuqa Qovchin oddiy va tanti yigitlardan bo’lgan. 1360-61 yillarda Temurbek mo’g’ullar ta’qibidan Moxon tomon ketganida va vaziyatni bilish uchun qaytganida (O’ljoy Turkon Og’oni Buxorzindon qishlog’ida qoldirib), uning kelganidan xabar topgan Tomuqa Qovchin o’n besh yigitni boshlab Temurbek huzuriga, xizmatga keladi. Temurbek shu yigitlar bilan Xuzorga qadar yetib boradi. Ular hamkorligida Samarqandga borgan Temurbek opasi Qutlug’ Turkon Og’o uyida mo’g’ul iskovichlaridan 48 kun yashirinib turadi. Oradan bir qancha vaqt o’tgandan keyin, ancha kuch to’plangan Temurbek Tomuqa Kovchinni 300 kishiga bosh qilib, Kaxlak qishlog’iga, ma’lumotlar yig’ib kelish uchun yuboradi. Jayhundan Termiz kechuvidan o’tgan Tomuqa Kahlakka yetib keladi. Bu vaqtda mo’g’ul qo’shini yurtni talab, xarobaga aylantirib qaytayotgan bo’ladi. Tomuqaning yo’li, ittifoqo, o’z qishlog’i ustidan tushadi. Qishloqdoshlarini ko’radi, ular bilan salomlashadi, bolalari haqida so’raydi. Ular “bolalarning va oiling hammasi yaxshi yurushibdi, sog’-salomat, ular hozir Ushmun (balkim, Uyshundir) qishlog’ida, bu yerdan uncha uzoq bo’lmagan joyda yashab turibdilar, ularni borib ko’rsang bo’lardi”, deyishadi. Tomuqa, bosh chayqagach, ular yana “hech bo’lmaa, bir soatga uyigga kir, o’g’illaringni ko’r”, deb qistaydilar. U Temurbekni sadoqat bilan yaxshi ko’rardi, shu sababli, ular taklifini qabul qilolmay, “To Sultoni G’oziy (Temurbek) o’z ayoli va bolalarini ko’rmaguncha, mening o’z farzandlarim yuzini ko’rishim insofdan emas”, deb javob beradi. U qo’yilgan topshiriqni muvaffaqiyatli ado etib, qaytadi.

Sohibqironning mo’g’ullarga qarshi kurash tarixi avvaliga taalluqli ana shu dalilni Muiniddin Natanziy, Nizomiddin Shomiy, Sharafiddin Ali Yazdiy o’z asarlarida talqin etilganlar. Fors mamlakati fath etilganda, 1396 yilda Tomuqa Qovchin Yazd o’z asarlarida talqin etilganlar. Fors mamlakati fath etilganda, 1396 yilda Tomuqa Qovchin Yazd shahrining dorug’asi bo’lib turgan edi. Bunday misollar zikr etilgan manbalarda istalgancha topiladi. Sohibqiron sadoqatli xizmatni juda qadrlagan. Fikrimni yana bir salmoqli dalil bilan to’ldirishni joiz deb bildim. Amir G’iyosiddin Shoh Malik Tarxon ismi sharifi so’z yuritilayotgan davr tarixlarida Sohibqironning yetti yillik yurishlari talqinida ko’p uchraydi. Uning ismiga, ayrim manbalarda, “tarxon”, “barlos” degan nisbalar ham qo’shilganligini uchratdim. Tarxonlik alohida xizmat ko’rsatgan shaxslarga butun avlodiga taalluq qilib beriladigan yuksak unvon bo’lgan, qishloqlar, mulklar suyurg’ol etilgan, oliq-soliqlar to’lanmagan va hokazo. O’sha davrning qahramonlarigina tarxonlik unvoni bilan siylangan, barlos nisbasi, urug’, qavmga tegishlilikni ifoda etadi. Amir Shoh Malik ham kelib chiqishi, avlodi jihatidan Kesh barloslaridan bo’lgan, deb taxmin qilish mumkin.

