Amir Temur vasiyatlari

1404 yilning kuz kunlaridan birida Ko’ksaroyda o’tkazilgan harbiy kengashda Xitoyga yurishni kelgusi yil (1405 yil)ning bahorida boshlashga qaror qilindi. Kengashda har bir qo’shining yurish paytidagi o’rni aniqlanib, qishlaydigan joylari belgilandi. Amirzoda Xalil Sulton bilan Amirzoda Ahmad va barong’or (o’ng qanot) amirlari Xudoydod Husayniy, Shamsiddin Abbos va boshqalar Shohruhiya, Toshkent va Sayramda, Amirzoda Sulton Husayn javong’or (so’l qanot)ning bir qismi bilan Yassi (Turkiston) va Sabronda, Amir Temurning o’zi qo’shinning markaz qismi va nabiralari – Mirzo Ulug’bek, Ibrohim Sulton, Jahongir Mirzo va amirlardan Berdibek, Shohmalik, Shayx Nuriddin, Sor Bug’o va Xoja Yusuflar bilan Oqsulotda qishlaydigan bo’lishdi.

Nihoyat, yurishni boshlash fursati ham yetib keldi. Hijriy 807 yil jumodi ul-avval oyining 20-si payshanba kuni (miloduy 1404 yil 27 noyabr kuni) Amir Temurning xos munajjimi mavlono Badriddin Sohibqiron hazratlarining amri bilan fol ochib, safar vaqtini belgiladi. 1404 yil 28 noyabr kuni erta bilan Amir Temur 200 ming kishilik katta qo’shinni yetaklab Samarqanddan chiqdi va qishlov joyi etib belgilangan Oqsulotga qarab yo’l oldi va Qora buloq, Ilon o’ti va Tomliq orqali Oqsulotga kelib tushdi…

Amir Temur Oqsulotda 50 kun turdi. Mirzo Ulug’bek, Ibrohim Sulton va Jahongir Mirzo ham bobosi bilan shu yerda bo’lishdi…

Osmon hali Jadi burjidan og’magan, sovuq shiddati hali pasaymagan, qahraton qish va sovuq butun borliqni qaqshatib turardi. Deyali har kuni qor yog’ardi. Shunga qaramay, Amir Temur o’sha hijriy 807 yil jumodi ul-oxir oyining 21-kuni (milodiy 1404 yil 26 dekabr kuni) Oqsulotdan ko’chib, O’trorga qarab yo’l oldi. Oqsulotdan Uzun otaga, undan Sutkanga, u yerdan Qamarsho otaga bordi va nihoyat, Sulton shayx bilan Zarnuqni ham bosib o’tdi, Sayhun (Sirdaryo) sohiliga yetib oldi.

Oxirgi kunlar, o’chakishganday, qor tinim bilmay yog’ar, sovuq avvalgidan ham zo’rayib borar edi. Mol-holga ham, odamlarga ham qiyin bo’ldi o’sha kunlari. Ba’zi odamlarning qo’l-oyog’ini sovuq oldi. Daryo ham qattiq va qalin muzlagan edi. Oldinga yuborilgan qorovullar, ko’p taftishu tekshirishlardan keyin, muzning qalinligi ikki-uch gazga (taxminan 2 metrga) yetganligini aniqlab qaytdilar. Oliy o’rdu muz ustiga tashlangan namat va gilamlar ustidan o’tdilar. Daryoning o’ng sohilida Amir Temurni xotinlari, shahzodalar, katta amirlar va hazrat Sohibqironning navkarlarini O’tror hokimi amir Berdibek boshliq shahar boyonlari, Yassi (Turkiston) hokimi Arslonxo’ja tarxon va Turkistonning ko’zga ko’ringan ulamolari, mashoyixlar va zodagonlar kutib olishdi.

Amir Temur o’sha yili rajab oyining 12-kuni (milodiy 1405 yil 13 yanvar kuni) O’trorga yetib bordi va amir Berdibekning saroyiga kelib tushdi.

Hazrat Sohibqiron O’trorda bir oydan ko’proq vaqt turdi. G’ulda (markazda) turishi kerak bo’lgan qo’shinlar esa O’tror tevaragidagi qishloqlarga olib borib joylashtirildi.

