AMR IBN LAYS AS-SAFFOR
AMR IBN LAYS AS-SAFFOR (? – 902) -safforiylar amiri (879-902). Manbalarning xabar berishicha, u yoshligida xachir yetaklovchi, so’ng toshtaroshlik bilan shug’ullangan. Keyinchalik akasi Ya’qub ibn Laysta qo’shilgan. Ya’qub vafot etgach (879 yil) qo’shin tomonidan sipohsolor deb tan olingan Amr ibn Lays xalifaga tobeligini bildirgan. Buning evaziga u Xuroson, Fors, Isfahon, Seyiston, Kermon va Sind viloyatlarini boshqarish huquqini olgan. Xurosonda hokimiyatni mustahkamlash uchun raqiblari Ahmad ibn Abdulloh al-Xujustoniy, Rofe ibn Xarsama va Husayn ibn Tohirlarga qarshi kurashgan; bu kurash jarayonida xalifa ikki marotaba (885 yil va 890 yil) Amr ibn Laysni mansabidan olinganligi haqida farmon chiqargan, birinchi galda hatto minbardan turib uni duoibad ham qilgan; nihoyat 892 yil xalifa uning noibligini tan olgan, biroq Amr ibn Lays o’zining so’nggi raqibi Rofe ibn Xarsama ustidan faqat 896 yilgina g’alaba qilgan. O’zidan avval o’tgan Xuroson noiblariga o’xshab u ham Movarounnahrga da’vogarlik qilgan. Xalifa 898 yil Fevralda Movarounnahr taxtidan Ismoil ibn Ahmadni tushirib o’rniga Amr ibn Lays o’tqazilgani haqida farmon chiqaradi. Biroq Ismoil raqibidan ildamroq harakat qilib 899 yil Amr ibn Laysning sarkardasi Muhammad ibn Bashar qo’mondonligidagi qo’shinni yengib, 900 yil Balx yaqinida Amr ibn Laysni asir olgan va uni Bag’dodga jo’natgan. Xalifa al-Mu’tadid 902 yil Amr ibn Laysni qatl ettirgan. Manbalarda yozilishicha, Amr ibn Lays davlat va qo’shinni qattiqqo’llik bilan boshqargan. Poytaxti Nishopur va vatani Seyistonda ko’plab jamoat binolari qurdirgan.