AMIROBOD MADANIYATI
AMIROBOD MADANIYATI – qadimgi Xorazmning so’nggi jez davri madaniyati (miloddan avvalgi 9-8-asrlar). S. P. Tolstoy rahbarligidagi Xorazm arxeologiya-etnografiya ekspeditsiyasi Qoraqalpog’iston Respublikasidagi Amirobod kanali atrofidan topib tekshirgan (1937— 40). Amirobod madaniyati Suv yorgan madaniyati va Tozabog’yop madaniyati uyg’unlashuvi asosida shakllangan. Bu madaniyatni yaratgan xalqlar urug’jamoalariga birlashib, obikor dehqonchilik va chorvachilik bilan shug’ullangan. Qishda yog’och va qamishdan qurilib, usti loy bilan suvalgan kulba hamda yarim yerto’lalarda, yozda yengil bostirmalarda yashagan. Shunday kulba va yarim yerto’lalarning 15-20 tasi bitta qishloqni tashkil qilgan. Har bir turar joy sahni 75-110 kvadrat metr bo’lib, uning o’rtasidagi 3×1 metrli katta o’choqda doim olov yonib turgan. Taom tayyorlash uchun kichik o’choqlardan foydalanilgan. O’sha davr qoldiqlariga ko’ra, Amudaryo deltasi Aqchadaryo irmoqlaridan eni 10-15 metr, uzunligi 1-2 kilometr keladigan kanallar qazilgan. Amirobod madaniyatining noyob yodgorliklari Yakkaporson 2 va Qubod 2 yodgorliklaridan sirtiga turli shakllar chizilgan sopol idishlar, shuningdek marjon va chig’anoq shodalari, jezdan yasalgan taqinchoqlar, bigizlar, o’roq hamda o’q uchlari va ularning qoliplari topilgan. Jez ashyolarning ko’plab topilishi o’sha davrda metall quyish texnikasining rivojlanganligini, xalq xo’jaligidan tosh qurollarning mehnat qurollari sifatida siqib chiqarilganligini ko’rsatadi. Ad.: Tolstov S. P., Po drevnim deltam Oksa i Yaksarta, M., 1962; Yagodin V. N., Poselenie amirabadskoy kulturi Kavat 2, materiali Xorezmskoy ekspedisii, VIP. 6, M., 1963.