“Matla” asarining muallifi Abdurazzoq Samarqandiy amir Shoh Malik haqida shunday deb yozadi: “U tadbirkor ulug’ amir edi va hazrat Sohibqironning zamonida yaxshi xizmatlar ko’rsatib oliy daraja va mansabg’a erishgan edi. Onhazrat Temur uning peshonasida baxtu omad asarlari va saodatu baxtiyorlik nurlarini mushohada etgach, uni tarbiyalashga mayl ko’rsatgan edi. U, hanuz yosh yigit ekanligiga qaramay, unga nisbatan ko’rsatilgan inoyat asosi shunday ediki, bir kuni Onhazrat Temur uni xos xilvatga chaqirib buyurdi: “Amirlar falon podshohning qonidan o’tishimni so’radilar, men ularning so’zlariga quloq solmadim, ular buni yana arzga yerkazdilar, men esa man qilaman. Sen shunday qilishing kerak: men ularning so’ziga quloq solmay turgan vaqtimda sen dalirona tiz cho’kib iltimos qilasan, men sen senga o’shqiraman, sne o’rningdan turib orgaqa chekinasanu, ammo shu haqda so’z ochilganda qo’rmasdan oldinga chiqib tiz cho’kasan”. Shunday qilib amir Shoh Malik bir necha bor tiz cho’kib, iltijo qilgach, Onhazrat”, “Amirlar menga aytgan bu so’zlarga men iltifot ko’rgazmagan edim, endi, agar bu go’dakning so’zini tinglamasam, dili og’diydi va o’z tengqurlari orasida sharmanda bo’ladi”, – dedi va uning talab iltimosini qabul qildi. Shu tarzda Onhazrat Temur uni kundan-kunga tarbiyat qilib bordi va oxiri amirlikning oliy darajasiga ko’tarildi. Onhazrat Temurning unga nisbatan inoyati shu darajada ediki, u: “Qasi bir mamlakat fath qilinsa va u mamlakatdagi qaysi bir qishloqni Shoh Malik ixtiyor qilsa, u qishloq uning suyurg’ali bo’ladi”, – deb buyurgan edi. Hayoti muddatida uning suyurg’ali uzluksiz ko’payib bordi. Shoh Malik o’ziga tegishli mulklarda madrasalar, xonaqohlar, masjidlar, rabotlar va hovuzlardan iborat ko’p xayrli imorat qurilishlarini yodgor qoldirdi”.

G’iyosiddin Shoh Malik, fikrimcha, jangu jadallarda Sohibqiron nazariga tushgan. Yetti yillik yurish yilnomalarida Shoh Malikning faol ishtiroki muntazam tarzda zikr etiladi. Nizomiddin Shomiy “Zafarnoma”sini varaqlab ko’raylik. Avnik, Arzirum va Ko’histonning bo’ysundirilishi va itoatga olinishida Shoh Malik o’zini ko’rsatadi. Mulg’utu mavzesidan o’tib, Xizr Xoja o’g’lon bilan qilingan jangda g’oliblik muyassar bo’ladi. Shoh Malik Tarxon (Shomiy 1390-1391 yil voqealariga to’xtalayotganida uni “tarxon” deb tilga oladi) Nikotu mavzesida Amir Temur hazratlariga g’alaba mujdasini yetkazadi. 1391 yilda Sohibqiron Dashi Qipchoqqa, To’xtamishxon ustiga yurish qiladi. To’xtamishxonga qarshi kurashda Shoh Malik mardlarcha jang qiladi. Shomiy aytadi: “Kimda-kim u kuni biror jangovorlik hunarini ko’rsatgan yoki mardlik yo’liga qadam qo’ygan bo’lsa, Amir Sohibqiron uni tarbiyat qilib, ko’nglini ko’tardi, unga tarxonlik nishonini berdi hamda ularni o’z huzuriga kirishda hech kim man qilmasin, ularni va farzandlarini to’qqiz gunoh sodir bo’lmagunicha so’roq qilinmasin va otlaridan ulov uchun olinmasin, barcha favqulodda yig’in-takliflardan mutlaqo ozod qilinsin, deb buyurdi. Shoh Malikning martabasini ko’tarib, unga parvonachi mansabining xos muhrini topshirdi. Uning yaqinlari va qarindoshlarini ham tarbiyat qilib, o’z inoyat va marhamatiga musharraf etdi va unga vazirlik to’nini kiygizdi”.