O’sha kunlari Amir Temur qatti betob edi. Shunga qaramay, tez-tez Toshkent, Shohruhiya, Sayram va Turkistonga choparlar yuborib, u yerda turgan lashkarlarning umumiy ahvolidan xabar oldilar, amirlar, vazirlarini to’plab majlis va kengashlar o’tqazar, yaqin orada boshlanadigan katta harbiy yurish bilan bog’liq bo’lgan masalalarni qayta-qayta muhokamaga qo’yardi. Kengashlarda Chingiziy o’g’lonlar ham qatnashar edilar. Ularning orasida Jo’chixonning avlodi Tog’atemirxonning o’g’li Chehra o’g’lon, O’gaday qoonning avlodi Toyzi o’g’lonlar ham bor edilar. Ular ham o’z qo’shini bilan shu yurishda qatnashayotgan edilar…

Lekin bus afar buyuk jahongirning omadi kelmadi. Xitoyga yurish yarim yo’lga bormasdan to’xtatildi. Hijriy 807 yil sha’bon oyining 10-kuni (1495 yil 11 fevral kuni) hazrat Sohibqironning kasali birdan zo’rayib ketdi. O’sha zamonlarda yozilgan kitoblarda uning kasali haqida aniq bir ma’lumot uchratmadik. Amir Temurning Hindistonga qilgan harbiy yurishi (1398-199 yillar) tarixini yozib qoldirgan olim G’iyosiddin Ali Amir Temur Hindiston ustiga qilgan yurishi paytida og’rib qolganligi va uni qaytishda taxtiravonga solib olib kelganliklarini ma’lum qiladi. “Zafarnoma” asarining muallifi Sharafuddin Ali Yazdiy: “Hazrat Sohibqironni o’sha vaqtlarda ko’p kasalliklar chulg’ab olgan edi”, deb yozadi. Nima bo’lganda ham, bu galgi xastalik Amir Temur uchun oxirgi kasallik bo’ldi. Bunga oliy o’rdadagilarning ko’pchiligi ishonch hosil qilishgan edilar. Hoziki zamon (mashhur shifokor) mavlono Tabriziy podshohni muolaja qilishda ko’p tirishib harakat qildi, lekin foydasi bo’lmadi. Bemorning ahvoli kun sayin, soat sayin og’irlashib boraverdi. Lekin, hazrat Sohibqiron ham, hamma qatori, hayotdan umid qilardi. Chunki hali qiladigan yumushlari ko’p. Muhimi, oldinda Xitoy turibdi… Bir kuni u nonushtadan keyin o’rdadagi va yaqin o’rtadagi bor tabiblarni huzuriga chorladi. U aniq gapirolmasdi, ammo nursiz ko’zlarida “nima qilib bo’lsa ham meni kasallik balosidan xalos qilinglar”, degan yolvorish alomatlari yonib turardi. Lekin, ming afsuslar bo’lsinkim, eng hech kim, hech narsa yordam berolmasdi. Bora-bora Amir Temurning o’zi ham sog’ayib ketishiga unchalik ko’zi yetmay qoldi. Shipga termulib yotgan kezlari bir umr ot ustida o’ltirib, qilib chopib kechirgan hayoti ko’z o’ngidan bir-bir o’tdi. Movarounnahrdan mo’g’ullarni surib chiqargani, mahalliy hokimlar, boy-badavlat kishilarning boshboshdoqligini bartaraf qilib, el-ulusda tinchlik o’rnatgani va bu bilan kosibu dehqonning tinch mehnat qilishi va xotirjam yashashiga imkon yaratganligi, kasb-hunar va savdo-sotiqqa rivoj berganligi, shaharlar, muhtasham qasrlar, qal’alar, masjidu madrasalar va bog’u rog’lar barpo qilgani, nahrlar qazdirib, qaqrab yotgan yerlarga suv chiqarganini eslaganda ko’ngli bir qadar taskin topganday bo’lardi. El-yurtning tinchligi vas hon-shuhrati deb o’zga yurtlarda olib borgan qirg’inbarot urushlarni eslaganda esa a’zoyi badanini titroq bosib, sovuq terga botardi, qilgan ishidan bir qadar pushaymon bo’lardi, lekin tavba-tazarru’ qilmasdi. Nima, bunday ishni u bir o’zi qilganmi? Axir, mamlakatning tinchligi va xavfsizligi shunday qilishni talab qilgan-ku. Shu yerda uning esiga o’tgan yili Konigilda Xitoy elchisi aytgan bir gap eshiga tushdi. “Bojni bizdan berib yuborasizmi yoki o’zingiz olib borib berasizmi?” degan edi u bezbetlarcha. Temur javob qilgandi: “Siz ovora bo’lmang, o’zimiz olib boramiz!”

