AMMONITLAR
AMMONITLAR (Ammonoidea) – bosh-oyoqli mollyuskalar turkumi. Devon davrida paydo bo’lib, trias hamda yura davrlarida keng tarqalgan. Bo’r davrining oxirida qirilib ketgan. Ammonitlar tanasi diametri 1 metrgacha bo’lgan yassi spiral ko’p kamerali chig’anoq ichiga joylashgan. Chig’anog’ining birinchi kamerasida hayvon tanasi joylashgan, boshqa kameralari havo bilan to’lgan bo’lib, yumshoq o’simta — ingichka naycha orqali tutashgan. Halok bo’lgan Ammonitlarning chig’anog’i vaqt o’tishi bilan cho’kindi jinslar bilan to’lib, toshga aylangan. Uning toshga aylangan shakli hozirgacha saqlanib qolgan. Ammonitlar, asosan, dengizda yashagan, shuning uchun ular qoldiqlari topilgan joy dengiz bo’lganidan darak beradi. Jumladan, O’zbekistonning Janubiy qismida o’rta va yuqori yura davrida katta dengiz havzasi bo’lgan. Ammonitlarni o’rganish geologiyada katta ahamiyatga ega. Ammonitlarning tarqalishiga qarab yerning ustki qobig’i yaruslarga bo’linadi va qatlamlarning yoshi aniqlanadi. Masalan, Janubiy O’zbekiston va Turkmanistonning geologik yoshi Ammonitlar yordamida aniqlangan.