Shu jangga qadar ozchilik bilib, ko’pchilik tanimagan sipohiy yigit xizmati yuksak qadrlanadi. Parvonachili, tarxonlik, vazirlik, buning ustiga qarindosh urug’lariga ko’rsatilgan inoyat – bular Sohibqironning adolatidan, buyuk davlat arbobligidan navbatdagi misollar edi. Xizmat va uning rag’bati muntazam va muttasil tarzda olib borilgan. Sohibqiron armiyasidagi qattiq intizom, yuksak jangovorlik moddiy va ma’naviy rag’batga juda-juda bog’liq edi. Tikrit qal’asining olinishi, Qatur uchun bo’lgan janglar qanchalik og’ir va tog’li joylarda kechmasin, Shoh Malik sipohlari hamisha o’zlarini ko’rsatadilar. Qaturning talonchi, yarim yovvoyi janglari tunda Shoh Malik qo’nalg’asiga hujum qiladilar. Amir Temur hazratlarining “g’ayrati tutib, – deydi Shomiy, – ular tomonga yo’naldi va bir hamladayoq g’olib keldi”. Bu misol Sohibqironning Shoh Malikni qanchalik yaxshi ko’rishidan bir dalil, desam bo’ladi. Hindistonning fath etilishida ham amir Shoh Malikning mardligi va jasurligi ko’p bora namoyon bo’ladi. Ko’hna Dehli Shoh Malik boshchiligidagi besh yuz sipohiy tomonidan qo’lga kiritiladi.

Misr, Damashq va Rum fathida ham amir Shoh Malikka lashkarning sara qismlari ishonib topshiriladi. Shunday kunlar bo’ladiki, Sohibqiron lashkarlari bir yo’la uchta qal’ani qo’lga kiritadilar. Tartum, Birtis qal’alari nihoyatda mustahkam, baland tog’da qurilgan istehkomlar bo’lgan. Shu janglarning bevosita ishtirokchisi Nizomiddin Shomiyning shohodatiga ko’ra, Birtis qal’asini fath etishda katta mas’uliyat amir Shoh Malikning zimmasiga tushadi. Shomiy bu to’g’rida, “Amir Sohibqiron amirlarga qal’a aylanasining har tarafidan o’rab olishni buyurdi. Qal’aning bir darvozasi bor ediki, u o’z holiga yana ikkinchi qal’a edi. Chunonchi, donishmand kishilar aqli uni olishni tasavvur qilishdan ham ojiz, donolar fikri uni egallashga qisqalik qilar edi. Amir Sohibqiron u darvozani amirzoda Shoh Malik bahodirning uhdasiga topshirdi va u qal’a ro’baro’sida g’oyatda mustahkam bir qal’a qurishni buyurdi. Boshqa amirlarga esa ikki yonda yana ikki qal’a ko’tarishni topshirdi, toki agar qal’ani olish uzoqqa cho’zilsa, bahodirlar vaqt o’tishi bilan g’animlarni tanglikka tushirgunlaricha shu qal’ada turadilar, dedi. Amir Shoh Malik davlat quvvatini qo’llovi va Amir Sohibqiron inoyatining barakoti bilan uch kun muddatda shunday bir qal’a qurdiki, unda uch ming odam turishi mumkin edi”, degan so’zlarni qoniqish va iftixor bilan yozadi.

Amir Shoh Malikning Rum yurishidagi jasorati haqida Sharafiddin Ali Yazdiy ham qiziqarli dalillar keltirgan. Yildirim Boyazidga qarshi boshlangan yurishda Sohibqiron qo’shinlari Qirshahrga yaqinlashib keladilar. Darakchilar shu yaqin orada Yildirim Boyazid lashkarlari qorasi ko’rinayotganligi xabari olib keladilar. Qo’shinlarga hamma tomon bo’ylab yonga qarshi bori amri farmoni bo’ladi. Har to’xtalgan joyda chohlar qaziladi. Amir Temur hazratlari amir Shoh Malikni ming kishi bilan “til” olib kelishga jo’natadi. Shoh Malik otliqlari tunda yo’lga chiqib, Yildirim Boyazid armiyasi qo’ngan hududga yaqinlashib keladi. Dushman lashkarida qorovul almashadigan payt bular yashiringan joylaridan chiqib, ularga tashlanadilar, o’rtada qattiq olishuv yuz beradi. Yildirim Amir Temurning bir guruh botir sipohiylari ilg’or qilib kelganligini eshitib, qattiq ta’sirlanadi. Bu hol uning sha’niga soya tashlanganidan xafa bo’ladi. Yildirim joyidan qo’zg’alib, Qirshahr tarafga ton payti yo’l oladi. Amir Shoh Malik Rum Qaysariga qarshi olib borilgan janglarda doim Sulton Mahmudxon bilan bir safda bo’lgan. Sulton Mahmudxon Sohibqiron tomonidan nomiga qo’yilgan Chig’atoy xonlari avlodidan bo’lgan kishi edi. Shu orada u Yildirim Boyazidni qo’lga oladi. Oradan ko’p vaqt o’tmay o’zi ham bandalikni bajo keltiradi. Yildirim Boyazidni ta’qib qilgan Sulton Mahmud guruhi safida amir Shoh Malik ham bor edi.