Hazrat Sohibqiron 15 fevral kuni katta xotinlari, shahzodalar, naqib, qozi va katta amirlari: Berdibek, Sor Bug’o, Shayx Nuriddin, Shohmalik va Xoja Yusuflarni huzuriga chaqirtirib, o’zining so’nggi hukmini e’lon qildi:

“Kunim bitganga o’xshaydur. Sizlarni Tangri taoloning lutfu marhamatiga topshirdim. Aslo obidiyda qilib (yig’i-zor qilib) o’ltirmanglar, undan ne foyda? E, attang! Tamom Eronu Turonni zabt etdim, bechoralarga ozor yetkizdim. Uning uchun Tangri taolo gunohimni kechirsin. Lekin uni el-yurt va raiyyat tinchligi va omonligi uchun deb qildim. Jahon xalqlari etagidan zolimlarning zo’ravonlik qo’lini yulib tashladim Lekin, aksiga olib, dun menga bevafolik qildi. U sizlarga ham vafo qilmaydi. Ammo, nima bo’lganda ham, el-yurt tinchligi va osoyishtaligi uchun deb qilingan ishlar qiyomat kuni kechirilgay.

Ulug’ farzandimiz Pirmuhammad Jahongirni valiahd (toj-taxt vorisi) etib tayinladik. Samarqand taxtini unga topshirdik. Endi barchangiz ul xumoyun tole’lik shahzodaga tobe’ va mute’ erursizlar. Unga tobe’lik va itoatkorlik halqasini bo’yinlaringizga osib, xizmatkorlik kamarini belga mahkam qilib bog’lashingiz zarur. Hamma vaqt, hamma yerda u bilan bir jonu bir tan bo’lingizlar”.

Shu gaplarni aytdi-yu, so’ng bir necha daqiqa o’zidan ketdi. So’ng yana o’ziga keldi va boshqa amirlar va vazirlarni ham chaqirtirdi, boshda aytgan gaplarini yana bir karra takrorladi, so’ng buyurdi:

“Mening vasiyatlarimga sodiqmiz”, deb qasam ichinglar!”.

Shundan keyin, amir Shayx Nuriddin bilan Shohmalik hazrat Sohibqironning atrofiga yig’ilganlarning hammasini tiz cho’ktirib, “Amirzoda Pirmuhammadga sodiqmiz”, deb qasamyod qildirdi.

Duo va fotihadan keyin yig’ilganlar o’rinlaridan qo’zg’aldilar va qo’llarini ko’ksiga qo’yib, orqasi bilan eshik tomon yurtdilar. Ostonaga yetganlarida Shayx Nuriddin bilan Shohmalik kelgan joylarida to’xtab qoldilar va orqaga burilib, bemorga nazar tashladilar. Ular xushsiz bo’lsa-da, ko’zlari ochiq edi. Unga ikki bukilib yana bir bor ta’zim qildilar. Amirlar bir-birlari bilan ko’z urishtirib oldilar-u, to’xtagan joylaridan jilolmay qoldilar. Ular vaziyatni angladilar. Amirlar hazrat Sohibqironning bizga biron maxsus ko’rsatmasi, biron gapi border, deb o’yladilar. Amir Temurning ko’ngliga esa, amirlarning boshqalardan yashirincha unga aytaturg’on muhim gapi border degan fikr kechdi. Hazrat Sohibqiron oyoq tarafida o’ltirgan Ulug’bekka imo-ishora bilan amirlarni qaytarib kelishni buyurdi. Lekin bola uqmadi. U xayolan nimalarnidir o’ylab o’ltirgan edi.

Ma’lumki, otasi ham, onasi ham unga zarur g’amxo’rlikni ko’rsatishmagan. U bir umr bobosi va katta onasi Bibixonimning qo’ltig’ida katta bo’ldi. Yirik davlat arboblari, olimlar va shoirlar bilan to’lib-toshgan saroy unga makon bo’ldi. U shu yerda hech narsadan kamchilik tortmay katta bo’ldi. Endi bo’lsa bu-hamma vaqt jiddiy, talabcha, shu bilan birga hammaning mushkulini oson qilgan bobosi og’ir ahvolda, chorasiz yotibdi. Og’ir dard bilan olishib yotibdi. U, xudo saqlasin, o’lib-netib qolsa, unda nima bo’ladi? U qanday kun kechiradi? Ulug’bekning xayolini asosan shu narsa olib ketgan edi. Uni Bibixonimning chaqirig’i xushiga keltirdi.

