Amir ul-umaro
Amir ul-umaro (arabcha-amirlar amiri, oliy amir)-o’rta asrlarda Movarounnahrda keng tarqalgan eng yuqori harbiy unvonli amaldor. U oliy bosh qo’mondon hisoblanib, butun harbiy ishlar uning qo’lida bo’lgan. Bundan tashqari, Oltin O’rda va Chig’atoy ulusida hukumatning barcha bosh ijro idoralari (devonlar) ham Amir ul-umaro qo’lida edi. Lekin Amir Temur va temuriylar zamonida Amir ul-umaro faqat bosh qo’mondonlik, ko’p hollarda podshoh hudaychisi (ad’yutanti) vazifasini o’tagan. Davlat ijro idoralari esa vaziri a’zam qo’lida bo’lgan. Amir ul-umaro lavozimi Qo’qon xonligida amiri lashkar, beklarbegi, Turkiya va Ozarbayjonda XVII-XIX asrlarda beklarbegi deb atalgan.