Ikki atoqli vazir amir Shoh Malik va Shayx Nuriddinning hukmdor o’limidan keyingi xatti-harakatlari, birining xonadonga metin sadoqati, ikkinchisining hokimiyat ilinjida xoinlik yo’lini tanlashi manbalar asosida ko’rsatildi. Ayniqsa, Shayx Nuriddinning o’ldirilishi, Tuman Og’oning Hirotga, Shohruh Mirzo huzuriga qaytilishi, Samarqandda Ulug’bek Mirzoning Movarounnahr hukmdori bo’lishi va amir Shoh Malikning unga Otaliq bek etib tayinlanishi Yazdiy “Zafanoma”si asosida hikoya qilindi va ularni ortiq takrorlashga hojat yo’q. Bu o’rinda faqat Fasih Xavofiyning “Mujmal”idan ayrim chizgilarni qo’shimcha qilishni maqbul ko’rdim. Asarda, Sohibqiron O’trorda qishlab turganida uning yonida amir Shoh Malik, Shayx Nuriddin va amir Hoja Yusufdan boshqa xos kishilar bo’lmaganligi aytiladi. Sarkardalar, qo’shin bilan bo’lgan ulug’ kishilar hammasi – bir qismi Dashti Qipchoqda, yana bir bo’lagiToshkentda qish chiqishini kutib turganlar. Bu ham Sohibqironning amir Shoh Malikni nihoyat darajada o’ziga yaqin olganligini tasdiq etadi. Shunday muruvvat Shayx Nuriddinga ham ravo ko’rilgan. Sohibqironning o’ng va so’l tomonida tiz bukib o’tiradigan bu ikki vaziri a’zam, oradan hech vaqt o’tmay, biri xonadonning haqiqiy himoyachisiga, unisi esa ashaddiy dushmanga aylanadi, hatto Sohibqironning haramiga ko’z ola qiladi, deb kim o’ylagan edi? Odamni anglash, baribir, qiyin ish ekan. Shayx Nuriddin imkon kelishi bilan o’zini hokimiyatga urdi, o’ylovsizlik va besabrlik qildi – o’zini muqarrar tig’ga urdi, ajalidan burun o’ldirildi. Amir Shoh Malik esa e’tiqodida sodiq qoldi, xonadonga bo’lgan mehr-muhabbatini na xazinaga, na yuksak amallarga almashtirmadi, aksincha, qo’liga shamshir olib, Sohibqiron vasiyatini himoya qilishga, toju taxtining qonuniy egalariga tegishli yo’l ochish uchun kurashdi. U to’g’ri yo’l tutgan edi. Sadoqat, metin iroda uni yuksaklikka ko’tardi. Shohruh Mirzo davrida Xorazmni boshqardi. Xorazmshoh deb ulug’landi. Hatto, Husayn va Yusuf So’filar ham Xorazmni idora qilib turganlarida Xorazmshoh deb atalmagan edi.