-Ulug’jon, darhol borib amir Shayx Nuriddin bilan Shohmalikni chaqirib keling.

Ulug’bek darrov o’ziga keldi va bobosining boshida o’ltirgan katta onasiga ikki bukilib ta’zim qildi, so’ng eshikka qarab chopdi. Amirlar tez orada qaytib keldilar va hazrat Sohibqironning imo-ishorati bilan uning oyoq tarafida tiz cho’kdilar. So’ng Temur kuchsiz, bo’g’iq ovoz bilan ularga murojaat qildi.

-Menga janoblarning ne gapi bor edi?

Shohmalik o’rnidan turdi va chuqur ta’zim qilib, Sohibqironga murojaat qildi:

-Oliy hazrat, Xalil Sulton bilan Sulton Husaynlarni chaqirtirsakmikin? Valiahd xususidagi gaplarni ular ham podshohi olamning muborak og’izlaridan eshitsalar durust bo’larmidi?

Hazrat Sohibqiron nimalarnidir pichirladi. Lekin faqat Bibixonim reining lab ishoralariga qarab, taxminan tushundi. Amir Temur boshini xiyol chayqadi va zo’r qiyinchilik bilan yana nimalarnidir pichirladi. Butun vujudi bilan quloqqa aylanib o’ltirgan xonim “Shoxrux” so’zini xiyol angladi va podshohning Shohruhni ko’rish niyati borligini uqli va bu fikrni amirlarga bildirdi.

Amir Temur ko’zlarini yana yumib oldi.

Ma’lumki, o’tgan yili yozda Konigilda bo’lib o’tgan to’yu tomoshalar arafasida Berdibek, Shayx Nuriddin va Shohmalik G’aznadan Amirzoda Pirmuhammad Jahongirni va Hirotdan Mirzo Shohruhni chaqirtirish haqida o’rtaga maslahat solganlarida, hazrat Sohibqiron Amirzoda Pirmuhammad Jahongirni chaqirtirishga rozilik berdi-yu, lekin Shohrux xususida, avval, bir nima demadi. Keyin o’ylab ko’rib, “Iroq bilan Ozarbayjonning tinchligi Shohruhning Xurosonda bo’lishligini taqozo etadur”, deb qo’ya qolgan edi.

16 fevral kuni ertalab Amir Temur tamom tildan qoldi. Nonushtadan keyin xonaga saroy imomi taklif qilindi. Fotiha va Qur’on tilovatidan keyin hamma imomga ergashib, hazrat Sohibqironni uzundan-uzoq duo qildi. O’sha kuni choshgohdan yarim kechagacha hazrat Sohibqiron behush yotdi. Lekin, ertasi kuni sahar payti u yana bir oz o’ziga keldi, ko’zlari yorishib, lablari qimirlab qoldi va nimalarnidir shivirlab ketdi. Tevarak-atrofida o’ltirganlar “mamlakat”, “raiyyat”, “g’ofil”, “shamshir”, “Eron”, “Turon”, “ixtilof” so’zlarini zo’rg’a uqdilar. Bibixonim hazrat Sohibqiron aytmoqchi bo’lgan gapini shu so’zlarga qarab tikladi:

“Mamlakat bilan raiyyatning rifohiyati (yuksalishi) xususida nima deyilgan bo’lsa yodda tutinglar, raiyyat ahvolidan g’ofil (bexabar) qolmangiz, Eron bilan Turonni ehtiyot qilinglar. Shamshirni mahkam tutinlar. Mabobo orangizda ixtilof (kelishmovchilik) chiqib qolguday bo’lsa oqibati yaxshi bo’lmaydi”, dedilar valine’matimiz”, – dedi Bibixonim ko’zlariga yosh olib. Shundan keyin, Amir Temur yana o’zidan ketdi va hijriy 807 yil sha’bon oyining 17-kuni (milodiy 1405 yil 18 fevral kuni) shom bilan xufton oralig’ida bu ulug’ inson olamdan ko’z yumdi. (Sharafuddin Ali Yazdiy. “Zafarnoma” kitobidan).

Leave a Reply