AMRI MA’RUF

AMRI MA’RUF (Arabcha; to’liq shakli “amri Ma’ruf, nahiy munkar” — “yaxshilikka buyurish, yomonlikdan qaytarish”) — Islom dinidagi marosim. Musulmonlar bir-birlarini haq yo’lga, yaxshilik va go’zal axloqqa chaqirishi Alloh tarafidan farz qilingan. Chunki, do’stona, beg’araz nasihat, xususan amalda o’zi o’rnak bo’lgan holda boshqalarni tarbiyalash juda katta ta’sirga ega. Kishi o’z oilasini, farzandlarini diniy e’tiqod, halollik va pok axloqda tarbiyalashi ham Amri ma’ruf sifatida farzi Ayn hisoblanadi. Alloh musulmonlar bir-birlarini to’g’ri yo’lga da’vat etib, insoniylikka nomunosib, nojo’ya ishlardan qaytarishlarini (nahiy munkar) zaruriy farzlardan qilgan. Hadislarning birida “Agar sizlar bir-biringizni yaxshilikka buyurib, yomonliklardan qaytarib turishlik vazifasini tark etadigan bo’lsangiz, Alloh taolo sizlarga shunday balo va ofatlarni yuboradi-ki, bu hamma uchun fojia bo’ladi”, deb rivoyat qilinadi.