Amir Shoh Malik juda to’g’ri so’z bo’lgan. “Matla”da keltirilishicha, Ulug’bek Mirzo o’zining otaliq begidan – amir Shoh Malikdan arazlagan, undan xafa bo’lgan. Oraga tushgan bu sovuqlik 1411-1412 yillar tegrasida yuz beradi. Shohruh Mirzo huzuriga “Mirzo Ulug’bekning navkari Malik yasovul kelib, Mirzo Ulug’bek bilan amir Shoh Malik orasida bir qudurat mavjud ekanligini arzga yetkazdi, deyiladi. “Matlai sa’dayn va majmai bahrayn” asarida, – amir Sayyid Ali tarxonni xabarni tekshirib aniqlash uchun Samarqandga jo’natdilar. Amir Sayyid Ali ahvolni surishtirib ko’rib bildiki, Onhazrat (Shohruh Mirzo) amir Shoh Malikka inoyat ko’rsatib, Movarounnahr mulklariga sohib ixtiyor qilib tayinlaganidan buyon amir Shoh Malik barcha ishlarni ko’pchilik ra’yiga muvofiq, to’g’ri fikr va o’tkir nazar bilan tartibga solgan, Mirzo Ulug’bekka nisbatan esa pand-nasihat qilish va davlatxohlik ko’rsatish maqomida ekan. Ammo ko’pchilik tabiatiga, xususan podshohlarga, nasihat achchiq tuyuladi, chunki ular hamma vaqt tiriklik ta’mini o’zlari uchun shirin va mazali bo’lishini istaydilar va butun olamni o’zlaridan past deb biladilar. Agar amir Shoh Malik biror maslahatga binoan Shahzodaning ra’yiga xilof ish qilgudek bo’lsa, g’arazli kishilar uni betartiblik va bemulohazalikka yo’yib, boshqa bir suratda ko’rsatadilar. Nasihat adovatga sabab bo’lib chiqishini oldindan qanday gumon qilish mumkin?!”

Bu nizoning oqibati amir Shoh Malikning Xorazmga ketishi bilan yakun topadi. Xorazmda bu paytlarda yana g’ulu qo’pgan, viloyat qo’ldan chiqish holiga kelib qolgandi. Amir Shoh Malik Xorazmda ishlarni qo’lga oladi, adolatni qaror topdiradi va 1413 yilning aprelida Hirotga qaytib keladi. Shundan keyin ko’p o’tmay, Shohruh Mirzo Xorazm hukumatini boshqarishni amir Shoh Malik zimmasiga yuklaydi. Ulug’bek Mirzo va Shoh Malik o’rtasidagi ixtilof, muarrix aytgani kabi, o’rtadagi g’arazli kishilarning ishi, tezlashlari oqibati edi. Qachonki, amir Shoh Malik Xorazmni idora qila boshlaganidan keyin, bu nizo o’z-o’zidan barham topib ketgan. Shu voqeadan keyin oradan to’rt yil o’tib, Ulug’bek Mirzo Hirotga kelganida, Xorazmdan tashrif buyurgan Muhamamd Jahongir Mirzo va amir Shoh Malik sharafiga katta to’y beradi. Bu, endi, ustozga, Otaliq bekka hurmat va, ayni vaqtda, xatoni tan olish, degani ham edi. Shohruh Mirzo 1420 yilda Iroq va Ozarbayjonga yurish qilganida Ulug’bek Mirzo Movarounnahrdan o’n ming otliq qo’shin bilan ko’makka keladi, amir Shoh Malik ham Xorazmdan katta lashkarni boshlab Hirotga qadam qo’yadi. Bu yurishnign qanday yakun topganligi, Qaro Yusufning foniy dunyodan adam bo’lganligi to’g’risida avvalroq so’zlab o’tdim. Qaro Yusuf bilan to’qnashuvdan oldin amir Shoh Malik o’z nomidan unga Poyanda ismli bir navkarini Qaro Yusuf oldiga yuborib, oqilona nasihat qiladi. Unga, jumladan, Iroq va Ozarbayjonda hukumat qilish uchun Shohruh Mirzoga Sultoniya va Qazvinni tinch yo’l bilan topshirish sharti qo’yilgan edi. Qaro Yusuf bu shuhratli amir gapini olmaydi va yuborgan elchisini Tabrizda hibsga oladi. Qaro Yusuf bilan urush muqarrar bo’lib, Shohruh Mirzoning hisobsiz lashkari Ray shahri yaqinida turganida, Qaro Yusuf to’satdan hayotdan ko’z yumadi. “Matla” muallifi bu haqda, “Qaro Yusufning vafoti voqeasi Ujon atrofida yuz berganligiga qaramay, turkmonlar shunchalik sarosimaga tushilarki, murdani chodirda qoldirib, qoshish yo’lini changitdilar, kishilardan ba’zilari chodirni g’orat qilib, mayitning kiyimlarini egnidan yechdilar va uning qulog’ini tillo halqasi bilan qo’shib kesib oldilar. Bu voqea payshaba kuni yettinchi zulqal’ada (13 noyabr, 1420) sodir bo’lgan edi. Juma kuni, oyning sakkizinchida (14 noyabr, 1420) Seydi Muhammad Kajujoniy va Tabrizning boshqa akobirlari amir Shoh Malikning navkari Poyandani hibsdan ozod qilib, uzrxohlik bildirdilar”. Endi, muhtaram o’quvchim, solishtiring: Amir Temur va Shoh Malik qayoqda-yu, Qaro Yusuf va uning yonidagi kechagi “sadoqatli” kimsalar qayoqda? Amir Shoh Malik ham Sohibqiron O’trorda vafot etganida uning huzurida edi, hukmdor jon taslim qilganda maliklar, shahzodalar bilan kengash qurgan ham u edi. Sohibqiron jasadini olis yo’ldan urintirmay olib kelgan kishilar guruhini har doim nazoratda tutgan u edi. Bularchi? Kuni kecha Qaro Yusuf desa yerga peshonasini turaydiganlar, uning jasadini sarishta qilish u yoqda tursin, ustidagi kiyimlari va qulog’ini halqasiga qo’shib kesib olib ketadilar. Ana hamiyat, ana qadriyat.

