AMYOBIAZ
AMYOBIAZ, amyoba dizenteriyasi — yo’g’on ichakning yarali yallig’lanishi bilan kechadigan protozoy kasallik, ichburug’ning bir turi. Dizenteriya amyobasi qo’zg’atadi. Kasallikda bemorning tinkasi qurib, ishtahasi yo’qoladi, qorni og’rib, ichi ketadi (bir kecha-kunduzda 5-20 va undan ko’p), suyuq najasda shilliq moddalar va qon bo’ladi. Ba’zan harorat ko’tariladi (39-40°), zaharlanish alomatlari (ko’ngil aynishi, qusish), jigar va boshqa a’zolarda abssess ro’y beradi. Davo choralari ko’rilmasa yoki bilar-bilmas davo qilinsa, kasallik surunkali shaklga o’tadi. Amyobiaz bilan og’rigan bemor kasalxonada davolanadi. Me’da-ichak faoliyati buzilganda darhol vrachga murojaat etish lozim.