Amir Shoh Malik dong’i ketgan amir edi. U 1426 yilning 21 yanvari kuni vafot etadi va Mashhad shahrida dafn etiladi. Mashhadda uning mulklari, vaqflari, ekinzorlari bo’lgan. Chamasi, o’zining vasitatiga ko’ra, xoki shu joyga olib borilgan. “Matla” muallifi yozadi: “Hazrat xoqoni sa’id (Shohruh Mirzo) ham unga nisbatan shunday bir mehribonlik ko’rsatar ediki, hatto, Xorazm viloyatini unga darbasta (tamomila bog’liq qilish) suyurg’ol qilib tayinladi va u Xorazm mulkida osoyishta hayotni shu darajaga yetkazdiki, dunyo sarkashlari ham O’zbek viloyatlariyu Dashti Qipchoq mutakabbirlarini el qilib itoatga keltirdi. Hazrat xoqoni sa’id Saraxs viloyatida ekanligida marhum amirning haq rahmatiga yetishganligini xabarini eshitdi. Onhazrat uning dunyodan o’tganligiga ko’p qayg’urib, ma’yusu mahzun bo’ldi. Shoh Malikning xotini va o’g’li Ibrohim Sultonlar qora liboslar kiyib, hazrat Imomning qabri yoniga, Shoh Malikning o’zi qurdirgan maqbaraga dafn qildilar. Onhazrat amir Shoh Malikning suyurg’oli bo’lgan Xorazmni idora qilishni uning farzandi Ibrohim Sultonga inoyat qildi”.

Amir Shoh Malik, ma’lum bo’ladiki, Mashhadda, ulug’ imom Ali ibn Muso Rizo dahmasi yonida o’zi qurdirgan maqbaraga dafn etilgan. Amir Shoh Malikning xotini ismi sharifasi Xond Og’o bo’lganligi manbalarda zikr etiladi. O’g’li ismini esa “Matla”dagidan farqli o’laroq, Fasih Xavofiy to’liq keltirib, Nosiriddin Sulton Ibrohim deb ko’rsatadi.

Amir Shoh Malik Movarounnahrda ham qurilishlarga bosh-qosh bo’lgan. Bu haqda V.V.Bartold “Rashohot” asariga asoslanib, “Samarqanddagi madrasa qurilishida Ulug’bekning vasiyi amir Shoh Malik boshchilik qilgan”, deb yozadi.

Xorazmda amir Shoh Malik asos solgan sulola 1468 yilga qadar hukm suradi. Nosiriddin Ibrohim Sultondan Nur Saidbek dunyoga keladi. Nur Saidbek ham siyosiy hayotga erta aralashadi. Otasi va bobosi singari Shohruhiylar saroyida, shahzoda Muhammad Jo’giy xizmatida bo’ladi. Samarqand hukmdori Abu Said Mirzo tarafida turib, Xuroson hokimiyati uchun olib borilgan janglarda ishtirok etadi. Nur Saidbek Abu Said Mirzo Hirot taxtini egallaganidan keyin, otasi Amir Shoh Malik mansabiga – Xorazmni idora qilishga jo’natiladi. U bu joyda bir necha yil davomida yaxshi hokimlik qiladi. Nur Saidbeknng o’g’li Muhammad Solih shoir bo’lib yetishadi. Unng “Shayboniynoma” degan dostoni bor. Muhammad Solih ikki sulola – Temuriylar va Shayboniylar toju taxt uchun kurashni avj oldirgan mahalda yashab ijod qiladi. Uning otasi Nur Saidbek Xorazmda 1468 yilda Husayn Boyqaroning talon-tarojiga yo’l qo’yganligi, uni viloyatga kiritganligi uchun, hujumni qaytara olmagan hokim sifatida Abu Said Mirzo tomonidan Hitorga chaqirib olingan va gunohi bir sira kechirilgan. Abu Said Mirzo obro’dan tushgan Nur Saidbekka Marvda yashashga ijozat berdi. Biroq, oradan ko’p o’tmay u qatl etiladi. Yosh Muhammad Solihning ana shu vajhdan Temuriylarda o’chi bo’lgan. Qachonki, Temuriylarga qarshi g’anim sulola Shayboniylar kurash maydoniga chiqqach, Muhammad Solih ular tomoniga o’tadi va Muhammad Shayboniyning Movarounnahr va Xuroson uchun olib borgan kurashlarida qatnashadi. “Shayboniynoma” boshdan-oyoq Temuriylarni tanqid qilish, Shayboniylarni esa ulug’lashdan iborat mazmun-mohiyatga ega. Asarning qimmati – unda hokimiyat talashlari va uning jabrini el ko’rishi aks etganligida”, deyish o’rinli bo’ladi. Temuriylarning o’zaro qirpichoq bo’lganligi, avvalgi jipslik, qudrat boy berilganligi, oqibatda, ikkinchi turkiy sulola – Shayboniylar yurtni qonga botirib, elni talab, hokimiyatga kelganligi haqqoniy voqealar talqini orqali ochib beriladi. Bir so’z bilan aytganda, Amir Shoh Malikdek umri bo’yi Temuriylarga sadoqat bilan xizmat qilgan, buning orqasidan Xorazmshoh darajasiga ko’tarilgan ulug’ amir avlodidan uning e’tiqodlariga qarama-qarshi bo’lgan zurriyot yetishganligi juda ajablanarlidir. Buni davr taqozosi, sulolalar almashinuvi bilan izohlab bo’lmaydi. Buning birgina sharhi bor, u ham bo’lsa manfaat. Bu so’z birgina Muhammad Solihga taalluqli bo’lib qolmay, Abu Said Mirzoga ham to’lasincha tegishlidir. Abu Said Shohruh Mirzo xonadoniga nima ko’rgiliklar solmadi, deysiz. Yoshi saksonni qoralab qolgan Gavharshod Begimning burdalab o’ldirilishi oldida Nur Saidbekning qatli nima bo’libdi. Amir Shoh Malikning Sohibqiron davlati poydorligi uchun kurashlari Abu Said Mirzo uchun mutlaq ahamiyatsiz edi. Muhammad Solihdan o’pka-gina qilish pirovardida kechasi kunni unutishning oqibatlari bundan-da yomonroq bo’lishini tasavvur etishga to’g’ri keladi.

Muhammad Solih, “Ko’rmadim xayre Mirzolardin, tiladim royi donolardin”, deydi. Mirzolar – Temuriylar uning bobolarini unutib bo’lgan edi. Shohruh Mirzo olamdan qaytgandan so’ng, Sohibqiron safdoshlarini esga oladigan shahzodalar deyarli yo’q edi. Shohruh Mirzo vafot etganda uning bir o’g’li – Ulug’bek Mirzo hayot edi, xolos. Muhammad Solih aytayotgan, ko’zda tutayotgan “donolar” – Shayboniylar ham u o’ylagan hukmdorlar bo’lib chiqmaydi. “Xorliqlar” bilan o’sgan, “zorliqlar” bilan ozor ko’rib, voyaga yetgan Muhammad Solih Shayboniylar misolida o’z elini, xalqini talaydigan, kiradigan hukmdorlarni ko’radi. Maqtovlar, madhlar zamirida haqiqat manzaralari namoyon etiladi. Bu asar, ya’ni “Shayboniynoma” ikki jondosh-qondosh sulolaning Sohibqiron Amir Temur jahonshumul qilgan davlatni, ulug’ saltanatni qanday barbod qilganligini ro’yi-rost gavdalantirishi bilan katta tarixiy ahamiyatga egadir. Amir Shoh Malik qissasi ana shunday. Biz uning shaxsida sadoqatining mumtoz namoyishini ko’ramiz.

Leave a Reply